Katta umidlar ostonasida
Yurtimizda tirishqoq, intiluvchan, xalqimiz faxriga aylanib borayotgan tengdoshlaringiz juda ko‘p. O‘zbekistonlik karatechilar ham ayni paytda nafaqat Osiyo, balki jahon miqyosida ham eng kuchli jamoalardan hisoblanadi. Sportchilarimizning turli musobaqalardan olib kelayotgan ko‘plab medallari fikrimiz isbotidir.
Kuni kecha Toshkent shahar Den-To Fudokan karate-do federatsiyasi sportchilari Ruminiyada o‘tkazilgan karate bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etib qaytishdi. Ushbu chempionatda 34 ta davlat o‘smir yoshlari karatening WKF va WGKF turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun tatamiga chiqdilar. Quvonarlisi, jamoa mazkur musobaqada jami 23 ta – 2 ta oltin, 11 ta kumush, 10 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Poytaxt aeroportida karnay-surnay sadolari ostida kutib olingan ustozlar va yosh chempionlarning cheksiz hayajonini ko‘rib ularni suhbatga tortdik…
Bir musobaqada 3 medal
– Jahon chempionatiga ilk bor chiqishim. Faxr bilan shuni ayta olamanki, mazkur musobaqada bir yo‘la 3 ta medalni qo‘lga kiritdim. Oltin medalni WKF kumiteda, kumush medalni go‘dzoryu yo‘nalishi bo‘yicha, bronza medalni esa kata bahsida WGKF yo‘nalishi uchun oldim. Biz chempionatga chiqishdan oldin bir necha bor Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani tog‘ yonbag‘irlarida mashg‘ulot o‘tash uchun bordik. Erta tongdan toza havo, ko‘rkam manzara quchog‘ida haftalab karate mashqlarini bajarardik. Murabbiy Rustam aka “Insonda eng avvalo iroda mustahkam bo‘lishi kerak. Buning uchun esa tinmay mashq qilish, o‘z ustida doimiy ishlashi kerak. Agar chovgumning tagidagi olov o‘chirilsa, uning ichidagi qaynagan suv birpasda soviydi. Suvni qaytadan qaynatmoqchi bo‘lsangiz, yana vaqt talab etiladi. Sport ham shunday – mashq qilishni bir zum ham to‘xtatib bo‘lmaydi”, deya ta’kidlaydilar. Har gal tatamiga chiqqanimda, tanamni chiniqtirishga, irodamni tarbiyalashga yordam bergan ustozlarim Rustam Bekmurodov va Mahmud Badalovlardan minnatdor bo‘ldim.
Muhammadali Sulaymonov,
Mirzo Ulug‘bek tumani 209-maktab 8-sinf o‘quvchisi.
1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal sohibi
Yorug‘ yuz bilan
– Karate bilan shug‘ullanayotganimga 12 yil bo‘ldi. Yo‘lga otlanganimda buvim va bobom, ota-onam “hech narsadan cho‘chima va xavotir olma, sen uchun doimo duodamiz”, deya kuzatishdi. Ruminiyaga yetib borganimizdan so‘ng, har tongda nonushtadan oldin va keyin ustozimiz bilan birga “Ilohim, yurtimizga yuzimiz yorug‘ bo‘lib qaytaylik”, deya duo qilardik. Maktabdagi o‘qituvchilarimiz “Oltin olma, duo ol”, degan maqolni ko‘p takrorlashadi. Ruminiyada bo‘lib o‘tgan musobaqada g‘oliblar shohsupasiga chiqar ekanman, meni yaqinlarim, ustozim va xalqimning duosi qo‘lladi, degan o‘yda to‘lqinlanib ketdim...
Ruminiyada ko‘p do‘stlar orttirdik. Ayniqsa, portugaliyalik tengdoshlarimiz ancha kirishimli ekan. O‘rtog‘im Husan Boboqulov ingliz tilini mukammal bilganligi bois bizga tarjimonlik qildi. Shunda bildimki, til o‘rganishning afzalliklari ko‘p ekan. Va men O‘zbekistonga qaytishim bilan ingliz tilini puxta o‘rganaman, deya o‘z-o‘zimga so‘z berdim.
Ramazon Risqiddinov,
Mirzo Ulug‘bek tumani 120-maktab 10-sinf o‘quvchisi,
oltin medal sohibi.
Aniq maqsad sari
– Sport bilan shug‘ullangan bolalar nafaqat jismonan, balki ruhan, ma’nan kamol topadi. O‘tayotgan har bir vaqtini qadrlay boshlaydi. Shogirdlarim orasida tuni bilan ko‘cha-ko‘yda yurib, dars tayyorlamay, telefon, internetdan bo‘shamay, atrofidagi voqealarga loqayd bolalar ham bor edi. Ota-onalar o‘z farzandlarini yonimga yetaklab kelganida, jismoniy tarbiyaga hech bir qiziqishi bo‘lmagan o‘quvchiga nafaqat murabbiy-ustoz, balki, ruhshunos sifatida munosabatda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Sababi, virtual o‘yinlarga mukkasidan ketgan bolalarni xatarli yo‘ldan qaytarish, ongiga ta’sir etish oson bo‘lmaydi. Hozir shu kabi bolalar ko‘plab musobaqalarda chempion, hattoki ayrimlari jahon chempionatiga qatnashish uchun tayyorlanyapti. Mashg‘ulot davomida ularning fikrlash doirasi kengayganligi, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yayotgani, ota-onasi va yaqinlarining ishonchini oqlashga harakat qilayotganini ko‘rib faxrlanaman. Yurtimizning kelajagi uchun har tomonlama sog‘lom va barkamol yoshlarning ko‘payishida kichik bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman...
Rustam Bekmurodov,
Toshkent shahar Den-To Fudokan karate-do federatsiyasi bosh murabbiyi
Va’da
– Jahon chempionatida ishtirok etgan chet ellik tengdoshlarimizning har biri karatening faqat birgina yo‘nalishi bo‘yicha musobaqada ishtirok etishdi. Vaholanki, bir davlatdan 130 tadan sportchi tashrif buyurgan edi. G‘urur bilan ayta olamanki, yurtimizdan atigi 17 kishi chempionatda ishtirok etgan bo‘lsa-da, har bir sportchi karatening besh yo‘nalishi bo‘yicha ham qo‘rqmay tatamiga chiqdi. Chempionatda g‘olib bo‘lish bilan bir qatorda olam-olam taassurot bilan qaytdim. Turli davlatlardan kelgan tengdoshlarimiz bilan suhbatlashar ekanman, ularning o‘quv uslubi, urf-odatlari, an’analari menda ancha qiziqish uyg‘otdi. Nafaqat o‘z tariximiz, balki dunyo mamlakatlari tarixini ham o‘rganish zarurligini tushundim. Kelgusida chet ellik tengdoshlarim bilan ijtimoiy tarmoq orqali fikr almashib, suhbatlashib turishga kelishib oldik. Ruminiyadan kelganimdan so‘ng, kitob do‘koniga kirib bir nechta kitob xarid qildim. Ular asosan lug‘at kitoblar. Sababi, ingliz tili qatorida boshqa tillarni ham mukammal o‘rganmoqchiman.
Husan Boboqulov,
Olmazor tumani Akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi,
kumush medal sohibi.
Tengdoshlari yutuqlarini maroq bilan o‘qib chiqqan qadrli o‘quvchi! Hayajonga to‘lib siz ham shu kabi marralarga erishishni dildan orzu qilayotganingizni, muhimi, havasga berilayotganingizni sezib turibmiz. Bu yaxshi. Sababi, o‘zgalar muvanaqiyatidan ruhlangan, natijada o‘zi ham bemisl g‘alabalarga bel bog‘lagan insonning kelajagi yorug‘, omadi osmon bo‘lishi aniq. Ishonamizki, siz ana shunday qalbi qaynoq yoshlardan birisiz.
Ishoning, siz ham bo‘lg‘usi chempionsiz. Bir kuni siz haqingizda ham ajoyib maqolalar yozamiz. Faqat siz harakatni bugundan boshlasangiz, kifoya.
Nilufar JABBOROVA