Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yillar qanotidagi sinovlar

Eh, bolalikning qiyqiriqlarga toʻla quvnoq va chang koʻchalarini kim ham sogʻinmaydi, deysiz?! Ming afsuski, yoshingizga yosh, yillaringizga yillar ulanib ketaverar ekan. Va qarabsiz-ki, koʻz ochib yumguncha ulgʻayib ham qolarkansiz. Endi koʻcha changitib toʻp surishlar qayda... Zuvillab chopishlar yoʻq. Kattalarga hech kim ertak aytmaydi. Ular bolalarcha arazlasholmaydilar ham. Kattalar huv daraxtning shoxidagi hil-hil pishgan oʻriklarni yegilari kelsa-da (bolalarcha xohlasalar-da) olmaydilar. Chunki, kattalar olami salobatli va har vaqt ortlariga oʻgirilib shirin damlarni xotirlaydigan olamdir. Shunday paytda siz tengi oʻsmirlarni topib, xotirotning shirin damlarini yodga oladilar. Eʼtibor berganmisiz, buvingiz yoki bobongiz, ota-onangiz, “Sening yoshingda undoq edik, bundoq ishlar qilardik”, deyishadi. Sizga bu gaplar erish tuyulmasin, koʻchada oʻyinqaroq doʻstlaringiz kutib turishgan boʻlsa ham, ularning gaplariga bir daqiqa quloq tuting. Ular katta, hozir bolaliklarini qoʻmsayaptilar. Bolaligini tez-tez qoʻmsaganlarning qalbi esa qarimaydi. Xalqimizga bolaligidan tanilgan mashhur insonlar bor. Ana shunday mashhurlardan biri, ota-onangizning bolalikdagi sevimli “Shum bola”si, siz miriqib tomosha qiladigan “Zirapcha” bolalar satirik telejurnali ijodkori – Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyevdan “Gulxan” muxlislari bilan bolalik xotiralarini oʻrtoqlashishlarini soʻradik.

 

 

Daraxt soyasidagi orom

Men 1940-yilning 6-dekabrida tugʻilganman. Oilada bosh farzand boʻlsam-da, ona mehri yoʻllarini yoritgan, ammo ota mehriga qonib-qonmagan bola edim. Otam – xalqimizning sevimli sanʼatkori Habib Saʼdiy vafot etganida men juda yosh, Yodgor hali tugʻilib ulgurmagan edi. Men ukam Yodgorni otamning diydorini koʻrolmaganiga achinaman. Biz – aka-ukalar shunchalar yaqin edik-ki, bir mayizni ham boʻlishib yerdik. Juda yosh edim, dadamning bagʻriga yopishib osilganlarim, erkalanib oʻpganlarim yodimda. Yerga ursa koʻkka sapchiydigan bola boʻlganman. Mahalladagi hech bir oʻyin va tortishuv mensiz oʻtmagan. Shoʻxlikdan charchagan chogʻlarim daraxt soyasida mizgʻishni yaxshi koʻrardim.

Hovlimiz Toshkentning Sebzor dahasida edi. Sebzor poytaxtning juda fayzli dahalaridan boʻlgan. Biz tarafda Qozi koʻcha, Tabib koʻcha bor edi, undan keyin Qoratut, Sebzor, Gʻishtkoʻprik, Eskijoʻva degan koʻchalarimiz boʻlar edi. Ana shu koʻcha bolalari bilan birga katta boʻlganmiz. Men tomda varrak uchirishni yaxshi koʻrardim. Baʼzan varrak uchirishga berilib ketganimdan tom labiga kelganimni bilmay qolib “gup” etib supaga yiqilardim. Shu zahotiyoq oʻrnimdan sapchib turib, hech narsa boʻlmaganday ust-boshimni qoqib, tomga chiqib ketaverardim. Koʻchamizdan bir tomonlama yoʻnalishda oltinchi tramvay yurardi. Shoʻxlik qilib unga tez-tez osilib turardim. Bir kuni sal qolgan tramvay urib ketishiga. Oʻshanda ayam rosa taʼzirimni bergan. Yana bir kuni bolalar bilan quvlashmachoq oʻynayotib, roʻparadan kelayotgan katta yuk mashinasining tagiga kirib ketganman. Xudo asragan ekan, hech joyim lat yemagan, omon qolganman.

Juda aʼlochi ham boʻlmaganman, juda haligidaka “ikki”chi ham boʻlmaganman. Hamma bahodan bor edi. “Toʻrt” sal koʻproq edi, shekilli. Oʻquvchilik yillarimni eslasam, sal qaysarligim ham bor edi. Uchinchi sinflarda oʻqisam kerak, 6-dekabr – tugʻilgan kunimda supada paypoq toʻqish uchun qoʻy yunglarini savagʻich bilan savab oʻtirgan oyimning yonlariga borib, “ogʻaynilarim bilan “Sobir Rahimov” kinoteatriga kinoga boraman, 20 tiyin berasiz”, – deganman. Oyim “pulim yoʻq-ku bolam, qayerdan olaman”, – deganlariga qaramay, “topib berasiz”, deb turib olganman. Oxiri, xunob qilib yuborganman shekilli, oʻrinlaridan turib quvlab qolganlar. Oʻsha paytlarda hovlidan hovliga qoʻshni eshiklar boʻlardi. Bizning qoʻshnimiz Abdujabbor aka degan kishi edi. U kishining Boltavoy degan men qatori, Abdujalil degan Yodgor qatori oʻgʻillari boʻlardi. Eshikdan shularnikiga oʻtayotganimda qoqilib qoʻlga tushganman...

Ukam Yodgor juda menchalik emas-ku, lekin harqalay u ham qaysar edi. Men uni yelkamda koʻtarib katta qilganman desam, ishonavering.

 

 

Yelkadagi maʼsuliyat

Yodgor baland boʻyli, gavdali, basavlat boʻlib ketgan, men esa qotmadan kelganimcha qotib turibman. Yodgorni koʻtaraverib shunday boʻlib qolganman. U bogʻchaga borardi. Ayamlar saharlab darsga ketardilar (u kishi muallima edilar). Men Yodgorni “Jangob”dagi bogʻchaga olib borar edim. Bogʻchaga yelkamda bormasa yigʻlab hammayoqni boshiga koʻtarardi. Uni koʻtarib yarim yoʻlda charchab, yerga qoʻyishim bilan “va-a-a-a” deb dod solardi. Men shoʻrlik mushtdekkinaman, uni koʻtarish ogʻirlik qiladi. Nima qilishimni bilmay unga qoʻshilib yigʻlardim. Ammo u “koʻtarasiz” deb turaverardi. Yana noiloj yelkamga oʻtkazib, yoʻlga tushardim.

Saharmardonda turib olib, radiodan tonggi konsertni eshitishni yaxshi koʻrardim. Berta Davidova, Karim Zokirov kabi mashhur hofizlarimizning qoʻshiqlarini tinglab, quyosh chiqishini tomosha qilardim. Dadamiz sanʼatkor Habib Saʼdiy juda erta – 36 yoshda dunyodan oʻtganlar. Shunday boʻlsayam, u kishini elas-elas eslayman. Tizzalariga olib: “Jingalak soch bolam, oʻn sakkizga kirsang, uylab qoʻyaman”, – deb erkalatganlari yodimda. Hovlimizda katta tol boʻlardi. Shuning ustiga oyim sopol tovoqda sut qoʻyib qoʻyardilar. U ertalabgacha qaymoq bogʻlardi. Dadam shu qaymoqni olib yeyayotganlarida yotgan joyimdan: “Ada, menga ham qoldiring”, – deb baqirardim.

 

Onam – Mahbuba aya mehmonlarga atab olib qoʻygan qand-qurslarini savatga joylab, bolalar koʻzidan nariroqqa, hujraning shiftiga osib qoʻyardilar. Men va Yodgor bolalarcha kuzatuvchanlikni ishga solib, gʻaroyib savatni topib olardik. Biz uchun noyob xazina boʻlib tuyulgan savat ichidan shirinlik olib bitta-bitta ogʻzimizga solardik. Taʼtil bahona mehmonga kelgan qarindosh bolalarni, yaqin ogʻaynilarni ham siylashni unutmas edik. Aksiga olib savatning tagi koʻrinib qolganda, uyga albatta mehmon keladi. Onam yuz boʻlar, deb yashirib qoʻygan qand-qurslarini olgani hujraga, Yodgor ikkalamiz esa koʻchaga qarab yurardik. Mehmon ketgandan soʻng navbatdagi tarbiyaviy soat boshlanardi.

Bizning bolaligimiz baʼzi bir yetishmovchiliklar bilan kechgan boʻlsa-da, lekin yomon oʻtmagan. Ayam shoʻxliklarimiz uchun koyisalar-da, shular toʻq boʻlsin, egni but boʻlsin, deb tinmay ishlaganlar. Savatda qolgan bir-ikki dona qandni ham “tarbiyaviy soatdan” keyin boshlarimizni silab ikkovimizga berganlar. Kinoga ham yuborganlar. Xullas, shoʻxliklarimiz oʻz vaqtida jazolansa-da, koʻpincha bizning aytganimiz boʻlardi. Bolaligim – poshsholigim, deb shuni aytsalar kerak.

 

 

Dildagilar

Men hozirgi yoshlarimizni mehnatsevar boʻlishlarini, peshona ter bilan topilgan pulni qadrlashni oʻrganishlarini istardim. Boʻtdan olib, oʻtga sotib yengil topilgan pulning barakasi boʻlmaydi, tatimaydi. Men Lutfilla bilan birga oʻsganman. Oʻzbekiston xalq artisti Lutfulla Saʼdullayev desam, tanisangiz kerak. Oramizda oʻn ikki kunlik farq bor, xolos. Amakivachchamiz. Bizni bolaligimizdan mehnatga oʻrgatishgan. Amaki, togʻalarimiz uy-joy quradigan boʻlsa, loy qorishga, gʻisht quyishga yordamlashardik. Shuning uchun boʻlsa kerak, hozirgacha ham hech qanday mehnatdan qoʻrqmaymiz.

Meni xavotirga solgan narsa – hozirgi bolalarimizning yengil yoʻl bilan pul topishga berilib ketib, oʻqishni ham yigʻishtirib qoʻyishlari edi. Buning oʻz vaqtida oldi olinganligi juda ham koʻngildagi ish boʻldi.

Hozirgi kunning “Shum bolajon”lari, ilm oʻrganishga, til oʻrganishga intiling, aslo kam boʻlmaysiz.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.