Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olamni mahliyo aylagan yulduz

Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab milliy estrada sanʼatimizning asoschilaridan biri, buyuk sanʼatkor Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi keng nishonlanmoqda. Garchi Uning olamdan oʻtganiga 35 yil boʻlsa-da, sanʼatsevar, qoʻshiqsevar xalqimiz Botir Zokirovni aslo yodidan chiqarmadi. Aksincha, oradan yillar oʻtgan sari Uning qoʻshiqlari nafaqat sanʼatkorning zamondoshlari qalbidan, balki oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbidan ham chuqur oʻrin egalladi.

Men ana shu estrada sanʼatining ulkan namoyandasi, oʻzbekcha qoʻshiqlar orqali yurtimizni butun dunyoga tanitgan, uni jahon miqyosiga olib chiqqan buyuk insonga qisman zamondosh boʻlganimdan, u kuylayotgan betakror qoʻshiqlarni “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyining katta zalida tinglash sharafiga muyassar boʻlgan, Botir Zokirovni minglab tomoshabinlar qatorida turib yaqindan koʻrgan chinakam muxlis sifatida maqtanmoqchiman. Chunki uni bor boʻy-basti bilan koʻrish, uning betakror, shirali ovozini rosmana tinglash hammaga ham nasib qilavermagan. Shu maʼnoda betakror va buyuk sanʼatkor Botir Zokirov haqida bilganlarim, oʻqiganlarim hamda internet tarmogʻidagi manbalar asosida siz aziz oʻquvchilarga ozmi-koʻpmi maʼlumot berishga jazm etdim.

Botir Zokirov Toshkent shahrida mashhur sanʼatkorlar oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Karim Zokirov oʻzbek opera sanʼatining asoschilaridan biri edi. Onasi Shohista Saidova oʻzbek xalq qoʻshiqlari, laparlari va yallalarining ajoyib ijrochisi boʻlgan. Botir Zokirov ana shunday ijodkorlar oilasida oʻsib ulgʻaygan. Uning bolaligi, yoshligi sanʼat muhitida, oʻzbek xalqining buyuk sanʼatkorlari jamlangan davralarda kamol topdi. Sanʼatkor oilaning toʻngʻich farzandi boʻlgan Botir Zokirov Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillardagi qiyinchilik va mashaqqatlarni koʻrib, his qilib voyaga yetdi. Zokirovlar oilasi oʻzbek xalqining musiqa madaniyatiga salmoqli hissa qoʻshgan sulola sanaladi. Esimda, maktabda oʻqib yurgan kezlarim, taxminan 1975-yilda oʻsha paytlardagi juda mashhur boʻlgan “Guliston” jurnalining muqovasida Zokirovlar oilasining surati chop etilgan. Ota-onam esa suratdagi insonlarni nomma-nom aytib bizga tanishtirishgan. Ana shu jurnalni ancha paytgacha kitob javonida saqlaganmiz.

Botir Zokirovning xotirasi va eshitish qobiliyati juda kuchli edi. Rasm chizishga, sheʼr yozishga ishqiboz edi. U bolaligidan qoʻshiq kuylashni odat qildi. 1952-yili Toshkent davlat konservatoriyasining vokal fakultetiga oʻqishga kirdi. Oʻsha paytda estrada sanʼatining qaldirgʻochi sanalgan “Yoshlik” ansambliga qatnay boshladi. 1958-yil ushbu ansambl qoshida Oʻzbekiston Davlat estrada orkestri tuzildi. Orkestrni tuzishda Botir Zokirov jonbozlik koʻrsatdi. Orkestr yosh isteʼdodning ijodiy yoʻlini qatʼiy belgilab berdi. Botir Zokirov hamda uning singlisi Luiza Zokirova orkestrda yakkaxon xonanda boʻlib ishlay boshlashdi. Ular birgalikda juda koʻp duetlar ijro etishdi. Bu qoʻshiqlari bilan bir qancha Xalqaro festivallarda qatnashib muvaffaqiyat qozonishdi, millionlab muxlis orttirishdi.

1957-yilda Moskvada oʻtkazilgan oʻzbek dekadasida mashhur arab kompozitori al-Atroshning “Arab tangosi” qoʻshigʻi birinchi marta Botir, Zokirov ijrosida yangradi. Yangradi-yu, Botir Zokirov nomi qoʻshiqsevarlar qalbini chaqmoqdek yorib kirdi. Bu kutilmagan omad, shuhrat va yorqin kelajakka ishonch edi. Tango xonanda repertuarining muqaddimasi boʻlib qoldi va ming-minglab nusxada plastinkalari chop etildi. Katta konsertlar, gastrollarda shu qoʻshiq yangramasa, tomoshabinlar baravariga qarsak chalib “Arab tangosi” deya talab qiladigan boʻlishdi. Moskvalik tomoshabinlar uni intiqlik bilan kutishardi. Mashhur konsert zallarida chiptalar bir necha oy avval sotilib boʻlardi.

1966-yili Moskva “Myuzik-xoll”i bilan Parijga qilgan ijodiy safari xonanda uchun yorqin xotiralarga aylandi. Sanʼatkor Parijning jahonga mashhur “Olimpiya” estrada teatri sahnasida qoʻshiqlar ijro etib, katta shuhrat qozondi. U noziktaʼb fransuzlarni oʻzbek, rus, arab, eron ashulalari qatorida fransiyalik mashhur kompozitorlar qoʻshiqlari bilan ham maftun etdi. Oʻsha paytda Parij gazetalari Botir Zokirov haqida, uning ajoyib isteʼdodi haqida maqolalar chop etdi.

Botir Zokirov biror xalq qoʻshigʻini kuylashdan avval oʻsha xalqning tarixi, turmushi, tili, madaniyati va sanʼatiga oid adabiyotlarni oʻqib, oʻrganardi. U qaysi tilda qoʻshiq aytsa, goʻyo oʻz ona tilida kuylayotgandek soʻzlarni his qilib, qalbdan kuylar edi. Shuning uchun ham xorijiy tillarda aytgan qoʻshiqlari hofizga katta shuhrat olib keldi. U jahonning mashhur ijodkorlari Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Nozim Hikmat, Yuriy Silantev, Tamaraxonim Iosif Kobzon, Sergey Obrazsov, singari sanʼatkorlar yozuvchilar bilan mustahkam aloqa bogʻlagan edi. Jahonning birinchi kosmonavti Yuriy Gagarindan “Eng sevimli xonandangiz kim?” deb soʻrashganida, “Botir Zokirov” deb javob bergan ekan. Fazogir Toshkentga kelganida Botir Zokirovni koʻrish istagini bildiradi va u gastrolda boʻlganligi sababli, uyiga kelib sanʼatkorning Onasi – Shohista Saidovaga minnatdorchilik bildiradi.

Botir Zokirov xalqimizning taniqli shoirlari, bastakorlari bilan ijodiy hamkorlik qildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston xalq shoiri Turob Toʻla hamda taniqli bastakorlar Ikrom Akbarov, Enmark Solihov, Mutal Burxonov bilan kechgan ijodiy hamkorligi natijalari koʻp oʻtmay dunyolarga boʻy koʻrsatdi. Kompozitor Ikrom Akbarov Botir Zokirov isteʼdodini quyidagicha eʼtirof etadi: “Botir charchashni bilmas, doimo ishlash ni yaxshi koʻrardi. U mehnat qilgani sari ilhomlanardi, rohatlanardi. Boshlagan har qanday ishini oxiriga yetkazmaguncha tinmasdi. U qisqa vaqt ichida orkestr shuhratini Ittifoqqa olib chiqdi. Orkestrga badiiy rahbarlik qilish uning zimmasiga yuklangach yanada ter toʻkib mehnat qilishga toʻgʻri keldi. Botir Zokirov boʻlmaganida mening “Raʼno”, “Gazli”, “Yor, kel” kabi oʻnlab qoʻshiqlarim ham boʻlmasdi. Uning betakror ovozi, dilbar xonishi orqali har bir qoʻshiq oʻzgacha boʻlib qoldi. Uning vafotidan soʻng men boshqa qoʻshiq yozmadim. Chunki uningdek mahoratli ijrochi, qoʻshiq maromiga yetmagunicha ishlashdan charchamaydigan xonandani boshqa uchratmadim”.

Botir Zokirov rassom sifatida oʻzidan “Majnun”, “Oqshom”, “Avtoportret”, “Buxoro manzarasi”, “Saraton”, “Moskva manzaralari”, “Qrim manzaralari”, “Yolgʻizlik”, “Koʻcha”, “Anor pishganda” singari koʻplab betakror asarlar asarlar qoldirdi. Oʻsha paytlarda “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida chop etilgan “Ona”, “Moʻysafid”, “Pahlavon”, “Yetakchi”, “Tabassum” nomli hikoyalari jurnalxonlar mehrini qozongan.

Botir Zokirov oʻzbek milliy estrada sanʼatini rivojlanishini jon-dilidan istar edi. U xalqona milliy estrada sanʼatining tarafdori edi. Shu yoʻlda tinimsiz izlanar edi. Hayotining soʻnggi yillari ukasi – Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov rahbar boʻlgan mashhur “Yalla” ansambli bilan birgalikda ijod qildi. U katta sahnaga qanday yonib chiqqan boʻlsa, soʻngi nafasigacha shunday yonib kuyladi. Hamisha eʼtiqodiga, iymoniga, oʻzligiga sodiq qoldi. Ogʻir kasallik sabab bevaqt olamdan oʻtgan boʻlsa-da, uning oʻlmas qoʻshiqlari, maftunkor ovozi sanʼat muxlislarini, qoʻshiq ixlosmandlarini xuddi kechagidek mahliyo etib kelmoqda. Har yili uning nomida yosh estrada xonandalarining koʻrik tanlovi oʻtkaziladi. Chin isteʼdodlar hech qachon oʻlmaydi, deyishadi. Botir Zokirov yaratgan maktab bugungi yosh ijodkorlar uchun ibrat namunasiga aylangan.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.