Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ertaklar – buyuk kashfiyotlar ostonasi

Bolalar! Daraxt hosil berishi uchun ildizlari orqali yerdan kuch olishi zarurligini bilasiz-a? Oddiygina mobil qurilmalarni ishga tushirish uchun elektr toki yordamida bir necha soat quvvatlantirish kerakligini-chi? Badiiy kitob mutolaasi ham kitobxon tasavvurini xuddi oʻshanday quvvatlantira oladi! Bolalikdan boyitilgan, yetarli darajada quvvatlantirilgan inson tasavvuri katta kashfiyotlar qilishga qodir! Ammo, men bugun sizga badiiy kitoblar mutolaasi haqida emas, aynan siz sevib tinglaydigan, oʻqiydigan ertaklarning hayotimizda tutgan oʻrni haqida gapirmoqchiman.

 

Ertaklar qanday paydo boʻlgan

Qadim-qadimdan insoniyat tabiat hodisalari sirlarini anglashni, ularni oʻziga boʻysundirishni, adolatni, baxt va saodatni orzu qilgan. Barcha xalqlarning orzu-niyatlari bir-biriga oʻxshash boʻlsa-da, ularni turli xalq turlicha ifodalagan. Ana shu ezgu maqsadlar ifodasi oʻlaroq, xalq ogʻzaki ijodida ertak janri paydo boʻlgan. “Ertak” soʻzining lugʻaviy maʼnosi aynan – aytib bermoq, hikoya qilmoq degani. Shundan kelib chiqib aytganda, oʻzbek xalq ertaklarining eng qadimiy namunalari ham oʻz-oʻzidan dunyoga kelgan emas. Birgina “Ur, toʻqmoq!” ertagini olsak, oʻtmishda har xil bosqinchiliklardan aziyat chekkan ona xalqimiz oʻz ertagida toʻqmoqni tasvirlab, yovlarning zaminimizdan taʼzirini yeb, tezroq badargʻa boʻlishlariga umid qilgan. “Ochil, dasturxon”ni tasvirlab, qachondir dasturxonlari toʻkin-sochin boʻlishini, qorni mazali ovqatlarga toʻyib taom tanovul qilishni umid qilgan. Bu narsalarga ega boʻlgan cholni laylakning singan oyogʻini davolagani zamirida esa har qanday orzu-umidlarga yetishning yoʻli oʻzgalarga yaxshilik qilish va mehnatda ekanini tushuntirmoqchi boʻlishgan. Yoki shunga oʻxshash qadimiy ertaklarimizdan yana biri “Uch ogʻayni botirlar”ni olaylik. Eslasangiz, ikkita katta akasining qora devga magʻlub boʻlganini eshitgan Kenja botir dev bilan olishishga ketish oldidan bilagini tilib, tovoqchani qonga toʻldiradi va ustidan sochiq yopadi. Xotiniga qarab: “Sochiqdan qon tomib tursa, mendan xavotir olma. Tovoqchadagi qon zardobga aylanganda esa, mendan umidingni uzaver!” – deb aytadi. Ertakdagi bu maʼjoziy ifodada aslida bir avloddan birgina kishi tirik boʻlgan taqdirda ham hali avlod davom etishi, uning soʻnggi vakili nobud boʻlsa, qoni aynishi – avlod yerdan supurilib ketishi haqidagi hayot haqiqati yotibdi.

 

Texnika asrning tayanch nutasi

Bugun siz texnika asrida yashayapsiz. Samolyot, raketa nima ekanini yaxshi bilasiz. Hatto, havoda uchadigan samolyotning kichikroq nusxasini oʻzim yasab bera olaman, desangiz, men ishonaman. Chunki darsliklardan, televizordan, gazeta-jurnallardan, qolaversa, internetdan bunday texnik vositalarning yasalishi va ichki mexanizmi haqida maʼlumotga ega boʻlishingiz mumkin. Ammo, ularni kashf qilgan olimlar-chi, ularni qanday oʻylab topishdi? Ushbu sirni Sizga ochsam, oʻsha olimlar koʻpgina kashfiyotlariga asos boʻlgan gʻoyalarni aynan xalq ertaklaridan olishdi! Ha, ishonavering, ertaklardan!

Buning dalil-isbotlaridan biri – uchar gilamdir. Axir uchar texnik vositalar haqidagi tushunchalar paydo boʻlmasdan turib, juda qadimdan insonlar osmonga parvoz qilish haqida oʻylay boshlagan. Bu amalga oshirish mumkin boʻlgan orzu ekanini his etishgan va uchar gilam haqidagi ertaklar toʻqishgan. Keyinchalik, italyan olimi Leonardo da Vinchining dastlabki uchish moslamasi haqida izlanishlar olib borishiga ham va nihoyat rus dengiz ofitseri A. F. Mojayskiyning 1884–1885-yilda ilk rosmana samolyotni yaratishiga ham aynan osmonda parvoz qiluvchi gilam haqidagi ertaklar bosh gʻoya boʻlib xizmat qilgan boʻlsa, ehtimol. Televizor kashf etilishiga esa koʻhna-qadim ertaklarda aytiladigan “Oynayi jahonnoma” turtki boʻlganligiga shubha qilmasak ham boʻladi. Zero, televizorning hozirgi nomlaridan biri ham – oynayi jahon-ku!

 

Xullas, aytmoqchi edim-ki

Yorugʻ olamdagi hech qaysi ertak aslida “ertak” emas!

Ertaklar – qadimda yashagan ajdodlarimizning umid va armonlari!

Ertaklar – qadimda yashagan ajdodlarimizning oʻgit va nasihatlari!

Ertaklar – dono ajdodlarimizning asrlar osha bizga yoʻllagan gʻoya va kashfiyotlari!

 

Uchqur xayollar

Shunday ekan, aziz bolalar, tez-tez ertak oʻqib turing. Oʻqiyotgan ertagingiz haqida fikrlab, magʻzini chaqishga urinib oʻqing. Allaqachon bir qancha ertaklar oʻqib qoʻygan boʻlsangiz, unda ertak toʻqing! Unga oʻzingizning hamma orzularingizni, kelajakdagi maqsadingiz va tasavvurlaringizni singdirib yuborishga harakat qiling.

Ajab emaski, ertakdagi bu orzularingiz qachonlardir amalga oshar. Kelajakda kimdir bu ertagingizni asos qilib buyuk kashfiyot yaratar...

 

Bayram Ali

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.