Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabiat shaydolari

37-umumtaʼlim maktabi Tuzel qishlogʻining eng goʻzal maskanida joylashgan. Maktabning gir atrofi – mevazor bogʻ. Sal naridan sohili gʻaroyib yulgʻun va suvtollarga burkangan Chirchiq daryosi oqib oʻtadi. Maktab oʻquvchilari bu goʻzallikka beparvo emas. Kimdir uni sheʼrida, yana kimdir moʻyqalamda tasvirlashga urinadi. Shu maktabning 6-sinf oʻquvchisi Elnora Ahmatillayevalarning hovlisi esa shundoqqina sohilda joylashgan. U har tong oʻrnidan turishi bilan togʻ ortidan moʻralayotgan oftobga, sohildagi daraxtlarga qoʻnib olib tongni olqishlayotgan qushlarga hayajon bilan termuladi. Ularni shundayligicha qogʻozda tasvirlagisi kelardi. Ammo uddasidan chiqmayman, deb qoʻrqardi. Akasi rasm chizishni yaxshi biladi. Biroq u negadir faqat ot rasmini chizadi. Chizganda ham xuddi jonliday chizadi. Elnora akasidan tong rasmini chizib berishni iltimos qildi. Ammo akasi: “ana uyda rangli qalamlar, boʻyoq, qogʻoz turibdi, olib chiqib, oʻzing chiz”, – dedi xotirjam. Elnora akasidan biroz xafa boʻldi-yu, lekin indamadi. Oʻzi rasm chizishga kirishdi. Chizgan tasvirlari onasi Gulchehra opaga juda yoqdi. Adasi ham: “yomonmas”, – deb jilmaydi. Elnora “Salom, quyosh” nomli bu rasmini toʻgarak rahbari Gulnora opaga koʻrsatdi.

– Juda yaxshi, rasm chizishga qoʻling kelar ekan, toʻgaragimizga qatnashmaysanmi? – dedi Gulnora opa unga mehr bilan boqib. – Rassomlikni, rasm chizishning yoʻl-yoʻriqlarini, sirlarini oʻrganasan.

Shundan soʻng Elnora rasm chizishga astoydil kirishdi. U qogʻozdagi rasmlarga qarab emas, narsa-buyumlarni oʻziga qarab chizishni maʼqul koʻradi. “Atrofimizda shuncha goʻzallik turib nima qilaman, xonaga qamalib olib birovlarning ishini koʻchirishni”, – deb oʻylaydi. U daladagi qoʻy-qoʻzilarni, palak yozib gullayotgan oshqovoqni, maysazorda uyalibgina ochilgan momaqaymoqni soatlab kuzatadi. “Daraxt yaproqlari, shoxdan shoxga uchib qoʻnayotgan qushlarni, kapalaklarni kuzatib turib xayolimda butunlay boshqacha tasvirlar oʻtadi. Ana shularni tasvirlagim kelardi. Bu haqda ustozga aytdim. Chizganlarimni koʻrsatdim.

– Izlanishing chakkimas. Ammo, tasavvuringdagi holatlarni chizishga hali tajribang kamlik qiladi. Avval, koʻzing bilan koʻrib turgan narsalarni xuddi oʻziday chizishni oʻrganib ol. Bunday rasmlar tomoshabinni tez jalb qiladi. Mahoratingga toʻgʻri baho beradi. Abstarkt narsalarni keyinroq, tasviriy sanʼat haqidagi bilimlaring oshgach chizasan, – deb maslahat berdi Gulnora opa.

Izlanishlar, ustoz oʻgitiga amal qilish oʻz natijasini berdi. Elnora “Kamalak” tashkiloti oʻtkazgan “Yosh musavvir” tanlovida qatnashib, tuman gʻoliblari qatoridan joy oldi.

Elnoraning toʻgarakdoshi Farhod Aʼzamqulov esa rasm chizishni 4 yoshidan boshlagan – oʻzi yaxshi koʻrgan multfilm qahramonlarini turli koʻrinishlarini tasvirlab yurgan ekan. Xursandoy opa oʻgʻlini 1-sinfga olib kelgan kuni bu rasmlarni sinf rahbariga koʻrsatibdi. Kamola opaning tavsiyasi bilan Farhod ham toʻgarakka qatnay boshlabdi. Farhod bu yil 4-sinfni tugatdi. Toʻgarakda rangli boʻyoqlar, flomaster bilan ishlash sirlarini ham yaxshigina oʻrganib oldi. Endi u oʻqigan ertagidagi qahramonlarni chizadi, jonivorlar, gullar, daraxt va qushlarni biz payqamagan holatlarini tasvirlay oladi. U chizgan “Bobom ekkan anor”, “Tipratikan”, “Bizning bogʻ” rasmlari yosh rassomlarning tuman tanlovida sovrinli oʻringa loyiq topildi.

Yoshlar ittifoqi maktab boshlangʻich tashkiloti yetakchisi Gulnora Abdurahmonova rahbarlik qilayotgan ushbu toʻgarakda Saodat Anvarova, Zilola Mirxoliqova, Aselya Sultonova, Sarvinoz Abduqayumova kabi 20 ga yaqin rasm chizishga layoqatli bolalar oʻz mahoratlarini oshirmoqda. Mashgʻulotlarda ona tabiat goʻzalliklarini yurak-yurakdan his qilib, oʻz koʻzlari bilan koʻrib, ijod qilayotgan havaskor rassomlar orasidan kelajakda Oʻrol Tansiqboyev, Roʻzi Choriyev kabi buyuk moʻyqalam sohiblari chiqishiga ishonamiz. Zero, vaqtida payqab, parvarish qilingan isteʼdod ertaga oʻz mevasini berishi shubhasiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA,

Toshkent viloyati Qibray tumani

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.