“Musavvir” bagʻrida
Urganch shahridagi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Xorazm viloyat ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati qoshida faoliyat yuritayotgan “Musavvir” oromgohi voha yoshlarining sevimli goʻshasiga aylangan.
Ushbu hududga qadam bosar ekansiz, oromgohdagi saranjom-sarishtalik va ozodalikdan kayfiyatingiz koʻtariladi. Soya-salqin bogʻ ichida miriqib, oʻynayotgan bolalarning quvonchi qalbingizga koʻchadi.
Dam olish maskanidagi bolalarning taʼtilni maroqli va mazmunli oʻtkazishi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar muhayyo etilgan. Keng va yorugʻ kutubxona, shinam yotoqxona, oshxona hamda yuvinish xonalari bolalar ixtiyorida. Tibbiyot xodimlari esa bolajonlarning sogʻligʻini muntazam nazorat qilib turibdi.
Bu yerda tasviriy sanʼat, badiiy adabiyot, raqs, sport toʻgaraklari ishlab turibdi. “Quvnoq startlar” bellashuvi, shaxmat, shashka, stol tennisi va futbol musobaqalari yoshlarni jismonan sogʻlom ruhda voyaga yetishini taʼminlayotgan boʻlsa, “Mohir qoʻllar”, “Sehrli moʻyqalam”, “Yosh sanʼatkor” singari koʻrik-tanlovlar tarbiyalanuvchilarning kashtachilik, rasm chizish, ashula va raqs boʻyicha olgan bilim-malakalarini sinovdan oʻtkazish imkonini beryapti. Shuningdek, “Yosh kitobxon”lar bahsi, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” turkumidagi sahna koʻrinishlari va boshqa koʻngilochar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻgʻil-qizlarning tafakkurini yuksaltirishi barobarida, vaqtlarining mazmunli oʻtishiga xizmat qilayotir.
Bir soʻz bilan aytganda, “Musavvir” bagʻrida dam olayotgan bolajonlarning har bir kuni unutilmas lahzalarga boy kechmoqda.
Ikrom XUDOYBERGANOV