Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir kitob o‘qidim

Jurnalimizning may sonida “Yosh kitobxon” Respublika tanlovining 1-o‘rin sohibasi, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritgan kitobxon qiz,  Buxoro shahridagi  30-maktabning  10-sinf o‘quvchisi Muxlisa Nasimovaning fikr-mulohazalari bilan tanishgan edingiz. Tanlov ishtirokchilariga  berilgan kitoblar ro‘yxatida jahon bolalar adabiyotining durdona asarlaridan biri  Garriet Bicher – Stouning “Tom tog‘aning kulbasi” nomli romani ham bor edi. G‘olib qizimiz yozgi ta’til kunlarini behuda o‘tkazmay, asardan olgan taassurotlari haqida yozib yuboribdi.

 

Ushbu asarda o‘sha davrdagi eng dolzarb irqiy mavzu oq tanli va qora tanlilar o‘rtasidagi  ziddiyatli munosabatlar tasvirlangan. Asar davomida bosh qahramon  Tomning ayanchli hayoti va shu orqali oq tanlilarning qora tanlilarga nisbatan haqoratli munosabatiga guvoh bo‘lamiz.

Tom tog‘a  bola-chaqasi bilan xo‘jayiniga halol xizmat qiluvchi, taqvodor va itoatgo‘y qullardan edi. Kitobxon bu obraz orqali hayotda halol mehnat qilib, halol rizq topishni o‘rganadi. Asar  qahramonlaridan yana biri Jorj Garris – zolim xojasini juda yomon ko‘radi. U o‘zi ishlayotgan zavodda g‘aroyib mashina ixtiro qiladi va katta shuhrat qozonadi. Uning iste’dodini payqagan zavod egasi Jorjning xo‘jayinidan uni ozod qilishni so‘raydi. Ammo  oddiy bir qul bu ixtironi o‘zini mendan aqlli ko‘rsatish uchun qilgan, deb tushungan xo‘jayini Jorjni ataylab  ishdan bo‘shatib olib, mislsiz qiynoqlarga  soladi.  Bu xo‘rliklarga chiday olmagan Jorj oilasi bilan ozod bo‘lishga intiladi. Uning rafiqasi Eliza farzandini boshqa xo‘jayinga sotmoqchi bo‘lishganidan xabar topib, uni qutqarish uchun olib qochadi. Jorj va Eliza  chinakam insonlardek hayot kechirish orzusida Kanadaga o‘tadi. Bu yo‘lda ancha zahmatlar  chekishadi va nihoyat ozodlikka erishadi. Adib ushbu qahramonlar orqali harakat qilgan odam ko‘zlagan natijasiga erishishini badiiy bo‘yoqlarda  ishonarli  tasvirlaydi.

G.B.Stou quldor Legrining plantatsiyasidagi ayanchli taqdirlarni, qullar bozorini realistik tarzda tasvirlaydi. Quldor nafaqat qullarni sotib mo‘maygina daromad orttiradi, balki ularni haqoratlash, qiynash orqali irodasini sindirishga harakat qiladi. Keyinchalik Legriga sotilgan va uning qo‘lida azoblangan Tomda Kassi bilan qochish uchun imkon bo‘ladi. Ammo u bundan foydalanmaydi. Zolim egasiga sodiq qoladi. Legrining qiynoqlaridan jon berar ekan, sobiq xo‘jayini Arturning o‘g‘li Jorj Shelbi uni qidirib keladi. Bundan cheksiz quvonib ketgan bechora  sadoqatli qul Tom o‘limi oldidan  “Orzumga yetdim... Ular meni unutishmagan ekan...” degancha  hayotdan  xotirjam  ko‘z  yumadi.

Asarda Amerika janubidagi qullarning ayanchli hayoti   mahorat bilan ochib beriladi.  O‘sha davrda janub qullar uchun chinakam  zindon edi. Bu davrdagi linch sudlari ularni odam o‘rnida ko‘rmas, abolitsionistik harakat (qora tanli qullarni ozodlikka olib chiqmoqchi bo‘lganlar)i  esa hali sust edi.

Kitobning bugungi kundagi ahamiyati shundaki, jismoniy qullik o‘tmishda qoldi, irqiy  kamsitishlarga  barham berilgan. Irqi, rangidan  qat’i  nazar  barcha  insonlar  teng  huquqli.

Ammo endi sezishimizcha, jahonda jismoniy qullik tugatilib, manaviy qullik davri boshlandi. O‘z fikrini boshqalarga singdirish, majburan bo‘ysundirish, itoatda saqlash, erkin fikrni taqiqlash – ma’naviy qullikning asosiy ko‘rinishlaridir. Jismoniy qul qachondir ozod bo‘lishga umid qiladi, chunki aqli va qalbi bunga ishonadi. Biroq ma’naviy qulga aylangan odamda  bunday tuyg‘ular bo‘lmaydi. U shunchalik mute bo‘ladiki, qaysi tomonga yo‘naltirishsa, chiroyli ko‘rsatishsa, ergashib ketaveradi. Bu ahvolga tushmaslikning yagona yo‘li – ilm olish va bu orqali dunyoqarashni shakllantirish, o‘z fikriga ega bo‘lishdir. Bu yo‘lda  bizga  kitoblar – badiiy  adabiyotlar  beminnat  ustozdir. 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.