Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qiziqarli, ammo mas’uliyatli

Tarixiy yodgorliklar, muborak qadamjo­larda, go‘zal tog‘ etaklari yoki muzeylarda sayohatchilarga qiziqarli ma’lumotlar yet­kazib, ularni maftun qilayotgan odamlarni uchratganmisiz? Ular gidlar – sayohatchilar yo‘lboshchisi.

Gid (inglizcha “guide” so‘zidan olingan) sayyohlar yoki ekskursiya ishtirokchilariga hamrohlik qilib, manzillarning diqqatga sazovor joylarini tushuntiruvchi yo‘lboshchi. Gidlar shunchaki tarixiy faktlarni gapirib beruvchi bo‘libgina qolmay, jahon mam­lakatlaridan kelgan sayyohlarni o‘zbek tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatimizda azal-azaldan naqadar boy madaniy sivilizatsiya barpo etilganligini tarixiy misollar bilan tushuntirish, ularda ona Vatanimiz haqida betakror, unutilmas xotiralar qoldirish vazifasini ham zimmalariga oladilar. Agar gidlar o‘z ishini a’lo darajada bajara olsa, ular hamrohlik qilgan sayohatchilar xalqimiz madaniyatiga mahliyo bo‘lib, o‘z yurtiga qaytganda bizning betakror manzaralarimiz, boy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz haqida yaqinlariga gapirib berishadi.

Ayni shu jihatdan gidlik kasbi bugungi kunda nafaqat qiziqarli, balki juda ahamiyatli, mas’uliyatli kasblardan biriga aylanmoqda. Yaxshi gid bilimdon tarixchi, aktyor, notiq, hatto, psixolog ham bo‘lishi kerak. Ular ekskursiya guruhining kayfiyatini his qiladi, har bir ishtirokchini qiziqtiradigan nuqtani topa oladi va sayohatni unutilmas voqelikka aylantiradi. Buning uchun gid doimiy izlanishda bo‘lishi, tarix, san’at, madaniyat va geografiya bo‘yicha bilimlarini boyitishi kerak. Yana eng asosiysi, gid, albatta, chet tillarida ravon so‘zlasha olishi lozim. Qancha ko‘p tilni bilsangiz, shuncha ko‘p millat vakillariga gid xizmatini ko‘rsata olasiz. Bu esa sizga yanada ko‘proq xalq vakili bilan tanishish, ularning madaniyatini o‘rganish, shu bilan birga, ko‘proq daromad olish imkoniyatini ham beradi.

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida gidlik kasbiga ixtisoslashgan yo‘nalishlar mavjud. Jumladan, Toshkent davlat Sharqshunoslik uni­versiteti, Jahon tillari universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti hamda ba’zi viloyatlardagi universitetlarda turizm va gidlik sohasiga oid yo‘nalishlar har yili talabalarni qabul qiladi. Bu yo‘nalishlarda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalar ham o‘rgatiladi. Demak, chindan ham qiziqsangiz, bu yo‘nalishda ta’lim olib, yuqori malakali gid bo‘lish imkoniyatingiz mavjud. Quyida gidlar amal qilishi zarur bo‘lgan ba’zi tavsiyalarni sanab o‘tamiz. Ajabmaski, ular sizni ushbu kasbga yanada qiziqtirsa:

–   Tarix va madaniyatni o‘rganing. O‘zbe­kistondagi tarixiy obidalar va sayyohlik maskanlari haqida kitoblar o‘qing, yurtimiz hududida qadimdan yashab kelgan xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayot tarzini o‘rganing;

–   Chet tillarini puxta o‘zlashtiring. Xorijiy sayyohlar bilan muloqot qilishda ingliz, nemis, ispan yoki boshqa jahon tillarini bilish katta afzallikdir;

–   Odamlar bilan muloqot qilishni o‘rganing. Har bir sayyoh bilan ochiq va samimiy munosabatda bo‘lish, kirishimlilik, ularga qiziqarli bo‘lgan mavzuda tarixiy haqiqatga asoslangan hikoyalar ulashish muhim;

–   Sayohat qilishni seving. Gid faqat aytib beruvchi emas, balki o‘zi ham yangi joylarni kashf qiluvchi insondir. Yangi joylarga tez-tez borib turing, u yerning tarixini, turmush tarzini, tabiiy sharoitini o‘rganish sizga kasbingiz yuzasidan juda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.