Kitob meng anima berdi?
Men 1-sinfdan buyon badiiy asar oʻqishga qiziqaman. Shu choqqacha turli janrdagi 500 dan ortiq kitobni oʻqib chiqdim. Chinakam kitob ishqibozi sifatida uning inson hayotidagi oʻrni haqidagi fikrlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.
Siz ham “Kitob oʻqib nima foyda topasan?!”, “Kitob oʻqib olim boʻlarmiding?!”, “Kitob oʻqiguncha boshqa biror-bir foydali ish qilmaysanmi?!” kabi noxush savollarga duch kelgan boʻlsangiz kerak. Xoʻsh, aslini olganda kitob oʻqish nima oʻzi? Undan qanaqa foyda bor, maʼnaviymi yoki moddiymi? Keling, bu savollarga birgalashib javob topamiz.
Kitob oʻqish maʼnaviy olamni boyitadi, tun kabi zim-ziyo qalblarga oftob kabi nur sochadi, dunyoqarashni kengaytiradi, soʻz boyligini oshiradi, maʼlum sohadagi bilimlarni kengaytiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi, xotirani mustahkamlaydi, xullas, har tomonlama foyda keltiradi va kitobxonni tafakkur jihatidan boshqalardan bir necha pogʻona ustun qiladi.
Yurtimizda kitob oʻqiganlar nafaqat oʻzlari uchun maʼnaviy oziq va foyda oladilar, balki moddiy jihatdan ham ragʻbatlantiriladilar. Buni men oʻz hayotimda sinaganman. “Eng yaxshi kitobxon oʻquvchi”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlarda shahar bosqichida yuqori natijalarga erishib, kompyuter, printer, noutbuk, planshet bilan taqdirlanganman. Eng quvonarlisi, Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻlganlar “Spark” avtomobili bilan taqdirlanmoqda. Bunday tanlov, bunday imkoniyat dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham yoʻq.
Qadrli jurnalxon! Siz “Spark” avtomobilining sohibi boʻlishni, ota-onangizni xursand qilib, duolarini olishni, eng bilimdon bolaga aylanishni xohlaysizmi? Unda ikkilanmay “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchisiga aylaning. Shuni unutmangki, kitob har qanday moddiy boylikdan ustundir, kitobga oshno boʻlsangiz buni anglab yetasiz. Kitobga doʻst, oshno tutining, kam boʻlmaysiz!
Salohiddin QAHHOROV,
2018-yilgi “Yosh kitobxon” tanlovining
Respublika bosqichi sovrindori,
Toshkent shahar Uchtepa tumani
193-maktabning 9-V sinf oʻ quvchisi