Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ko‘z ochib yumgulik lahza

Sahifamiz mehmoni – O‘zbek Milliy teatrining ustoz san’atkori, sahna va ekran olamida sermahsul ijodkor, o‘zbek dublyaj san’atining qirollaridan biri,  “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist  Mahmud Ismoilov. Zabardast aktyor faoliyati davomida 100 dan ziyod sahna asarlarida turli obrazlarni gavdalantirgan. U teatrda sahnalashtirilgan Alisher Navoiy, O‘z arizasiga ko‘ra, Yulduzli tunlar, Qirol Lir, Usmon Nosir, Mirzo Ulug‘bek, Mehrobdan chayon, Kunduzsiz kechalar, Daraxtlar tik turib jon beradi, Uvaysiy, Omonat dunyo spektakllarida turli obrazlarni yaratgan. Aktyor san’atning kino, televideniye va dublyaj sohalarida ham sermahsul ijod qilib kelmoqda. Jumladan, Domla, Ko‘ngil ko‘chalari, Imom Al-Buxoriy, Qaytar dunyo, Tutash taqdirlar, Opa-singillar, Nomus, Faqat g‘alaba, Sardor, Jasur kabi videofilm va badiiy filmlarda betakror rollar ijro etgan.   

Yorug‘likka yo‘l

Men 1954-yil 20-dekabrda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida tug‘ilganman. Mahallamiz  o‘rtasidan   katta yo‘l  tushgach, ko‘pqavatli uyga ko‘chib o‘tganmiz. Bu yerdagi qo‘shnilarimiz  asosan  ruslar edi. Avvaliga biroz   qiynalganman-u, biroq keyinchalik yaxshi chiqishib ketganmiz.

Tumandagi Abdulla Qodiriy  nomli 162-maktabda o‘qiganman. Maktabdagi o‘qituvchilarga hurmatimiz boshqacha edi. Biz ularga “Ustoz” deb murojaat qilmasdik. Ismlarini aytib chaqirardik: Aziz aka, Yunus aka, Shohida opa... Ular orasida ona tili va adabiyot o‘qituvchim Aziz aka Fazliddinovning o‘rni boshqacha edi. Dars o‘tishlari, fanni tushuntirishlariga barcha o‘quvchilar mahliyo bo‘lardi.  Hammamiz uni yaxshi ko‘rardik.  Bolaligim mahalladosh o‘rtoqlarim bilan  o‘tgan. Sho‘x bo‘lmaganman,  asosiy vaqtimni badiiy kitob o‘qishga sarflaganman. Uyi­mizdagi kitob javoni  doimo  to‘la bo‘lardi. Rahmatli onam badiiy adabiyotni yaxshi ko‘rardilar va bizni hamisha kitob o‘qishga undardilar. O‘sha paytlar ko‘pchilik sinfdoshlarim va tengqurlarim kitob o‘qirdi. Bir asarni o‘qib tugatgan zahotim uni do‘stimdagi boshqa asar bilan almashtirardim. “Bobur” bog‘idagi hamda Gagarin ko‘chasida Furqat nomli kutubxonaga  a’zo  bo‘lganman. Asosan sarguzasht, romantik asarlarga qiziqardim. Aleksandr Dyuma, Mayn Rid, Jyul Vern asarlarini rus tilida o‘qiganman. Chunki o‘sha davrda bunday sarguzasht asarlar  o‘zbek tiliga tarjima qilinmagandi.

Bolaligimdan kitobga mehr-muhabbatim o‘zgacha bo‘lgan. Kitob hech qachon sizni qabih yo‘lga yetaklamaydi. Aksincha, ulg‘aytiradi. Sinfdagi eng yaqin o‘rtog‘imning otasi Komil Yormatov nomidagi o‘zbek kinostudiyasida tarjimon bo‘lib ishlardi. Uyida kitoblari juda ko‘p edi. Sinfdoshim dadasidan berkitib kitob olib kelar va  3 kun ichida qaytarib berish sharti  bilan qo‘limga tutardi. Darsimni tugatdimmi, kitobga sho‘ng‘irdim.Rahmatli onam yarim kechasi  yonimga kelib “Bo‘ldi! Kirib uxlamaysanmi? Ertaga maktabga borishing kerak”, –  deb koyimagunlaricha kitobdan bosh  ko‘tarmasdim. Balki, fikrlashim ravon, dunyoqarashim kengligi uchun yomon bolalarga qo‘shilib ketmagandirman.

Yolg‘on gapirmaganman

Dars tugadimi, daydib yurmasdan, to‘g‘ri uyga borardim. Koptok tepish, cho‘milishga beruxsat borish kabi odatlar menga begona edi. Ota-onam qaysi kuni darsim nechada tugashini yaxshi bilishardi. Qo‘shimcha tarbiyaviy soat bo‘lib,   uyga 15-20 daqiqa kech qaytsam, “Qayerda yurganding?” – deb so‘rashardi. Hech qachon yolg‘on gapirmaganman. Chunki bizga shunday tarbiya berilgan edi. Ularni juda qattiq hurmat qilardikki, hattoki bir og‘iz ters gapirishga qo‘rqardik. Qo‘shnilarimiz ruslar edi.Ularning bolasiga bergan tarbiyasi biznikidan farq qilardi. Xonadonimizda har doim ovqat mahalida hammamiz jam bo‘lganimizdan so‘ng dasturxonga taom tortilardi. Qo‘ni-qo‘shni tashqaridan bolasini chaqirib halak bo‘lardi. Bolalar ota-onasiga gap qaytarishardi. O‘zini bilganidan qolmay, to‘p tepaverardi. Bizning uyimiz derazasidan dadamning “Mahmudjon, Mo‘minjon” degan ovozlarining o‘zi yetardi. Darhol uyga yugurardik. Qo‘shnilar ko‘rib hayron qolishardi. Shuning uchun bolalikda ota-onaga bo‘lgan hurmat, ularning izmidan chiqmaslik 1-o‘rinda bo‘lishi lozim. Chunki ular bolasiga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Meni bolalikdagi eng to‘g‘ri amalim ota-onamning chizgan chizig‘idan chiqmaganimda bo‘lgan.

Har safar ovqat mahalida opa-singillarim boshida ro‘mol, aka-ukalarim boshida esa do‘ppi bo‘lardi. Dadam doimo: “Boshyalang ovqatlanib bo‘lmaydi”, – derdilar. Bu biz uchun qonun edi. Hozirgacha men ham dasturxon atrofida boshyalang o‘tirolmayman. Oila a’zolarimga ham bu odatni o‘rgatganman. Bu aslida gigiyenaga amal qilishning yaxshi usuli.

Sirli olam kashfiyoti

Maktabda o‘qituvchilar bizni  tez-tez Yo‘ldosh Oxunboboyev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatriga,  “Yosh gvardiya” teatriga olib borishardi. Bu yerda  o‘qigan asarlarimdagi voqealarni jonli tarzda ko‘rib, yanada to‘lqinlanardim.

Maktabda rubob chalishni o‘rganganman. Aytmoqchi, uyimizda pianino bo‘lardi. Singlim musiqa maktabida pianino saboqlarini olardi. Undan pianino chalishni o‘rganib olgandim. Musiqa va badiiy adabiyotga qiziqishim hayotimni sirli olam, ibratxona deb atalmish teatr bilan bog‘lanishiga zamin bo‘lgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Maktabni tugatgach  qaysi institutda o‘qish  haqida uzoq o‘ylanganman.

Toshkentda Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik instituti borligi xayolimgayam kelmagan. Boshqa universitetlarga hujjat topshirib, imtihondan  yiqilganman.Chunki u yerda asosiy fan hisoblangan matematika, fizika kabi aniq fanlardan bo‘sh  edim. Lekin ona tili va adabiyot fanidan besh bahoga  o‘qiganman.

Bir kuni tushkun kayfiyatda o‘tirsam, do‘stim yonimga kelib “Manga qara, Mahmud! Shu o‘zimizning teatr institutiga topshira qol” – dedi. Men “Qanaqa teatr instituti? Eshitmagan ekanman”, – dedim ajablanib. Shunda qo‘limga qog‘oz tutqazib, “Mana, o‘sha institut! Bu yerda kirish imtihonlari bo‘yicha shartlari yozilgan”, – dedi. Ular she’r yodlash, ashula aytish va boshqa sinovlardan iborat edi. Dilim yorishdi-yu, tavakkal qilib hujjatlarimni institutga topshirdim. Buni qarangki, ijodiy imtihondan  silliqqina  o‘tdim. Sababi, o‘qigan kitoblarim, yodlagan she’rlarim juda katta yordam bergandi. Meni ikkinchi bosqichga ham taklif qilmay  institutning tayyorlov kursiga qabul qilishgan. Bir yillik tayyorlov kursida  22 nafar yigit-qiz o‘qiganmiz. Shuncha tinglovchidan bor-yo‘g‘i 5 kishi institutga  kirganmiz. O‘qishning eng zahmatli damlari o‘sha kundan boshlangan. Tayyorgarliklar, etyud, mashqlar, tabiatni va undagi har bir organizmni kuzatib o‘rganish, ularni his qilish... Ustozim rahmatli Arsen Ismoilov har darsga kelganlarida to‘satdan savol berardilar. Misol uchun, “Mahmud, sen institutga qayerdan kelasan?” deganlarida “Beshyog‘ochdan”, derdim. “O‘sha Beshyog‘ochdan to shu yergacha nechta daraxt bor ekan?” – deb javob kutsalar, ikkilanmay “Men bilmayman”, derdim. Ana shu paytda “Qarab kelmaysanmi yon-atrofingga?! Sanay olmaysanmi o‘zing uchun? Hayotda doimo sinchkov bo‘lishing kerak. Bu atrof-muhitdagi insonlarning turfa xil xarakterini o‘rganishingda yordam beradi. Sen qachonki, obyektning jismini, xarakterini kashf eta olsang, his qila olsang, uning obrazini, qiyofasini yarata olasan”, – derdilar.

Ustoz e’tirofi

To‘g‘ri, hayotda qiyinchiliklar bo‘lgan. Boshida, sahnaga kirib kelganimda gonorar pulim yoki oyligim ham katta emas edi. Mana shu hayotning past-u balandliklaridan, o‘nqir-cho‘nqirlaridan turtinib, surtinib, toyib, yugurib zarbalariga turib berganmiz. Shukrki, hozir rohatini ko‘ryapmiz. Prezidentimiz qo‘lidan olgan “Mehnat shuhrati” ordenim bor. Oilam ham yelib-yugurib maqsadi sari intiladi.

Uchta qizim ham oliy ma’lumotli. 6 nafar nabiram bor.

Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni Buxorodaligimda qo‘limga eski bir gazeta tushib qoldi. Ichini ochib qarasam, ustozim – Aziz akamning katta maqolasi turgan ekan. Shunaqangi xursand bo‘ldimki, yonimdagi hamkasblarimga maqtanib ham qo‘ydim. Maqolada mening ham ismimni zikr etibdilar. O‘quvchisi bo‘lganimdan faxrlanib yozgandilar. O‘sha gazetani uyimga olib kelib, kitob javonimda haligacha saqlayapman.

Umr — ko‘z ochib yumgulik lahza. Yoshlarga faqat va faqat aytadigan so‘zim doimo kitob o‘qishsin. Ular umr bo‘yi bola bo‘lib qolmaydi, ota-onasining bag‘rida bo‘lmaydi. Hammamiz o‘tkinchimiz. Ota-onalarimiz oldida vaqtimizni behudaga sarflab, turli o‘yinlar o‘ynab, telefonga berilib yurish, umrni ko‘kka sovurish yaramaydi.

                                                                                

Ibrohim RIXSIBOYEV tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.