Qudrat Hikmat haqida
...Qudrat aka o‘zidan kattalardan, ayniqsa, Oybek domladan, Quddus Muhammadiydan yaxshi mehr ko‘rgan edi. Buni unutmadi, ulardan olganlarini ortig‘i bilan o‘zidan kichiklarga qaytardi.
Bir kuni meni Mirkarim Osimnikiga olib bordi. Domla Quddus Muhammadiy bilan shirin suhbat qurib o‘tirgan ekan.
– Mirkarim aka! Bu yigit Miraziz A’zam degan shoirimiz. Sizga o‘xshagan “Mir”lardan, – deb domlaga tanishtirdi.
– Qani, sen “Kitob, nima desalar?” degan she’ringni o‘qi-chi! – deb qoldi. O‘qidim.
Qudrat aka sabab Mirkarim Osim bilan yaqin bo‘lib qoldim.
Boshqa ustozlarning uylariga, ishxonalariga olib borar, ijod namunalarini chiqarishga ko‘maklashardi. Tursunboy Adashboyevning kitobini chiqarish uchun qo‘lyozmasini nashriyot muharrirlar kengashida muhokama qildirib, so‘ng rejaga kiritdi. Qudrat akaning hayotida bunday misollar juda ko‘p. Asosan yoshlarning kitoblarini rejaga kiritishda jonbozlik ko‘rsatardi...
Miraziz A’ZAM