Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sport – muvaffaqiyatlar kaliti

2020–2021-oʻquv yilini juda katta shodiyona bilan boshlagan edik. Maktabimizda zamon talablari darajasida jihozlangan sport kompleksi ishga tushgandi. Oʻquv yilini ham xuddi ana shunday quvonch bilan yakunlayapmiz. Qoʻl toʻpi boʻyicha respublika chempioni, bitiruvchi sinf oʻquvchisi Sevinch Faxriddinova Jizzax Davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetiga imtiyozli qabul qilinishi haqidagi yoʻllanmaga ega boʻldi.

Demak, sportchi qiz muddatidan avval talaba boʻldi. Bu albatta maktabimiz oʻqituvchilarining, ayniqsa, sport ustaligiga nomzod Mahliyo Hasanova va murabbiy Hazrat Xudoynazarovlarning fidokorona mehnatlari samarasi.

Maktabda sport kompleksi ishga tushgach, oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida sportni rivojlantirish va uning ommaviyligini taʼminlashga boʻlgan eʼtibor yana-da kuchaytirildi. Sportning qoʻl toʻpi, boks, milliy kurash kabi oʻnga yaqin turlari boʻyicha toʻgarak va seksiyalar tashkil etildi. Yakunlanayotgan oʻquv yilida maktabimiz sportchilari qoʻl toʻpi va boks boʻyicha nafaqat viloyatda, balki respublikada ham faxrli oʻrinlarni zabt etishdi. Mahoratli sportchilarimiz – Charos Islomova, Muqaddas Danabayeva, Sevinch Oʻrolova, Narzulla Pardaboyev, Saidali Olimov respublika chempionatida yaxshi natijalarni qoʻlga kiritishdi. Charm qoʻlqop ustalari Ozod Inoyatullayev, Kamron Abdumannonov, Ulugʻbek Abdugʻafforovlar xalqaro turnir gʻolibi boʻlishdi. Maktabimiz sport ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgani va yuksak natijalarga erishilgani uchun Oʻzbekiston jismoniy tarbiya vazirligi hamda Oʻzbekiston sport federatsiyasining diplom va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Sogʻ tanda – sogʻlom aql, deganlaridek, sportni doʻst bilgan oʻquvchilarimiz bu oʻquv yilini yuqori koʻrsatkichlar bilan yakunlab, shahar va viloyatda birinchilikni egalladi.

Ishonamizki, yozgi taʼtilda ham bolalarimiz tajribali murabbiylari yoʻl-yoʻriqlari asosida sport bilan shugʻullanishda davom etib, mahoratlarini oshirib borishadi. Buning uchun sport zali va yozgi maydonchalar shay qilib qoʻyilgan.

 

Shoira BOYBEKOVA,

Jizzax shahridagi 13-maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.