Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Notani bilmaydigan ulug‘ san’atkor

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, Turon fanlar akademiyasi vitse prezidenti, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “II darajali mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, tarix fanlari doktori, Oriental universiteti professori Hojiakbar Hamidov qutlug‘ 75 yoshni qarshi oldilar. 

Bugungi kunda yurtimizda Hojiakbar Hamidovning bir qator shogirdlari sermahsul faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, yana ko‘pchiligi o‘z ijodi bilan o‘zbek san’atining rivojiga hissa qo‘shmoqda. Aytish mumkinki, yurtimiz san’ati olamida Hojiakbar Hamidovning o‘ziga xos maktabi shakllandi. Ulkan tajriba va mahorat sohibi bo‘lgan ijodkor Hojiakbar Hamidovning bolalik xotiralari jurnalimiz muxlislari uchun qiziqarli bo‘lishiga ishonamiz.

OILANING ASOSIY USTUNI

Men 1949-yil 3-oktyabr kuni Toshkent shahridagi Do‘mbirobod mahallasida ishchi oilasida tug‘ilganman. Oilada  bir qiz, 6 o‘g‘il bo‘lib, men 5-farzandman. Otam Abduhamid Azizov temiryo‘lda poyezd yuk tashuvchisi, onam Muborakxon aya uy bekasi bo‘lganlar. Uyimizda faqat otam ishlaganlari uchun sharoitimiz ham o‘rtahol edi. Otamning 60-70 so‘mlik maoshi 7 farzandning ehtiyoji va oila xarajatlariga yetmasdi. Kuniga bir mahalgina issiq ovqat yeyishimiz mumkin edi. Shu sababli biz o‘g‘illar oilamiz iqtisodini  tiklash uchun imkon darajasida ota-onamga yordam berishga harakat qilardik.

Deyarli har kuni akalarim bilan ko‘chalar va mahallalarni kezib, mayda o‘tinlarni yig‘ib chiqardik. Gohida shu o‘tinni topish ham amrimahol bo‘lib qolardi. Biz garchi og‘ir bo‘lsa-da, daraxtlardan qolgan kundalarni topib, ularni ildizi bilan kavlab olib, onamning ovqat pishirishlari uchun maydalab, tayyorlab qo‘yardik. Gohida ildizi chuqur bo‘lgan bir kundani tagi bilan sug‘urib olish uchun haftalab qatnardik. Sababi ertalab maktabga borardik, darsdan keyin uy vazifalarini to‘liq bajarib, yana kunda kavlash uchun chiqib ketardik. To‘nkani qattiq zarang yerdan ajratib olish uchun atrofini 5 metr chuqurlikda kavlardik. Bu ancha mashaqqatli ish edi. Kundalik ehtiyojdan ortgan o‘tinlarni qish uchun ajratib, alohida yig‘ib qo‘yardik. Chunki ko‘mir sotib olishga imkonimiz yetmas edi.  

Men 5-6-sinfdan boshlab kitob mutolaa qilishga o‘zgacha mehr qo‘ydim. Bunga katta akamning mo‘jazgina kutubxonasi sabab bo‘ldi. Akam harbiy xizmatdan qaytganidan so‘ng hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining Tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. Akam har oy olgan stipendiyasiga badiiy asarlar, tarix va geografiya fanlariga oid kitoblar olib kelardi. Har kuni akamning kutubxonasiga kirib, kitob mutolaa qilardim. Aynan shu kitoblar adabiyot va tarix olamiga qiziqib qolishimga sabab bo‘ldi.

Bolaligimda judayam sho‘x bo‘lganman. To‘g‘rirog‘i, hamma ishga ulgurardim: uyga vazifalarni bajarishga, kitob o‘qishga, hattoki ko‘cha va mahalladagi bolalar bilan o‘ynab, urishishga ham. Futbol yoki chillak o‘ynaganimizdan keyin yutqazgan tomon, albatta, janjal chiqarardi. Demakki, o‘yinda yutamizmi yoki yutqazamizmi, janjal bo‘lishi tayin edi...

Oilada o‘g‘il farzand ko‘p bo‘lgani uchun otam har kuni bizni tancha atrofiga yig‘ib, odob-axloq har bir inson o‘zini munosib tutishi va doimo kerakli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi haqida ko‘p nasihat qilardi. Gohida otamning o‘tli bir qarashi o‘zimizni tartibga keltirib olishimiz uchun yetarli bo‘lardi. 

Men hozir 75 yoshdaman. Lekin shu yoshimda ham oilamizda otamning biz farzandlariga bergan tarbiyasi hayotda to‘g‘ri yo‘lni topishimizda katta ko‘makchi bo‘lganligini his etib turaman. Bolaligimdan ota-ona tomonidan farzandlarga berilgan to‘g‘ri tarbiya oilaning eng asosiy ustuni ekanligiga ishonch hosil qilganman...

“KETMOQDAMAN”

Bizning uyimizda kichkinagina radio bo‘lardi. U radiodan doim qo‘shiq yangrab turardi. Ayniqsa,  oilamiz bilan Faxriddin Umarov qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rib eshitardik. Ustoz san’atkorning qo‘shiqlarini eshitganim sari mening yuragimda san’atga bo‘lgan kuchli mehr va ishtiyoq paydo bo‘la boshladi. Radiodan Faxriddin Umarovning qo‘shiqlari boshlanishi bilan baland ovozda jo‘r bo‘lgancha, qo‘shilib xirgoyi qilardim. Ijro qilganimda shunchalik berilib ketardimki, hattoki atrofimdagilarni, uydagilarni ham unutib qo‘yardim. Mendagi ishtiyoqni ko‘rgan otam 16 so‘mga rubob olib bergan. Rubobni qo‘limga olganimdagi kunni, quvonchni so‘z bilan tasvirlab berolmayman...

Dadamning ukalari, ya’ni amakim mahallamizda bo‘ladigan to‘ylarda qo‘shiq aytib, xizmat qilardi. Men amakimning kuylashi va rubob chalishini diqqat bilan kuzatar edim. Xotiram kuchli bo‘lgani sababli amakimning qo‘l harakatlari va ohanglarini tez yodimda saqlab qolardim. Shu kuzatishlarim hamda tinglashlarim orqasidan rubobni notasiz, bemalol chalib, qo‘shiq aytishni o‘rgandim. 

Maktabni 1966-yilda tamomladim. Lekin birinchi yil Toshkent teatr va rassomlik  institutiga kira olmadim. Ikkinchi yil hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining Tarix fakulteti kechki guruhiga o‘qishga kirdim. Kunduzi yuk tashuvchi bo‘lib ishlardim, kechqurun o‘qishga borardim, imkon bo‘ldi deguncha rubob chalib, qo‘shiq aytardim...

Taniqli ijodkor O‘tkir Hoshimov akamning sinfdosh o‘rtog‘i bo‘lgan. Biz bir mahallada yashardik va tez-tez O‘tkir akaning uylariga borib san’at va she’riyat mavzusida qiziqarli davra suhbatlari, yig‘inlar qilib turardik. O‘tkir Hoshimovning akasi To‘lqin Hoshimov ham san’at shaydosi edi. U kishi ham qo‘shiq aytardi. Shunday yig‘inlarning birida O‘tkir akaning “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan “Bahor qaytmaydi” deb nomlangan asarini o‘qib qoldim. Asarning ichida “Ketmoqdaman” degan she’r ham berilgan ekan. Menga bu she’r shunchalik yoqib qoldiki, unga o‘zim kuy yaratib, qo‘shiq qildim. O‘sha paytda 18 yoshda edim. Mana shu “Ketmoqdaman” qo‘shig‘im meni xalqqa tanitdi, haqiqiy san’atkor deb ulug‘lanishimga sabab bo‘ldi. Birgina shu “Ketmoqdaman” qo‘shig‘ini eshitish uchun  respublikamizning turli viloyatlaridan yurtdoshlarimiz o‘zlarining yaxshi kunlarida, to‘ylarida  astoydil taklif qilishardi. Mana, 57 yildan buyon “Ketmoqdaman” hali-haligacha menga hamrohdir.

SHOGIRDLIK BAXTI

O‘zim uchun g‘oyibona ustoz deb bilgan Faxriddin Umarovning 500 dan ortiq qo‘shiqlarini yoddan bilardim. Lekin ustozning oldilariga borishga hayiqar edim. Sababi, “men oddiy yuk tashuvchi bo‘lsam, shunday ustoz meni shogirdlikka qabul qilarmikan?!” degan hadik mening bu orzuyimga to‘sqinlik qilardi. Nihoyat 1970-yil 21 yoshimda ustoz Faxriddin aka bilan hayotda ko‘rishib, u kishiga shogird bo‘lish menga nasib etdi. O‘sha kundan boshlab  ustozimga doimiy hamroh bo‘ldim. Ustoz  davlat tadbirlari yoki to‘y xizmatlariga, albatta, meni ham olib borardilar. Men esa ustozim bilan bir davrada qo‘shiq aytayotganimdan ich-ichimdan cheksiz quvonardim va faxrlanardim.

Ustozimdan hayotda ham, san’atda ham o‘zim uchun kerakli saboqlarni oldim. U kishidan o‘rganganlarim va o‘rgatganlari asosida  200 dan ortiq qo‘shiq yaratish baxtiga muyassar bo‘ldim. Hech qanday musiqa maktabiga bormagan, hattoki notalarni ham tushunmaydigan havaskor san’atkor uchun bu katta natija, aslida. Yaratganning menga bergan marhamati  va ustozimning ko‘rsatmalari bilan san’atda  ham o‘z o‘rnimni topdim.

YOSHLARGA…

Biz turkiy xalqlarining bir bo‘lagimiz. Turkiy xalqlardan chiqqan allomalarni yanada chuqur o‘rganish va bu bilimlarni yoshlarga yetkazish biz olimlarning vazifasidir. Bu borada quvonarli tomonimiz shundaki, oliy ta’lim muassasalarida “Sharq allomalari” degan milliy fan kiritdik. Bu fan orqali biz ulug‘ ajdodlarimizning diniy, ilmiy yo‘nalishda qilgan ulkan ishlari, yaratgan kashfiyotlari haqida batafsil ma’lumot beryapmiz.

Yoshlar har bir o‘tayotgan kunidan unumli foydalanishsin, tariximizni o‘rganishsin. Bugungi kunni yaratish uchun ota-bobolarimiz qanday zahmat chekishganini dildan his etmoqlari kerak. Ana shundagina ular o‘z millati va xalqini o‘ylaydigan, qayg‘uradigan, yurtimiz rivoji uchun ko‘mak beradigan, suyanch va tayanch bo‘ladigan inson bo‘la olishadi. Xoh ilm yo‘li bo‘lsin, xoh san’at yoki sport yo‘li bo‘lsin, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishlari uchun astoydil intilishlari zarur.

             Men ustozlarim – padari buzrukvorim Abduhamid   Azizov, xalqimiz ardog‘idagi Faxriddin Umarov, tarixchi olim Ahmadali Asqarovlarning pand-u nasihatlariga amal qilib, hayotda to‘g‘ri yo‘limni topa oldim. Demoqchi bo‘lganim, hayotda ham, ijodda ham avvalo, ustozni to‘g‘ri tanlay olish hamda ularni e’zozlay bilish kerak. 

Otam va ustozlarimning ibratli nasihatlari va o‘gitlarini men hozir farzandlarim, nabiralarim, shogirdlarim hamda talaba-yoshlarga yet­kaz­moqdaman.

Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, men milliy san’atimizni saqlab qolish va uni yanada rivojlantirish tarafdoriman. Shu sababli millatimiz tarixi, san’ati va an’analari uchun doimo qayg‘uraman. Ayniqsa, san’at sohasida yengil-yelpilik kuchayib ketdi. Bu esa nafaqat san’atimiz, balki millatimiz uchun qayg‘uli holat. Millatimiz o‘zligini saqlash, milliy san’atimizni rivojlantirish yoshlarimizning qo‘lidadir. Yoshlarimiz esa bu ishonchni oqlashlarini astoydil istab qolaman.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.