Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toʻsiq bilmas orzular

Jasur bilan Sardor qalin doʻst. Ular har kuni birga maktabga borishadi, dars tayyorlashadi. Bir kuni Sardor doʻstidan:

– Katta boʻlsang kim boʻlmoqchisan?! – deb soʻradi. Jasur oʻylab ham oʻtirmay:

– Huquqshunos, – deb javob qildi ishonch bilan. Soʻng Sardorga qarab:

– Sen hoynahoy, duradgor boʻlsang kerak, toʻgʻrimi?! Chunki maktabdagi duradgorlik toʻgaragiga Nosir ikkingizdan boshqa hech kim bormaydi-da, – dedi biroz kinoyali jilmayib.

– Men kelajakda xalqaro toifadagi iqtisodchi boʻlishni orzu qilaman. Shuning uchun rus, ingliz, fransuz tillarini darsdan tashqari, mustaqil oʻrganishga harakat qilyapman. Agar har bir berilgan vazifani vaqtida bajarsam, keyingi mavzularni tushunishga aslo qiynalmayman, – dedi Sardor vazminlik bilan. – Duradgorlik toʻgaragiga qatnashimning sababi bor. Bir kuni eshigimiz tutqichi sinib qoldi. Oʻsha paytda dadam xizmat safarida edi. Oyim qoʻngʻiroq qilib, togʻamni chaqirdi. Togʻam tutqichni yangilar ekan, menga qarab:

– Bunday ishlarni har bir yigit bilishi kerak. Axir erkak kishi savlati bilan emas, mehnati bilan qadrli, – dedilar. Togʻamning gaplarini eshitib, juda uyaldim. “Axir astoydil harakat qilsam, shu ishni oʻzim ham uddalashim mumkin edi-ku”, – deb oʻyladim. Shu kundan beri uyimizda nimadir buzilsa, oʻzim tuzatishga harakat qilaman. Hatto, eskirgan chiroqlarni yangisiga almashtirishni ham oʻrganib oldim.

Sardorning gaplarini eshitgan Jasur biroz oʻylanib qoldi:

– Mana yozgi taʼtil ham boshlandi. Taʼtilda men ham sen bilan birga duradgorlik toʻgaragiga qatnayman. Togʻangni gaplari menga ham taʼsir qildi. Chindan ham oʻgʻil bolaning qoʻlida hunari boʻlishi kerak. Buvim ham tez-tez shunday deydilar, – dedi.

– Toʻgʻri aytasan, oʻrtoq. Axir maktablarda turli toʻgaraklar tashkil qilingan-ku. Yana bir yaxshi tomoni, toʻgaraklarning barchasi tekin. Yozgi taʼtilda esa toʻgaraklar soni koʻpayadi. Maktabdan qaytishda seni uyimizga olib boraman. Oʻzim yasagan turli-tuman yogʻoch qutilarni koʻrsataman. Hozir qutilarning ustiga naqsh solyapman. Loklangan qutilar tayyor boʻlgach, bemalol yaqinlarimizga sovgʻa qilishimiz mumkin, – dedi sevinib Sardor. – Hech esimdan chiqmaydi. Birinchi yasagan qutimni buvimga sovgʻa qilganimda meni uzoq duo qilgan edilar. Buvim oʻsha qutiga koʻzoynak va dori-darmonlarini solib qoʻyadilar. Har gal koʻrgani borganimda meni maqtaydilar. Men esa yaqinlarim uchun bundan-da chiroyli va bejirim sovgʻalar tayyorlashni niyat qilib qoʻyganman.

– Hunarmandlik toʻgaraklari maktabimizda bor boʻlsa... Birga qatnashsak tushunmaganlarimizni bir-birimizdan soʻrab olamiz, – deb ikki oʻrtoq shodon qoʻl tashlashdi.

– Nasib etsa, bugun olayotgan bilimimiz, oʻrganayotgan hunarimiz, orttirayotgan tajribamiz ertaga koʻnglimizdagi orzularimiz uchun mustahkam qanot boʻladi... dedi Sardor.

– Agar vaqtimizni behuda oʻtkazmay, koʻproq bilim egallasak, kerakli hunarlarni puxta oʻrgansak, chet tillarini mukammal oʻzlashtirsak, orzularimizga erishish oson boʻladi, – dedi Jasur ham quvonch bilan.

Ikki doʻst bir-birlarining yelkalariga qoʻllarini qoʻyishdi-da:

– Albatta, biz birgalikda, vatanimiz, ota-onamiz ishonchini oqlashga harakat qilamiz, – deyishdi ishonch bilan.

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.