Yaqin kelajakni oʻylab
Assalomu alaykum, jurnalimizning aziz muxlislari. “Gulxan”ning yangi soni qoʻlingizga yetib bordimi? Demak, biz ijodkorlarning istagi amalga oshibdi. Ishonasizmi-yoʻqmi, jurnal jamoasining yagona orzusi – qiziqarli va mazmunli jurnal tayyorlab, sizga bekam-u koʻst qilib yetkazish. Jurnal atrofiga oʻqiydigan, fikrlaydigan, yangilikka intiluvchan, izlanuvchan oʻquvchilarni yana-da koʻproq jamlash. Ularning fikr-mulohazalarini, erishgan yutuqlari, qoʻlga kiritgan natijalari, yaratgan ixtirolarini, ijodiy ishlarini sahifalarimizda yoritib, isteʼdodlarni ragʻbatlantirish, xalqimizga, jurnal oʻquvchilariga ibrat qilib koʻrsatish. Shu tarzda Oʻzbekistonning barcha bolalarini ularga ergashtirish.
Mana, toʻrt yildan beri mamlakatimizda katta bunyodkorlik ishlari, har sohada shiddatli oʻzgarishlar amalga oshmoqda. Bular haqida har kuni ijtimoiy tarmoqlar, televizor orqali tanishib bormoqdasiz. Bilasizmi, allomalarimizdan biri “Odam oʻzgarmaguncha, olam oʻzgarmaydi”, degan ekan. Atrofimizda, hayotimizda shunday ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilyaptimi, demak, odamlar ongida, barchamizning fikr-u oʻyimizda ham yangicha qarashlar, yangi mulohazalarga yuz tutganimiz rost ekan.
Maʼlumki, shu kunlarda Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik toʻyiga katta tayyorgarlik ketyapti. Eng ulugʻ, eng aziz bayramimizni munosib kutib olish uchun butun mamlakatimiz boʻylab bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari qizgʻin tus olgan. Shu oʻrinda Prezidentimiz yurtimiz boʻylab 6 millionga yaqin gʻayratli, intiluvchan oʻgʻil-qizlar ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtgan yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasidan ayrim lavhalarni keltirib oʻtmoqchimiz. “Bizning tomirlarimizda ulugʻ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari boʻlish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir... Endigi muhim vazifamiz farzandlarimiz orasidan yangi avlod Beruniylarini, ibn Sino va Ulugʻbeklarini, Xorazmiy va Fargʻoniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat.
...Maktablarning 10–11 sinf oʻquvchilarini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb va hunarlarga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
...Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida boʻladi... Oʻylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj boʻlmaydi, buzgʻunchi gʻoyalarga berilmaydi, hayotda albatta oʻz yoʻlini topadi.
...Aziz yoshlar! Men har gal sizlar bilan uchrashganimda “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” – degan soʻzlarni takrorlashdan aslo charchamayman. Oʻzingiz koʻryapsiz, dunyoda oʻqigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, yosh avlodini ayni shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekiston yoshlari ham ana shunday yuksak darajalarga koʻtarilishi uchun biz albatta, barcha imkoniyaitlarni ishga solamiz.
...Maktablarda oʻquvchilarni kompyuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar qilib tayyorlashimiz zarur. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar umumtaʼlim maktablarini yuqori tezlikdagi internetga ulash ishlari yakunlanadi. Respublikamiz boʻyicha qoʻshimcha mingta kompyuter sinflari tashkil etiladi. Maktablarda axborot texnologiyalari darslari zamonaviy “Kembrij” dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi va oʻqituvchilar ham ushbu dasturlar asosida qayta tayyorlanadi.
...Aziz farzandlarim! Meni doimo oʻylantiradigan, tashvishga soladigan yana bir dolzarb masala bu – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir soʻz bilan aytganda, tarbiyasi bilan bogʻliq. Biz bu yoʻnalishda katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ammo ularning samaradorligini yanada kuchaytirish uchun quyidagi masalalarga jiddiy eʼtibor berishimiz zarur. Birinchidan, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi. Farzandlarimizga moʻljallangan badiiy adabiyotlarni koʻpaytirish va ularning mualliflarini ragʻbatlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.
...Uyushmagan yoshlarning muammolarini oʻrganib, hal qilish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sportga jalb etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishimiz zarur. Shu maqsadda Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan oʻgʻloni” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish haqidagi tashabbusni qoʻllab – quvvatlayman. Harakatning har bir maktabda tuziladigan otryadlari 200 mingdan ortiq oʻquvchilarni qamrab olib, ularni tarbiyalashda asosiy kuchga aylanishi kerak.
...Madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim sohasida oʻz iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar uchun zarur sharoitlarni yaratish hududlar hamda vazirlik va idoralar rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri boʻlishi shart.
Asrlar davomida buyuk ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan maʼnaviy xazinani koʻz qorachigʻidek asrash va uni yanada boyitish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish – barchamizning burchimizdir. Doʻppi, chopon, atlas, adras, soʻzana, kashta dutor, gʻijjak, tanbur, doʻmbira, chanqovuz kabi milliy hunarmandchilik namunalari va cholgʻu asboblarini yoshlar oʻrtasida ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.
...Katta mamnuniyat bilan aytish kerakki, 100 nafardan ortiq yoshlarimiz Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiada va Paralimpiya musobaqalarida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi...”
Ha, Prezidentimiz oʻz maʼruzasida yana koʻplab dolzarb boʻlib turgan masalalarga toʻxtalib, ularning xaritasi va yechimini ham aniq belgilab berdilar. Bu maʼruzaning tag-zamirida siz yoshlarning bilim va iqtidoringizni rivojlantirish, sizlarni dunyo yoshlari darajasida koʻrish va Vatanimiz taraqqiyoti uchun, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yoshlar bilan birga harakat qilishni, sizni oʻz yonlarida koʻrishni istayotganliklarini aytib oʻtdilar.
Oʻylaymizki, mamlakatimiz rahbarining kuyunchaklik bilan, yaqin kelajakni oʻylab, yurt taraqqiyoti, Vatan ravnaqi haqida qaygʻurib aytgan soʻzlari Oʻzbekiston yoshlarining yuragidan joy oldi. Buning samarasi yaqin kunlarda oʻz boʻy-bastini koʻrsatishiga ishonamiz.