Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mo‘jizalar olami

Har yili 1-iyunda dunyo bo‘yicha “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” keng nishonlanib kelinadi. Bu kunga sizlarga kutilmagan sovg‘a tayyorlash uchun O‘zbekiston davlat Qo‘g‘irchoq teatri, O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri, O‘zbekiston davlat yoshlar teatri (rus tilida) o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rishadi. Chunki bu dargohlardagi ijodkorlar sizlarning ma’naviy kamol topishingiz, Vatanga sadoqat, ezgulik va yovuzlikni, yaxshilik va yomonlikni ajrata olishingiz, umuman, barcha insonparvarlik tuyg‘ularini his qilgan holda o‘sib-ulg‘ayishingiz yo‘lida xizmat qilib kelmoqdalar.

Bu yilgi bayram kuni poytaxtimizdagi “Samarqand darvoza” savdo majmuasiga bordim. Binoning ikkinchi qavatida yurganimda ipli qo‘g‘irchoqlarni chaqqonlik bilan o‘ynatayotgan ikki qizga va burniga qizil rangli yumaloq koptokcha yopishtirilgan, yuziga har xil bo‘yoqlar chaplangan masxarabozga ko‘zim tushdi. Ular atrofini bolajonlar o‘rab olishibdi. Bilsam, ular Toshkent shahar bolalar marionetka teatri aktyorlari bo‘lib, bolajonlarni binoning to‘rtinchi qavatidagi teatr studiyasiga taklif qilishayotgan ekan. Qiziqib ularning ortidan to‘rtinchi qavatga ko‘tarildim.

Marionetka teatr studiyasi (Theatre studio silk route Marionettes) 2013-yil tashkil etilib, 2014-yil 1-aprel kuni “Olovuddin va uning sehrli chirog‘i” nomli ilk spektakli bilan faoliyatini boshlagan. Allaqachon bolalarning sevimli maskaniga aylanib ulgurgan Nigora Qurbonova boshchilik qilayotgan teatr studiyasi Markaziy Osiyo davlatlari ichida yagona ekan. Jamoani O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Qo‘g‘irchoq teatri aktyorligi san’ati mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan yoshlar tashkil qiladi. Nega marionetka teatri, deb ajablangandirsiz. Bunday deyilishiga sabab u boshqa teatrlardan farqli ravishda, spektakllardagi qo‘g‘irchoqlar ip bilan harakatlantiriladi. Eng muhimi, yog‘och qo‘g‘irchoqlar va sahna uchun dekoratsiyalarni teatr aktyorlarining o‘zlari yaratar ekan. Chevar aktyor qizlar esa ularga liboslar atikar va har bir qo‘g‘irchoqning boshini maxsus qoliplarda yasab qiyofa berishar ekan.

– Teatrimiz ijtimoiy loyiha asosida bolajonlarga xizmat qilmoqda, – deydi teatr studiya rahbari Nigora opa. – Biz Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari va imkoniyati cheklangan bolalarga bepul xizmat ko‘rsatamiz. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi 52-maktabda tomosha ko‘rsatib keldik. “Bir kuni Afandi”, “G‘aroyib mashshoqlar”, “Bo‘g‘irsoqning sarguzashtlari”, “Zumrad shahar” kabi ajoyib tomoshalarimiz o‘zbek va rus tillarida ijro etiladi.

O‘zbekiston davlat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi ham kichkintoylarni juda yaxshi ko‘radi. Uning sahnasida namoyish etilayotgan “Navro‘z va Bahoroy”, “Miyov degan kim?”, “Fotimaning sarguzashtlari”, “Semurg‘”, “Cho‘p qo‘g‘irchoq”, “Qor malikasi” va yana ko‘plab ertaklarni jajji tomoshabinlar miriqib ko‘rishadi. Bu yerda oddiygina mitti qo‘g‘irchoqlarni ham, bo‘yi naq odam baravar keladigan polvon qo‘g‘irchoqlarni ham uchratish mumkin. Bu qo‘g‘irchoqlar tajribali va mahoratli aktyorlar yordamida sahnada shunday yashaydiki, tomoshani ko‘rgach siz ham ular bilan yashaysiz. Teatr jamoasi shu yili 25–29-may kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan “Tak-take” II xalqaro festivalida “Milliy bayramning yorqin talqini va tomoshabinlar e’tirofi” nomli sovrinni qo‘lga kiritdi. Unda “Navro‘z va Bahoroy” spektakli bilan ishtirok etib, “Eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasiga ham sazovor bo‘lishdi.

Bu san’at dargohlari ukalaringiz uchun xizmat qilsa, O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri sizga – o‘smirlarga xizmat qiladi. Teatr jamoasi Toshkent shahar onkologiya dispanserini o‘z otalig‘iga olgan. Yurtimizda nishonlanuvchi har qanday bayram munosabati bilan bu yerda davolanuvchi bolalar uchun muntazam ravishda xayriya tomoshalarini tashkil etishadi. Tomosha so‘ngida ularga ajoyib sovg‘alar ham ulashishadi. Teatr repertuarini o‘zbek va jahon bolalar adabiyotining sara asarlari va ertaklari asosida sahnalashtirilgan spektakllar tashkil qiladi.

Bolalar uchun nafaqat teatr san’ati, balki kino, ekran san’ati ham faoliyat olib boradi. “O‘zbekkino” milliy agentligi qoshidagi Yoshlar tajriba ijodiy “5-studiyasi” bu borada ancha ishlarni amalga oshirib qo‘ygan. Studiyada “Qor qo‘ynida lola”, “Yodgor” singari filmlar suratga olingan. Kino san’ati olamiga ilk qadam qo‘ygan yosh rejissorlar dastlabki ijodiy ishini shu yerda boshlaydi. Bu dargoh xalqimiz ardog‘idagi kinorejissorlar Zulfiqor Musoqov, Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiyev, Melis Abzalovlarga ham o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘lgan. Hozirda studiyada “Zumrasha” bolalar hajviy kinojurnalini doimiy ekranlashtirish ishlari qizg‘in kechmoqda. Yaqin kunlardan bu studiya bolalar uchun maxsus o‘zbek xalq ertaklari va xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari asosida badiiy film hamda multfilmlar suratga olishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Yana bir jihat, “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan doim turli kinofestivallar tashkil etib kelinadi. Jumladan, agentlik Gyote instituti Toshkent filiali va Germaniyaning “Shlingel” (Schlingel) xalqaro kinofestivali direksiyasi bilan hamkorlikda 3–7-may kunlari bolalar va yoshlar uchun “Shum bola” IV o‘zbek va nemis kinolari festivalini o‘tkazdi. Unda “Zumrasha” kinojurnalining rus tilidagi namoyishi yuqori baholandi.

Xullas, biz yuqorida aytib o‘tgan barcha san’at koshonalari bolalar uchun mo‘jiza yaratadi. Shunday ekan, bu – mo‘jiza maskanlarida siz mo‘jizasevar bolalar bilan tez-tez uchrashishimizga ishonamiz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.