O‘qilishi shart bo‘lgan eng yaxshi kitoblar
Yana bir yil o‘tdi, 2024-yilning g‘aroyib lahzalari ortda qoldi va yangi yil – yangi imkoniyatlar fasli qarshimizda turibdi. Bu yil o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan, ularga erishish yo‘lida dadil qadam tashlayotgan tengdoshlarimiz g‘ayrat bilan harakatni boshlab yuborishdi. Axir, har qanday orzu o‘z vaqtida bilim va qat’iyat bilan boyitilsa, albatta ro‘yobga chiqadi. Yil boshida o‘qilishi kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini tuzib olgan kitobxon do‘stlarimiz esa, muvaffaqiyat sari ilk qadami sifatida kitoblar mutolaasini allaqachon boshlab yuborishgan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, bolalikda o‘qilgan har bir kitob o‘quvchining tasavvur olamini kengaytiradi, hayotiy tajribalarini boyitadi va ichki dunyosini chuqurroq anglashga yordam beradi. Agar siz hali ham o‘z kitoblar ro‘yxatingizni shakllantirmagan bo‘lsangiz, yoshingizga munosib eng yaxshi kitoblar ro‘yxati bilan tanishib chiqish vaqti keldi.
Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari
Bu kitobning har bir sahifasi hikmatlarga boy. U bolalarga do‘stlikning qadrini, mas’uliyatni va hayotning mohiyatini o‘rgatadi. Kichik shahzoda o‘z sayohati davomida turfa sayyoralardagi turli odamlar va hayvonlar bilan uchrashadi, bu esa turli xil xarakterlarni tushunishga yordam beradi. Kitob bolalarga odamlarning qarashlari va shaxsiy tajribalari bir-biridan farqlanishi mumkinligini, har bir insonning o‘z nuqtai nazari borligini tushunish va hurmat qilishni o‘rgatadi. “Kichkina Shahzoda” asarida insonlar orasidagi munosabatlar, mehr, do‘stlik kabi muqaddas tuyg‘ular muhimligi haqida chuqur fikrlar mavjud. Bu kitobxonlarni hayotda ahamiyatli qadriyatlarni anglab olishga undaydi. Baxtning materialistik narsalar yoki tashqi yutuqlar, muvaffaqiyatlar bilan o‘lchanmasligini, haqiqiy baxt mehr, samimiyat va oddiy narsalarda yashirin ekanligini ko‘rsatadi.
Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Besh bolali yigitcha” asari
Xalqimizda bola bo‘lsa, sho‘x bo‘lsin, bolalik – beboshlik, degan naqllar bor. Ammo asar qahramoni Orifjonning bolaligi urushning suronli yillariga to‘g‘ri keladi. Orifjon besh ukasining katta akasi sifatida oilaning ehtiyojlarini ta’minlash uchun kurashadi. Qahramonimiz asarning biror joyida hayotdan nolimaydi, kuchli, tetik va nekbin fe’li bilan barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Shuningdek, asar bolalarni mustaqil bo‘lishga, hayot sinovlari oldida dovdirab qolmaslikka o‘rgatadi. Bugungi kunda ham telefon yoki velosiped olib bermadingiz, deb ota-onasiga xarxasha qiladigan tengdoshlaringiz bu asarni o‘qish orqali Orifjonning qat’iyatli fe’lidan o‘rnak olishi mumkin.
Umid qilamizki, yangi yilingiz ushbu asarlar mutolaasi bilan yanada boy va zavqli bo‘ladi. Bu kitoblar tasavvuringizni kengaytirib, aqliy va ruhiy rivojlanishingizga hissa qo‘shadi. Har bir kitob orqali yangi dunyoni kashf etasiz, yangi do‘stlar orttirib, hayot haqidagi eng muhim saboqlarni o‘rganasiz.
Dilnavoz NAJIMOVA
Tahririyatdan: O‘qilishi shart bo‘lgan shu kabi eng yaxshi kitoblar ro‘yxatini jurnalning kelgusi sonlarida ham e’lon qilib boramiz.