Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men uddalay olaman

Bo‘shashgan, tortinchoq, doim ikkilanadigan... Bu iboralarning qaysidir jihatlari sizga tanish tuyulib ketdi, to‘g‘rimi? Darsda doskaga chiqish uchun o‘qituvchi familiyasini o‘qishi bilan bilgan barcha narsalari bir lahzada yodidan ko‘tarilib ketadigan o‘quvchilar ham bor, sinfingizda. Uyatchan, jur’atsiz bolalarni tengdoshlari qo‘rqoq deb hisoblashadi. Aslida ham shundaymikin? Mashhur fizik olim Eynshteyn bolaligida juda tortinchoq bo‘lib, hatto “2” baholar olar, ustozlari undan ko‘p narsa kutishmagan ekan. Demak, har kimning o‘ziga xos qobiliyati, qirralari bor. Muhimi, Eynshteyn xatolarini o‘z vaqtida tuzatib, ishonch bilan yutuqlar sari harakat qilgan va olamshumul kashfiyotlarga asos solgan. Bugun siz bilan “Psixologiya bekati”da bir muddat to‘xtab xarakter-xususiyatlarimiz haqida yaxshiroq bilib olamiz.

Misol uchun sinfdoshingiz Kamolni olaylik. Uy ishlarini o‘z vaqtida bajaradi. Yozma ishlardan doim “5” baho oladi. Ammo darsda qo‘l ko‘tarib javob berishga uyaladi. O‘tilgan mavzu yuzasidan savol bersam, sinfdoshlarim ustimdan kuladi, deb cho‘chiydi. Chunki sinfdagi ayrim qitmir bolalar “indamas Kamol tilga kirdi” deb masxara qilishadi. Ammo psixolog Maqsuda opa Ikromova unga ko‘rsatma berdi. Birinchi, ikkinchi marta savol berganda unga xalaqit berishadi. Uchinchi safar Kamoldagi qat’iyatni ko‘rishgach, kulish befoyda ekanini tushunishadi va buni oddiy holat sifatida qabul qilishadi. Istihola qilib o‘qituvchiga berilmay qolgan savol ertaga oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonida tushib qolsa-chi?! Oddiy maynavozchilikdan cho‘chib kelajagimiz uchun zarar qilganimiz qoladi. Keling, yaxshisi Maqsuda opaning tavsiyalari asosida sizga qiziq ma’lumotlar berishga harakat qilaman.

Psixologiyada introvert va ekstravert xarakter turlari bor. Agar siz bir ishni boshlashdan oldin obdon o‘ylasangiz, do‘stlaringiz ikki-uchtadan ko‘p bo‘lmasa, davralarda so‘zlashdan qochsangiz, og‘zaki nutqdan ko‘ra yozma nutqingiz yaxshiroq rivojlangan bo‘lsa, demak, siz introvertsiz.

Ekstrovertlarning esa do‘stlari ko‘p, ko‘cha-ko‘yda begonalar bilan ham tez til topishib ketishadi, muloqot qilishni, tadbirlar uyushtirishni, mehmonga borishni xush ko‘rishadi. Fikrlarini yozma ifodalash ular uchun zerikarli.

O‘ziga ishonmaydigan, tortinchoq bolalarda qat’iyatni shakllantirish uchun psixologiyada bir nechta terapeyalar, ya’ni davolash usullari bor.

Musiqaterapeya – quvnoq, raqsbop, kayfiyatni ko‘taruvchi musiqalar orqali ruhiyatni tetiklashtirish. Sho‘x musiqa tinglaganingizda qalbingizda ijobiy tuyg‘ular paydo bo‘ladi, ishga ishtiyoq uyg‘onadi.

Ertakterapeya – ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi, qahramonlikka undovchi ertaklar to‘siqlarni qo‘rqmasdan yengib o‘tishga chorlaydi. Siz boshlang‘ich sinflarda ertak mutolaa qilgan bo‘lsangiz endi ustozingiz ko‘rsatmasi bilan yoshingizga mos badiiy asarlarni o‘qishingiz mumkin.

Agar o‘zingizni melanxolik – ya’ni arzimagan ko‘ngilsizlikni katta muammo sifatida qabul qiladigan, do‘stlarning hazilini izza bo‘lish, haqorat, kamsitish darajasida baholaydigan, ko‘pchilikka qo‘shilishga qiynaladigan, tug‘ilgan kunlarda tabrik uchun so‘z berilganda qizarib ketadigan xarakter egasi, deb hisoblasangiz, bugundan boshlab o‘zgarishingizga to‘g‘ri keladi. O‘z “men”ingizni himoya qiling. Oldingizga aniq maqsad qo‘ying: “Ertaga men adabiyot darsidan she’rni yaxshilab yod olaman va birinchilar qatorida doskaga chiqib aytib beraman”. “Keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab rus tilidan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga boraman va bir yil ichida tilni to‘liq o‘zlashtiraman”... Qat’iy maqsad “men”ingizni ulg‘aytiradi, natijalaringiz esa do‘stlaringiz oldida hurmatingizni oshiradi. “Bu qo‘limdan kelmaydi, eplolmayman, uyalib qolaman”, degan fikr irodasizlik belgisi. Hech kim birovdan ortiq yoki kam qilib yaratilmagan. Har kimning o‘ziga yarasha iqtidori bo‘ladi. Qobiliyatsiz odamning o‘zi yo‘q. Faqat urinib ko‘rishdan qochmaslik kerak.

Aytishlaricha, Amir Temurga bolalik paytida o‘zi kuzatgan bir voqea katta o‘rnak bo‘lgan ekan. Chumoli o‘zidan uch barobar katta donni orqalab ketayotib yo‘lda to‘siqqa duch kelibdi. Ilk urinishda ortga dumalab tushibdi. Chumoli hech ikkilanmay yana donni ortmoqlab oldinga intilibdi. Bu safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchrabdi. Uchinchi, to‘rtinchi marta ham harakatlari zoye ketibdi. Va nihoyat, to‘qqizinchi marta donni orqalab to‘siqdan oshib o‘tibdi. Shunda Amir Temur “Bir chumoliki, maqsadga yetish uchun to‘qqiz marta urinib ko‘rishga kuch topganda nega biz ilk mag‘lubiyatdanoq taslim bo‘lishimiz kerak”, deb xulosa qilgan ekan!

Hamisha ijobiy o‘ylashga harakat qiling. Kattalarning nazorat qilishini, cheklovlarini “meni tushunmaydi”, “bosim o‘tkazyapti” deb emas, kelajakda yaxshi inson bo‘lib yetishishim uchun talabchanlik qilyapti, jon kuydiryapti, deb qabul qilishni o‘rganing. Chunki ota-onangiz sizga faqat yaxshi bo‘lishi uchun kuyib-pishyapti.

Himoyalanish hissi o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Qiyin vaziyatlarda ota-onangizdan yordam kelishini bilsangiz, ular yoningizda siz bilan baravar kurashayotganini his qilsangiz, xotirjamlik va ichki kuch hosil bo‘ladi.

O‘ziga ishonch tuyg‘usi bu havolanish, manmansirash, boshqalardan o‘zini ustun qo‘yish degani emas. Aksincha, hurmatga loyiq bo‘lish, oilada ham, sinfdoshlar orasida ham munosib o‘rin egallash degani. Misol uchun ba’zi qizlar sabzi to‘g‘rashni, tugma qadashni bilmaydi. Mix qoqishni, tesha chopishni bilmaydigan bolalar ham talaygina. Kichikligidan chuchvara tugishda oyisiga qarashgan qiz ertaga singlisiga o‘rgatadi, demak, singil opasini ishchanligi, bilimdonligi sabab hurmat qiladi.

Tashabbus hamisha, hamma tomonidan yaxshi qabul qilinadigan maqtovga loyiq xislat. O‘tilgan mavzu yuzasidan sinfda kichik tadbir o‘tkazishni tashkillashtiring. Yoki ukalaringiz bilan hovlida hashar uyushtiring. Ishonavering, o‘qituvchingiz ham, ota-onangiz ham qilgan ishingizdan cheksiz quvonishadi.

O‘ziga ishonmaydigan bolalargina o‘zlarini boshqalar bilan taqqoslashadi. “U mendan ko‘ra yaxshiroq o‘qiydi”, “uning ko‘ylagi menikidan chiroyli”, “u ko‘proq narsa biladi” va hokazo. Mayli, do‘stingizning ustun jihatlari ko‘pdir. Lekin siz ham mazali salat tayyorlashni yoki buzilgan soatni tuzatishni bilarsiz. She’r yozishga yoki musiqa asbobi chalishga qobiliyatingiz bordir. Siz o‘z yo‘lingizdan yuring. G‘alaba orzudan boshlanishini yodda tuting. Zimmangizga yuklangan vazifani albatta uddalaysiz. Bu qo‘lingizdan keladi.

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.