Qambar Ota
Qambar Ota (Oʻtayev) 1941-yil 12-yanvarda Kattaqoʻrgʻon shahrida tavallud topdi. Samarqand davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetida (1962–1967) tahsil oldi. Mehnat faoliyatini 1967-yilda “Samarqand universiteti” gazetasi muharriri sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand qishloq xoʻjalik kooperativ institutida ijtimoiy fanlar fakultetida rahbarlik qildi.
1976-yildan Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, “Oʻzbekiston agitatori” jurnalida, “Xalq soʻzi”, “Maʼrifat” gazetalari hamda Oʻzbekiston istiqbolini belgilash davlat qoʻmitasida turli lavozimlarda ishladi.
Shoirning “Ona Vatan” deb nomlangan ilk sheʼri 6-sinfda oʻqib yurgan paytida Kattaqoʻrgʻon tuman gazetasida bosildi. “Kitobcha va buzoqcha” nomli dastlabki toʻplami 1965-yilda chop etildi. Shundan soʻng bolalarga bagʻishlangan “Yoshlik sururi” (1972), “Chinor ansanbli” (1976), “Adashboy” (1975), “Bizning kosmos” (1976), “Tinim bilmas shamolvoy”, “Chavandoz orzusi” (1985), “Shirin soʻz” (1988), “Gʻildirak” (1989), “Tabiatga rahmat” (1991), “Sizday yashagim kelar” (1994), “Bolalarning koʻzlari” (1995), “Toshpolvon va ishpolvon haqida ertak”, “Guldasta” (2001), “Alifbe bayrami” (2003), “Quyosh bilan gaplashdim” (2005), “Kitobsevar Oftobim” (2006), “Tomda uxlagan bola” (2008), “Quyosh bola, oy bola” (2010), kattalar uchun “Vatan tuprogʻi” (1976), “Diydor” (1981), “Izlar” (1991), “Tinmay izlan, yuragim”, “Dil koʻrki” (2010) kabi koʻplab kitoblari nashr qilingan.
Tarjimon sifatida belorus, ukrain, latish, eston, rus, shuningdek, jahon bolalar shoirlari ijodidan saralab, oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayni chogʻda oʻzining ham koʻplab sheʼrlari rus, belorus, qozoq, qoraqalpoq, turkman, tojik, uygʻur tillariga tarjima qilindi.
Qambar Otaning ellikka yaqin sheʼri boshlangʻich sinf darsliklari, darsdan tashqari oʻqish kitoblari, maktab va bogʻchalar uchun metodik qoʻllanmalar, tabiat darsliklariga kiritilgan. Yuzdan ortiq sheʼrlari qoʻshiq boʻlgan.
Qambar Ota bolalar adabiyoti rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 1999-yilda “II darajali Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.