Sehrli shaharcha
Aziz, muxlislar, qadrli oʻquvchilar! Bilasiz, oʻzbek xalqi uchun farzand – ota-ona quvonchi, baxti, Vatanimizning ertangi kuni, uning kelajagi. Adabiyotda “Yashasa bolam deb yashaydi oʻzbek” deb yozilgan ajoyib misralar bor. “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” bilan jurnalning ijodiy jamoasi nomidan barchalaringizni samimiy qutlaymiz. Yurtimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamisha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelgan. Bu borada mustahkam huquqiy asos yaratilgan.
Bayram munosabati bilan poytaxtimizning Beshyogʻoch maydonida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Magic Citi”, yaʼni “Sehrli shaharcha” siz bolalarga va sizga hamrohlik qiluvchi ota-onalarga oʻz eshiklarini ochdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qurilgan, 9 gektar maydonni egallagan ushbu maydonda bir muddat oʻzingizni xuddi Samarqandning Registonida yurgandek his qilasiz. Sayr davomida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatiga tegishli mashhur binolar oralab yurar ekansiz, goʻyo oʻsha manzillarga sayohat qilgandek boʻlasiz. Nomlari Italiya, Rossiya, Fransiya, Turkiya kabi davlatlarga daxldor koʻchalarning har birida oʻziga xoslik bor. Yuz marta eshitgandan bir marta borib koʻrgan yaxshi, deydi dono xalqimiz. “Sehrli shaharcha”ning beqiyos taʼrifini birma-bir sanab berishimiz uchun nazarimda jurnal sahifalari kamlik qiladigandek.
Ha, Yangi Oʻzbekistonda bolalar bayrami kuni shunday goʻzal maskanning tuhfa sifatida ochilishi sizning erkin va farovon, baxtli hayot kechirishingiz uchun qilinayotgan ezgu harakatlarning yana bir namoyishi deb bilamiz.