Tarixiy voqea
Yurtimizning barcha bolalari yozgi ta’til kunlarini maroq bilan o‘tkazayotgan bir paytda Toshkentdagi katta Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda mamlakatimizning turli viloyat kengashlaridan saylangan delegatlar ishtirok etishdi. Shuningdek, unga Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari hamda ko‘plab jurnalistlar taklif etildi.
Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Shu kuni Prezidentimiz yoshlar bilan dildan suhbatlashdi, ularning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Eng muhimi, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo‘la oladigan mutlaqo yangi tashkilot – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuzildi. Bu tashkilotning markaziy kengashi raisi etib ko‘p yillar davomida yoshlar bilan ishlab kelgan, yoshlarning hayoti va faoliyati, ularning qiziqish va intilishlarini yaxshi biladigan rahbar – Qahramon Quronboyev saylandi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun – 30-iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi.
Qadrli jurnalxonlar, televizor orqali Prezidentimizning Qurultoydagi nutqini tinglar ekanman, quyidagi fikrlarni sizlarga yana bir bor ta’kidlashni zarur deb o‘yladim.”... Hozirgi kunda mamlakatimizda kitobxonlik saviyasini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani sizlarga ma’lum. Lekin, ko‘plab bolalarimiz kitobdan uzoqlashib, ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani – bu ham bor gap. Albatta, biz Internet va boshqa zamonaviy axborot manbalarining o‘rni va ahamiyatini inkor etmaymiz. Bugungi hayotimizni Internetsiz tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Shuni hisobga olgan holda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishi zarur. Nega deganda, biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz.
Aholimiz, eng avvalo, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik saviyasini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkazish, yakuniy bosqich g‘oliblarini taqdirlash uchun qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mukofot tariqasida berish, o‘ylaymanki, bu juda katta rag‘bat bo‘ladi...
Albatta, faqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan siz, aziz yoshlarimiz maydonga dadil chiqib, bugungi kunda hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni hal etishga qodirsiz. Mana shunday ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tom ma’noda mamlakatimizdagi barcha yoshlarning tayanchi va suyanchiga aylantirish yo‘lida sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, baxt va omad yor bo‘lishini tilab qolaman”.
Televizor orqali delegat yoshlarning ochiq va samimiy chehrasi, qat’iy va shijoatli nigohlarini ko‘rib, ularga juda havasim keldi. O‘ylaymanki, navbatdagi qurultoygacha sizning ham orangizdan ana shu yoshlardek katta anjumanlarda ishtirok etish sharafiga munosib yigit va qizlar ulg‘ayadi. Biz bunga ishonamiz!
Bosh muharrir