Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Musiqa merosining gultoji

Mamlakatimiz rahbari o‘z faoliyatini boshlagan ilk kunlardanoq unutilayozgan maqom san’atini qayta tiklash, millat qalbiga qaytarish yo‘lidagi sa’yi-harakati, bu masalada qabul qilgan qaror va farmonlari o‘tgan yetti yilda o‘z mevasini berdi. Yaqinda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston xalq hofizi, bastakor Erkin Ro‘zimatovning “Yangi maqom namunalari” kitobi taqdimoti va sinf konserti fikrimizning dalilidir.

–  Men turli tanlovlar va konsertlarda ishtirok etganimda bolajonlarimiz ijro etayotgan mumtoz ashulalar matni ular uchun ancha murakkab ekanligini angladim. Bundan tashqari ularning g‘azaldagi ayrim so‘zlarni tushunib-tushunmay talaffuz qilishlari  ma’noga jiddiy ta’sir qilayotganini his etdim. Shu bois bu muammoga yechim topish uchun  bolalar va o‘smirlarning ovoz imkoniyatlariga moslab matn tanlab, ularga kuy bastaladim. Bu ishlar ancha mashaqqatli kechdi”, – dedi biz bilan suhbatda Erkin Ro‘zimatov.

Bolalar uchun ota-ona, do‘stlik, Vatan, ustoz va ona tabiat go‘zalliklari madh etilgan she’rlarni topib, ularga sayqal bergan ijodkor Ro‘zimatov zamon bilan hamnafaslik ma’nosida nota yozuvi hamda matn mujassam bo‘lgan ushbu qo‘llanmaga elektron ijro yozuvini ilova qildiki, bu asarning ahamiyatini yanada oshirdi. Musiqa merosimizning gultoji hisoblanmish maqomlardan tashqari ushbu o‘quv qo‘llanmaga xalq va bastakorlik ijod namunalari bilan birga taniqli san’atkorlarning ijrolaridagi ijod namunalari kiritildi.

Shuningdek, bu mehnatkash, fidoiy san’atkor xalqimizning sevimli va taniqli shoirlari qalamiga mansub she’rlarga bas­talangan qo‘shiqlarni ham kitobga kiritgan.

Erkin Ro‘zimatov maqomlarni yoshlar uchun sodda va tushunarli bo‘lishida izlanishlar olib borgan birinchi ijodkordir. O‘ylaymizki, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining boshqa professor-o‘qituvchilari ham  yaqin orada o‘z izlanishlari bilan yoshlarni xursand qilishadi.

El ardog‘idagi san’atkor Erkin Ro‘zi­matovni “Yangi maqom namunalari” (Ixti­soslashtirilgan maqom, musiqa va san’at maktablari uchun) kitob-qo‘llanmasi bilan tabriklaymiz. Uning maqom san’ati rivojiga qo‘shayotgan hissasi davomli bo‘lishini tilab qolamiz. Ishonamizki, ushbu o‘quv- qo‘llanma muallimlarni ham, uni o‘rganuvchi o‘quvchilarni ham doimo ezgulikka chorlaydi.

 

Muhayyo MIRSAIDOVA,

jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.