Nega kasal bo‘lamiz?
Bir ertakda o‘qigansiz. Shoh jamiki tabiblarni saroyga yig‘ib, “Qaysidir joyda ajoyib giyoh o‘sarkan, agar u qaynatib ichilsa, odam hech bir dardga chalinmay, doim tetik yurarmish, shuni topib keltiringlar”, – deydi. Tabiblar bu vazifani bajarolmaydi, shoh g‘azab otiga minadi, shunda botir o‘g‘lon giyohni izlab yo‘lga tushadi va uni topguniga qadar juda ko‘p mashaqqatlarni boshdan kechiradi...
Goho yarim tunda biror joyingiz og‘rib qolsa, shunday giyoh paydo bo‘lib qolishini juda-juda istagansiz, shunday emasmi? Lekin ertak boshqa, hayot boshqa... Bunday vaqtda og‘riqning asl sababini aniqlash kerak bo‘ladi.
Shifokor olimlar bugungi kunda yoshlarda uchrayotgan turli xastaliklardan tashvishlanib, bularga bir nechta xavfli omillarni sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Shulardan ayrimlari xususida bilib qo‘yganingiz ma’qul.
TELEFON – DO‘ST, TELEFON – DUSHMAN…
Cho‘ntak telefonini qulog‘iga tutgancha berilib so‘zlashayotgan kishilarni har qadamda uchratasiz. Aslida-ku, shu jajji qurilma ishimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qiladi, u tufayli har joyda har narsadan ogoh bo‘lib turamiz. Bu yaxshi, albatta... Lekin tanganing ikkinchi tarafi ham bor...
Qarang-a, koreyalik bir guruh olimlar cho‘ntak telefonida tez-tez gaplashish salomatlikka jiddiy xavf solishini aniqlashibdi. Quloqlarning og‘rishi, bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi “telefon kasalligi” alomatlari sanalarkan.
Mobil telefondan chiqadigan nurlanish nerv hujayralari va miya faoliyatiga salbiy ta’sir etib, ko‘pincha xotira yo‘qolishiga olib kelishi haqida fikrlar mavjud. Bunga nima deysiz?
Yaqinda yana bir tadqiqot o‘tkazilibdi. Uning natijasiga ko‘ra, mobil telefonlar kishining fe’l-atvoriga ham ta’sir ko‘rsatarkan!
“Uyali aloqa vositasidan ko‘p foydalanish oqibatida asabiylashish, lanjlik, qat’iyat yo‘qolishi va hafsalasizlik kuzatiladi, elektromagnit to‘lqinlari ta’siri tufayli shunday hol ro‘y beradi”, deydi tadqiqot rahbari, Melburn universiteti professori Kona Stoun.
Olimning aniqlashicha, telefondagi muloqot vaqtida uning shovqini bilan birga kichik intensivlikdagi elektron magnit nurlanishi bosh suyagi tomon yo‘naltiriladi va u yerda o‘zining noxush asoratini qoldiradi.
Internet tarmoqlaridan doimiy foydalanish chog‘ida telefondan tarqaladigan nur ko‘zlar ishini yomonlashtirishi va boshqa a’zolarda ham xavfli xastaliklarni keltirib chiqarishini aniqlagan olimlar muloqot paytida telefon zararidan saqlanish uchun bir nechta maslahatlar berishgan:
– Transportda mobil telefonda foydalanmagan ma’qul, sababi avtomobilning metall qobig‘i elektromagnit nurlanishni ikki-uch barobar oshiradi;
– Raqamni tergach, aloqa o‘rnatilguniga qadar telefonni quloqqa yaqin tutmaslik kerak, chunki zarur raqamni topish uchun telefon apparati zo‘riqib ishlaydi va bu jarayonda elektromagnit to‘lqinlar juda kuchli bo‘ladi;
– Kun davomida telefondan 60 daqiqadan ortiq foydalanish faqat zarar keltiradi.
Gulchehra JAMILOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist