Tanganing ikki tomoni
Bugun qarshimizdagi insonga “Hayotingizni nimasiz tasavvur qila olmaysiz?” degan savolni bersak, shubhasiz, 90 foiz holatda “Telefonsiz” degan javobni olamiz. Bir necha yil avval hayrat bilan qarshi olingan mobil telefon bugun oʻzining cheksiz imkoniyatlari bilan odamlarni yanada koʻproq oʻziga bogʻlab qoʻymoqda. Albatta, ogʻirimizni yengil, uzogʻimizni yaqin qiluvchi qoʻltelefonlarimizning boʻlgani yaxshi. Ammo, mana shu telefondagi ijtimoiy tarmoqlar tufayli keyingi paytda koʻplab norozilik, dilxiraliklar kelib chiqayotgani sir emas. “Tik-tok”, instagram” kabi tarmoqlarning bugun yoshlari tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani toʻgʻrisida ustozlarimiz, ota-onalarimiz, jon kuydirib gapirmoqda. Ayniqsa, “tik-tok” dagi yigit-qizlarning mentalitetimizga zid boʻlgan qiliqlar bilan oʻzlarini koʻz-koʻz qilishi qadrini bilgan har qanday kishining noroziligiga sabab boʻladi. Chunki bizning ota-onalarimiz bolalikdan kamsuqum, iboli, andishali boʻlib ulgʻayishgan va bizga ham ularni qadriyat sifatida uqtirishadi. Biroq, guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, kiyinayotgani, ovqatlanayotganini ham videoga olib, ijtimoiy sahifalarga joylayotgan ham bizning tengqurlarimiz. Har bir davr yoshlarining oʻz qiziqishlari, odatlari boʻladi. Texnika rivojlangan bir paytda biz – yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan xabardor boʻlishimiz tabiiy. Biroq bizga imkoniyat berildi, deb tarmoqlarda odobsizlikni targʻib qilsak, nafaqat oʻzimizni, balki ota-onamizni ham el orasida noqulay ahvolga solib qoʻymaymizmi?!
Qizining boʻy-bastini koʻz-koʻz qilayotgani yoki oʻgʻlini obunachilarning eʼtiborini tortaman deb oʻzgalarning qoʻltelefonini oʻgʻirlayotganini ijtimoiy tarmoqlarda koʻrgan ota-ona ranjimaydimi? Axir ota-onamiz bizni yaxshi niyatlar bilan, porloq kelajagimizdan umidvor boʻlib ulgʻaytirmoqda. Ota-ona oʻzi yeta olmagan orzu-maqsadlariga farzandi yetishini istab, ularga imkoniyat yaratib beradi. Biz esa ularni mana shu fidoyiliklariga oʻzboshimchalik bilan javob qaytarsak, bu ham yetmagandek butun ijtimoiy tarmoqlarda muhokama boʻlsak, qanday ahvolga tushishadi? Internetga rasmlarini, videolarini joylashtirayotgan yigit-qizlar avvalo, shu haqda oʻylab koʻrishsa, yaxshi boʻlardi...
Biroq bu ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning ongini buzadigan zararkunanda ekan-ku, degan xulosaga borishga shoshilmang. Har yomonning bir yaxshisi boʻlganidek, mana shu tik-tok, instagramlarda namunali xulqi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan yoshlarimiz ham bor. Yoʻl harakati xavfsizligi qoidasini targʻib qilayotgan, tengqurlariga tadbirkorlik sir-asrorlarini oʻrgatayotgan, sharqona odob-axloqni ajoyib holatlar orqali namoyish etayotgan tengdoshlarimiz ham talaygina.
Nazarimda, har bir bola ilk tarbiyani uyida, ota-onasidan oladi va uni jamiyatda namoyish etadi. Oʻsha tik-tokda ham noraso oilalarda voyaga yetayotgan yoshlar balki bizga maʼqul boʻlmayotgan videolarni joylashtirayotgandir. Biz ham boʻsh kelmasdan jaholatga qarshi maʼrifat bilan chiroyli, oʻrnak boʻladigan videolarni joylashtirib, ularni ham ezgulikka chorlasak, buning nimasi yomon, toʻgʻrimi?!
Sevara TURSUNMURODOVA,
Qibray tumanidagi 17-maktabning
10-sinf oʻquvchisi