Tariximizda ilk bor
Qadrli oʻquvchilar, garchi bir oz kechikib boʻlsa-da, mamlakatimiz Prezidentining maktablarni bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimizga yoʻllagan tabrigidan ayrim lavhalarni sizga taqdim etmoqdamiz. Sababi, tabrik eʼlon qilinganda “Gulxan” jurnalining may soni bosmadan chiqqan edi. Biz esa Prezidentimizning Oʻzbekiston tarixida ilk bor bu yilgi “Soʻnggi qoʻngʻiroq” bayramida maktab bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigini eshitib, yoshlarimizga boʻlgan yuksak eʼtibordan behad quvondik. Toʻgʻrisi, koʻtarinki kayfiyatdagi ushbu tabrik bizga Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Hamid Gʻulomning “Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi” degan hayajonli misralarini eslatib yubordi.
Aziz farzandlarim!
Qadrli maktab bitiruvchilari!
Avvalo, barchangizni begʻubor oʻquvchilik yillaringizni ortda qoldirib, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashib, hayotingizning yangi, yanada masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻyayotganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu quvonchli ayyomda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar yangrab, qariyb 438 ming nafar oʻquvchi-yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qoʻllariga olmoqda.
Bu nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham gʻoyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar bilan toʻlgan sizlar kabi navqiron, azm-u shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini koʻramiz...
Ishonchim komil, yangi Oʻzbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida taʼlim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz.
Qadrli oʻgʻil-qizlarim!
Maʼlumki, biz oʻz oldimizga ulkan maqsadlarni qoʻyib, ularga erishishning eng muhim omili sifatida taʼlim-tarbiya sohasiga juda katta ahamiyat bermoqdamiz.
Qisqa muddatda maktabgacha taʼlim, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi...
Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.
Hozirgi vaqtda respublikamizda 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat koʻrsatmoqda. Jumladan, 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.
Shu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, keyingi paytda fizika va chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochishga alohida eʼtibor bermoqdamiz. Shu yil sentabr oyida 14 ta fizika va 207 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab oʻz faoliyatini boshlashini alohida taʼkidlash lozim.
Eng muhimi, ana shu maktablarda taʼlim-tarbiya olayotgan oʻgʻil-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalari, ijodiy festival va tanlovlarda yuqori oʻrinlarni egallamoqda, mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli oliygohlarga kirib, oʻqish huquqini qoʻlga kiritmoqda.
Oxirgi bir yarim yilda iqtidorli oʻquvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qoʻlga kiritgani ham bu fikrni tasdiqlaydi...
Xususan, farzandlarimizni sanʼat dunyosiga oshno etish maqsadida 800 dan ortiq madaniyat markazida 4,5 mingdan ziyod toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, ular musiqa asboblari va zarur jihozlar bilan taʼminlangani, maktablarda tashkil etilgan 36,5 mingdan ziyod toʻgaraklarga 1 million 100 ming nafar oʻgʻil-qizlarimiz jalb etilgani bu boradagi muhim qadamlardir.
Shuningdek, respublikamiz maktablarida 49 mingdan ortiq, bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida esa 26 mingga yaqin toʻgaraklarda minglab oʻgʻil-qizlarimiz jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanmoqda.
Barcha maktablarimiz keng polosali Internet tarmogʻiga bosqichma-bosqich ulanayotgani hamda mamlakatimizda jami 133 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilgani farzandlarimizda zamon talabi boʻlgan kompyuter va “Ay-Ti” texnologiyalar sohasida bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim masala – yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilishga alohida eʼtibor berilmoqda. Shu asosda 201 ta axborot-kutubxona markazidagi kitoblar soni qariyb 25 millionga yetkazilgani, oʻtgan yili maktab kutubxonalari 150 mingdan ziyod yangi adabiyotlar bilan taʼminlangani yoshlarimizning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishda muhim rol oʻynamoqda...
Hurmatli yosh doʻstlarim!
Mana shu unutilmas damlarda sizlar yangi hayot ostonasida turib, kelajak rejalarini tuzar ekansiz, oldingizda katta imkoniyatlar va masʼuliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni roʻyobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir.
Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy maʼlumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy taʼlim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki boʻlimlar faoliyat koʻrsatmoqda...
Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng ilgʻor oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil etiayotgan Yangi Oʻzbekiston universiteti ham siz, aziz yoshlarimizni joriy yildan oʻz bagʻriga chorlaydi.
Aziz bitiruvchilar, qadrli farzandlarim!
Shu kunlarda sizlarning baxtingiz, kamolingizni oʻylab, yurtimizda yana bir tizim joriy etilmoqda. Yaʼni, joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari ota-onalar va oʻquvchilar bilan uchrashib, barcha bitiruvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish tashabbusi bilan chiqmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi eʼtibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak eʼtiborini his qilib yashaydi.
Shu munosabat bilan sizlarga, butun mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar.
Sizlarning hayotda oʻz munosib oʻrningizni topishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimiz bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarini toʻla safarbar etadi.
Xalqimizning ana shunday yuksak ishonchiga doimo munosib boʻling!
Sizlarning oʻz oldingizga yuqori maqsadlar qoʻyib, vaqtingizni behuda oʻtkazmay, doimo bilim va koʻnikmalaringizni oshirib borishingiz, yangi kasb-hunarlarni egallashingiz va eng asosiysi oʻz maqsadingiz sari tinmay harakat qilishingiz albatta kelgusidagi muvaffaqiyatlaringiz garovidir.
Oʻrganish, izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang!
Sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ishda va oʻqishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.
Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk dadil qadamingiz qutlugʻ va muborak boʻlsin!
Sizlarning yutuq va gʻalabalaringizga ishonaman, aziz bolalarim!