Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xalqaro mukofot egalari

2025-yil yurtimizdagi maktablar, maktab o‘quvchilari uchun omadli boshlandi. Xalqaro musobaqa va tanlovlardagi tengsiz g‘alabalarni Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari boshlab berishdi. Yanvar oyida Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan “Zayd Barqarorlik Mukofoti” (Zayed Sustainability Prize) tanlovida Toshkent Prezident maktabi o‘quvchilari Pahlavon G‘ulomov hamda Asilbek Ashrapovlar ishtirok etib, “Global o‘rta maktablar” (Global High Schools) yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Endi ular ishlab chiqqan suv taqchil hududlarda yomg‘ir suvlarini to‘plash hamda tozalab, ichimlik suviga aylantirish g‘oyasini moliyalashtirish, amaliyotga tatbiq etish uchun BAA hukumati 150 000 AQSH dollari ajratadi.

Mukofotlarni 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida BAA prezidenti Muhammad bin Zayd Al Nahayon topshirdi. Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, g‘olib o‘quvchilarni shaxsan tabrikladi.

Ma’lumot o‘rnida bilib oling, “Zayd Barqarorlik Mukofoti” 1999-yili BAA ning o‘sha davrdagi Prezidenti Zayd ibn Sulton Al Nahayon nomiga ta’sis etilib, ilk taqdirlash 2001-yili o‘tkazilgan. Bu tanlov xalqaro miqyosda atrof-muhitni asrash bo‘yicha loyihalarni saralash hamda moliyalashtirish bilan shug‘ullanib keladi. Har ikki yilda bo‘ladigan taqdirlashda g‘oliblarga umumiy hisobda 1 million AQSH dollari miqdorida mukofot pullari topshiriladi.

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.