Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yur tog‘larga ketamiz

Qadrli kitobxonlar, eng sevimli ruknla­ringizdan biri bo‘lgan “12 oy – 12 kitob” loyihasining yangi yildagi ilk sonini e’ti­boringizga havola etyapmiz. Jurnalimiz  bir-biridan qiziq bo‘lgan jahon va o‘zbek adabiyoti asarlari bilan tanishtirish orqali yangi bilimlarni kashf qilishingizni, tasavvur olamingiz boyishini, dunyoqarashingiz kengayishini va shu orqali hayot yo‘lingizda paydo bo‘lgan turli savollarga javob topishingizga ko‘maklashishni istaydi. Muhtaram Prezidentimizning “Bugun bitta kitob o‘qigan bola, ertaga 10 ta televizor ko‘rgan bolani boshqarishi mumkin” degan so‘zlari zamirida katta ma’no bor. Zero kelajakda qaysi sohani tanlashingizdan qat’iy nazar  o‘qigan kitoblaringiz teran fikrlashingizga, turli mavzularda boshqalar ko‘ra olmagan muhim nuqtalarni anglay olishingizda yordam beradi. Mana ko‘rasiz, kun kelib sizda bor dunyoqarash va zukkolik uchun o‘qi­gan asar­laringiz qah­ramonlari va mual­liflaridan min­natdor bo‘lasiz.

To‘g‘ri tanlab o‘qi­gan kitobingiz sizga faqat do‘st bo‘ladi. Ki­tob javoningizdagi do‘st­laringiz safi­ni yana bit­taga ko‘pay­tirishga tayyormisiz? Unda bosh­ladik. O‘zbek hikoyachilik san’atining ustozi Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga ko‘targan yozuvchilardan biri, siz uchun mos bo‘lgan turli asarlar muallifi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Fayzullo o‘g‘li Xolmirzayev bo‘lib, uning hikoya, qissa va romanlari tesha tegmagan voqealarga bag‘ishlanganligi, xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi. Ko‘p qirrali iste’dod sohibi rang-barang hikoyalari, publitsistik maqolalari, tarixiy esselari, realistik qissalari-yu ajoyib romanlari bilan adabiyotimiz xazinasini boyitgan va uning ijodi hozirgi zamon o‘zbek adabiyotining yorqin hamda mazmundor sahifalaridan birini tashkil etadi.

Shukur Xolmirzayev asarlarida bolalar obrazi alohida o‘ringa ega va yozuvchi, asosan, o‘smir bolalarni bosh qahramon qilib tanlaydi. “Yur, tog‘larga ketamiz!” adibning shunday qissalaridan biri bo‘lib, 1976-yil nashr etilgan. Asar bosh qahramoni Nurali ismli o‘spirin Yetimtog‘ etagidagi Saroytosh qishlog‘ida yashaydi. Qishloq jami 9 xo‘jalikdan iborat bo‘lib, ular sovuq tushishi bilan cho‘lga ko‘chib ketishardi. Asar voqealari Nuralining tilidan hikoya qilinadi va bu bosh qahramonning ruhiyatiga chuqur kirishimizga imkon beradi. Mutolaa davomida anglaysizki, bosh qahramonning tashqi ko‘rinishiga ko‘p urg‘u berilmagan, ammo siz uning ruhiy kechinmalari, hissiyotlari, uni larzaga solgan hodisa va voqealarni juda yaxshi his etasiz. Sababi, yozuvchi o‘z asarlarida xarakter tabiati, inson ruhiyati, ayniqsa, o‘smir bolalar ruhiyatining nozik qirralarini ochishga e’tibor qilgan. Deyarli barcha voqealar go‘zal tabiat bag‘rida jonlantiriladi.  Qahramonimiz esa tabiatning bir bo‘lagi bo‘lgan jonivorga mehr qo‘yadi va u bolaning o‘zini anglashdek mashaqqatli yo‘lida hamroh  bo‘ladi. 

Cho‘ldan tog‘ bag‘riga ko‘chib kelishganida Nurali kuchuk bolasini topib oladi va unga Qoraboy deb ism qo‘yadi. Qoraboy oddiy kuchukcha emasdi, bo‘ri va itning orasida tug‘ilgandi. Shu sabab tog‘liklarning ko‘pchiligi unga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lmaydi. Hatto ba’zilari uni yo‘qotish payida bo‘ladi.  Nurali va uning oilasidagilar esa itni himoya qilish va mehr berishda davom etadi. It ham egalariga o‘rganadi, sadoqat bilan xizmat qiladi. Lekin boshqalardagi hasadgo‘ylik ularning tinch turmushiga doim changal soladi. Itning sodiqligini bilgan odamlar uni himoya qilishga harchand urinsalar ham, Qodir podachi boshchiligidagi yovuz niyatli kishilarga bas kela olishmaydi. Qoraboyning bir fe’li bor edi: o‘ziga alam yetkazganni sira unutmasdi. Odamlardan zulm ko‘rgach, ularga zulm bilan javob qaytaradi. Shu voqealar sabab Nurali va jonivorni bir-biridan ayirishadi. Ammo do‘stlar o‘rtasidagi mehr va sadoqat rishtalari ularning qalblarini aslo tark etmaydi.

Qissani o‘qish chog‘ingizda inson mehri har qanday jonivorga ta’sir etishiga amin bo‘lasiz. Ular yaxshilikni ham, yomonlikni ham unutmaydi. Biror hayvonni o‘zingizga chinakam do‘st tutish uchun unga o‘zingiz ham do‘stlik qilishingiz zarur. Asar voqealari shu yo‘sinda tugaydimi, degan savol sizni o‘ylantirayotgan bo‘lsa ajab emas. Xulosa chiqarishdan oldin ular o‘rtasida kuchli mehr borligini unutmang. Qissa yakuni bilan esa mutolaa jarayonida tanishasiz. Quyidagi savollarga javob topishni hamda javoblaringiz va asardan olgan fikr-mulohazalaringizni bizning telegramdagi @GulxanBilimdon manziliga yuborishni unutmang. Top­qir­ligingiz, albatta, taqdirlanadi.

Savollar:

1. Nurali kuchukchani qayerdan topib oladi?

2. Nima sababdan qo‘ng‘irot elati ayollari boshiga salla o‘rab yurishgan?

3. Qissada yaxshi itga qanday ta’rif berilgan?

4. Qoraboy nega yo‘qolib qoladi?

5. Qodir podachi nega Qoraboyni itlarga talatadi?

6. “Itga mehribonlik qil, uyam senga mehr qo‘yadi” degan so‘zlar qissadagi qaysi qahramonga tegishli?

7. Qoraboy qanday qilib “Hayvonot bog‘i”ga tushib qoladi?

 

Shahribonu RAHMATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.