Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Obod Vatanim

“Topganing to‘yga buyursin”, “To‘ydan boshing chiqmasin”, “To‘yga to‘yona bilan”... Bu kabi ezgu tilaklar xalqimiz azaldan to‘yga, tantanaga yoki biror shodiyonaga astoydil tayyorgarlik ko‘rishi, biror sovg‘a bilan bir-birini xursand qilishga odatlanganini bildiradi. E’tiborlisi, xalqimizga xos ushbu odat davlatimiz siyosatida ham namoyon. Xususan, eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz bo‘lmish Mustaqillik bayramida xalq turmush tarzini yaxshilash, yurt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish maqsadida barpo etilayotgan yangi obyektlar, majmua va bog‘lar yurtdoshlarimizga tuhfa qilib kelinmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida shahar-u qishloqlarimizni obod qilish, yangi mahalla-yu binolar barpo etish an’anaga aylandi. Ayniqsa, poytaxtimiz Toshkent so‘nggi olti yilda yanada chiroy ochdi. Milliylik va zamonaviylikni o‘zida mujassamlashtirgan binolar barpo etildi. Keling,  bayram arafasida poytaxtimiz faxriga aylangan ana shunday maskanlarning   ayrimlari  bilan tanishamiz.

“YANGI O‘ZBEKISTON” BOG‘I VA MUSTAQILLIK MONUMENTI

yangi_ozbekiston_bogi.jpg

Istiqlolning 30 yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan ushbu Majmuani, vatanimizning  eng qisqa  va lo‘nda  tarixi, desak  to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki  majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o‘lmas siymolari aks ettirilgan. O‘zbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi og‘ir va mashaqqatli hayoti, qatag‘on siyosati, vatandoshlarimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorat va matonati ta’sirchan lavhalarda ifodalangan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Yodgorlik yurtimizda yangi O‘zbekistonni – uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi bilan uyg‘un holda barpo qilingani, ayniqsa, ahamiyatlidir. Unda milliy davlatchiligimizning ramzi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari o‘zining bor mahobati va shukuhi bilan ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘lib turibdi.

Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli bo‘lgan, ko‘kda mag‘rur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji bo‘lib o‘rin egallagan.

TOSHKENT SHAHRI YER USTI METROSI

yer_usti_metrosi.jpg

Metro  eng qulay transport, yo‘llari doim ochiq, svetafor ham, tirbandlik ham bezovta qilmaydi. Tezligiga-ku gap yo‘q. Istagan manzilingizga bir zumda yetib borasiz. Ayniqsa, yer usti metrosi ishga tushgach,  bu qulaylik yanada oshdi. Endi   shaharliklar ham, mehmonlar ham  metrodan tushmasdanoq butun poytaxtni aylanib chiqishi mumkin.  Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro qurilishi besh bosqichda amalga oshiriladi.

Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik-2 – Qo‘yliq” yo‘nalishi qurib bitkazildi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Uzunligi 11,5 kilometr bo‘lgan bu yo‘nalish mana sal kam bir yildirki poytaxtliklar, ayniqsa,  o‘quvchi va talabalarning  sevimli transporti sifatida yelib-yugurib xizmat qilmoqda.

“HUMO ARENA” MUZ SAROYI

humo_arena_.jpg

Xokkey, figurali  uchish sportiga  qiziqqan  bo‘lajak  chempionlarning  orzusi  ushalganiga ham uncha  ko‘p  vaqt  bo‘lgani  yo‘q. To‘g‘ri  topdingiz. Gap poytaxt  ko‘rkiga  ko‘rk, sportchilarimizga  g‘urur bo‘lib  qad rostlagan muz saroyi “Humo Arena”  haqida. Unga qarab, mustaqil respublikamiz  sporti  salobatini, zalvorini  yurakdan his qilish mumkin. 12 ming  tomoshabinga  quchog‘ini ochib turgan Markaziy arenada qishki sport turlari (xokkey, short-trek, figurali uchish va kyorling) bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi, ko‘rgazmalar hamda forumlar tashkil etiladi.

Kompleks yetti qavatdan iborat bo‘lib, ulardan biri yer ostida joylashgan. Umumiy maydoni 82,2 ming kv. metr, balandligi 40 metr. Uning yaqinida 1600 ta avtomobil uchun mo‘ljallangan to‘rt qavatli turargoh bunyod etilgan.

TEXNOPARK

texnopark.jpg

Jazirama issiqda konditsioner  yordamida salqinlagan xonada dam olayotganingizda, muzqaymoq yoki yaxshi ko‘rgan ichimligingizni issiqdan asrab, eritmay, saqlab beradigan  muzlatgichdan  olayotganingizda, buvingiz yaxshiyam shu shamolparrak bor ekan-a, bo‘lmasa yuragim issiqdan gupillab ketayotgandi, deganlarida bunday  rohatijon  buyumlar qayerda    yaratilishi haqida  hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ana shu savolga so‘nggi manzilimiz – 2019-yil avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan ko‘p tarmoqli Texnopark haqidagi ma’lumotlarimizdan javob topasiz.

Yashnobod tumanida joylashgan ushbu  korxonada Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kom­paniyasi texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu yerda maishiy sovutgichlar ishlab chiqariladi.

Korxonada ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan. Bu esa  ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan  jadal ishlash imkonini beradi. Ishonasizmi-yo‘qmi, bu yerda  har 19 soniyada bitta sovutgich tayyor  bo‘ladi.

Yangi O‘zbekistonda sizga faxrlanib ko‘rsatadigan maskanlarimiz, korxonalarimiz, ziyorat­gohlarimiz  juda  ko‘p. Bizning bu  suhbatimiz dengizdan qatra, xolos.

 

M.Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.