Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Odobingiz ko‘zgusi

Avtobusda borar ekanman, navbatdagi bekatdan chiqqan o‘quvchilar diqqatimni tortdi. Buyurtma asosida tiktirilgan bo‘lsa kerak, barchalarining egnida bir xil rangdagi o‘quvchilar formasi. O‘g‘il bolalar oq ko‘ylak, qora shimda, qizlar oq kofta ustidan nimchali yubka kiyishgan. Dastlab ularga havas bilan boqdim, keyin esa negadir kayfiyatim tushib ketdi.

E’tiborimni tortgani, yonimdagi o‘g‘il bolalarning soch oldirish usuli bo‘ldi. Soch “xo‘roz” usulida qirqilgan, quloqning ikki chekkasiga yo‘l-yo‘l chiziqlar, yulduzcha aksini qoldirib taroshlangan. Ajablanib ulardan so‘radim:

– Bolalar, nechanchi sinfda o‘qiysizlar?

– 5-sinfda, – javob berdi bolalardan biri.

– Nega sochingiz o‘zgacha uslubda taroshlangan? Bunga ustozingiz indamaydimi?

Bu savolni ko‘p eshitaverishgan, shekilli, javoblari tayyor ekan:

– Indaganda qandoq. Biz ularga bunday soch turmagi zamonaviylik belgisi ekanligini tushuntiramiz. Axir dunyoga mashhur futbolchilar sochlarini shunday uslubda oldirishadi. Biz ham futbol mashg‘ulotlariga qatnaymiz. Ularga o‘xshagimiz keladi, – deyishdi faxr bilan.

Ana xolos, hali chempion bo‘lmay turib mashhurlarning sochiga taqlid qilish to‘g‘rimikan?

Xizmat yuzasidan maktablarda bo‘lganimda qizlarning yurish-turishi, kiyinishlarini kuzatdim. Sochlariga oppoq lenta taqib, bejirim kiyingan qizlarni ko‘rib ko‘zim quvondi. Ammo ayrim o‘quvchi qizlarning yubkalari belgilangan me’yordan ancha kalta, sochlari uzun bo‘lsa ham yoyilgan, ayrimlariniki “ajdaho” usulida o‘rilgan, oyoqlariga sport krossovkasini kiygan qizlar imijlari “zamonaviylik” belgisi ekanligini ta’kidladilar. Ayrim yuqori sinf qizlarining qo‘lida atigi 2-3 ta daftar sig‘adigan sumkalarni uchratdim. Bu sumkalarni maktab ma’muriyati bilan birgalikda tekshirganimizda pardoz buyumlari ham chiqib qoldi.

O‘quvchi qizlarning baland poshnali tufli kiyib olishgani ham meni ajablantirdi. Axir bu hali to‘liq rivojlanmagan bo‘g‘imlar va tomirlar uchun zarar-ku.

O‘zimni o‘ylantirayotgan savollarimga javob topish maqsadida internet tarmog‘idan javob qidirdim. Undagi “O‘quvchi style” degan sahifani qiziqib ko‘zdan kechirdim. Unda zamonaviy, yevropalashgan o‘quvchi liboslari va o‘quv qurollari jamlanmasi aks ettirilgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Aksincha, sahifada oddiy, ortiqcha bezaklarsiz, bejirim ajoyib formalar, namunali o‘quvchining asl ko‘rinishlari tasvirlangan suratlar jamlanmasi bor ekan. Suratlarda o‘quvchilarning sochlari qanday ko‘rinishda bo‘lishi ham e’tibordan chetda qolmagan. Bejirim, yelkaga osadigan sumkalar ham tasvirlangan.

O‘quvchilar uchun shunday sumkalar borligiga amin bo‘lish maqsadida “Maktab bozor”larini aylandim. Rastalardagi o‘quvchi qizlar uchun ishlab chiqarilgan sumkalarda qomati ko‘z-ko‘zlangan “Barbi”, o‘g‘il bolalarga sovuq qurollar yoki fantastik qahramonlar aksi tushirilgan sumkalarga ko‘zim tushdi. Bu tasvirlar o‘quvchilar ongiga ma’lum ma’noda salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ranjidim. Hozir respublikamizda iqlimga mos yagona o‘quvchilar formasini yaratish haqida ham izlanishlar olib borilyapti. Ular 2018-yildan sotuvga chiqariladi.

O‘quvchining tashqi qiyofasida uning oilada olgan tarbiyasi aks etadi. Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, forma tanlayotganingizda, soch oldirib, soch turmaklaganingizda, umuman, maktabga borayotganingizda ota-onangizga gap tekkizmaslikka harakat qiling. Bu – sizning farzandlik burchingizga kirishini yodda tuting.

Xalqimiz qadimdan taqliddan ko‘ra o‘zlikka e’tibor qaratgan. Biz ma’naviyati yuksak xalqning farzandlarimiz. Hech qachon o‘zligimizni unutmaylik.

Ushbu mavzu yuzasidan fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.