Medal muborak o‘g‘lon
Siz Lazizbek Rajabboyevni taniysiz. Axir, zukko matematik, serg‘ayrat o‘quvchi, 63-Xalqaro matematika olimpiadasi bronza medali sohibini qanday bilmasligingiz mumkin?! Bugun tengquringizning iqtidori va kuch-g‘ayratini butun dunyo tan olmoqda.
6-16-iyul kunlari Norvegiyaning Oslo shahrida bo‘lib o‘tgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida Lazizbek Rajabboyev O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Yosh matematik dunyoning 104 ta davlatidan qatnashgan 589 nafar o‘quvchi bilan bellashdi. Bilimlarning ayovsiz kurashida ishtirokchi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Buxoroning Qorako‘l Xalqaro matematika maktabida tahsil olib, bilimlarini sinovda yuzaga chiqargan o‘quvchidan bugun ota-onasi, ustozlari, butun O‘zbekiston xalqi xursand. Endi Lazizbek uchun yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining eshigi ochiq. Bundan tashqari, yosh matematikning ushbu yutug‘i uchun unga 60 million so‘m, ustoziga 45 million so‘m pul mukofoti berildi.
Bugunning yoshlari zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va tirishqoq Lazizbekdan o‘rnak olsa arziydi. Bu mukofot mustaqil O‘zbekistonning 31 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
O‘z muxbirimiz