Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ustozga ehtirom

Shaxmatchilar oilasida tug‘ilgan Daler Vohidov Samarqand shahridagi 14-maktabning 9-sinfida o‘qiydi. Dadasi Tohir aka shaxmat bo‘yicha grossmeyster. U kishi shogirdlari qatori farzandlariga ham shaxmat o‘yini usullarini o‘rgatib kelmoqda. Katta o‘g‘li Jahongir shaxmat bo‘yicha respublikada o‘z o‘rniga ega. Har safar akasi musobaqalardan g‘alaba bilan qaytganda, birinchi bo‘lib Daler tabriklaydi. Jahongir Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritganida “Gulxan” jurnalida kattagina maqola chop etildi. Jurnal qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Chempionga bo‘lgan hurmatni ko‘rgan besh yoshli Dalerning dilida shaxmatchi bo‘lish orzusi uyg‘ondi, dadasiga shogird tushdi. Dadasi ancha qattiqqo‘l ustoz ekan. Ikki yil ichida o‘g‘lini mahoratli o‘yinchiga aylantirdi. Yetti yoshidan boshlab respublika miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnasha boshladi. Yangi murabbiyi Parviz Vohidov, chinakam shaxmat ustozi bo‘lishi uchun matematika fanidan a’lo baholarga o‘qish kerakligini qayta-qayta tayinlardi. Ustoz o‘gitiga amal qilgan Daler 2016-yil Tehron va Almati shaharlarida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida, 2017-yil Malayziyadagi musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.

– Shaxmatda diqqatni bir joyga jamlash, chalg‘imaslik talab etiladi. Ustozim “vaziyatdan to‘g‘ri chiqib ketish uchun raqibingni nozik tomonlarini ilg‘ashga harakat qil va zarba ber,” deb ko‘p tayinlardi. Musobaqada ana shu usuldan foydalandim. Kelajakda ham ustoz bergan bilimlarni oqlab, musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallashni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim, – deydi Daler Vohidov.

Sevaraning matematikaga mehr qo‘yishida oiladagi muhitning o‘rni katta. Bobosi matematika o‘qituvchisi bo‘lgani bois, uyda fanga doir qiziqarli kitoblar, ko‘rgazmali qurollar ko‘p. Besh yoshidayoq yuzgacha sanashni, ko‘paytirish jadvalini yodlagan Sevara, arifmetik amallarni tez va oson bajarardi. Undagi iqtidorni ko‘rgan Oston bobo nabirasining qiziqishiga jiddiy e’tibor bera boshladi. U bilan tinimsiz shug‘ullanib, murakkab usulda misol va masalalar yechishni topshirib, bilimini sinovdan o‘tkazdi. Bir necha bor maktab olimpiadasida, tuman, viloyat va respublika “Bilimlar bellashuvi”da yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan Sevara 2017-yil Hindistonning Lakxnau shahrida o‘tkazilgan xalqaro matematika musobaqasida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

– Musobaqaga tayyorlanish jarayonida ustozlarim Zufar O‘dayev va Jahongir Mirzaqulovlar men bilan tinimsiz shug‘ullanishdi. Misol va masalalarni yechishda xilma-xil usullardan foydalanish yo‘llarini o‘rgatishdi. Xatoga yo‘l qo‘ysam koyishmadi-yu, biroq ustma-ust topshiriqlar yuklashdi. Ustozlarning birgina “barakalla”, degan so‘zini eshitish uchun tunni tongga ulab misol yechardim. Mehnatimning samarasini esa xalqaro musobaqada ko‘rdim. Meni oltin medalga sazovor, deb topishganda bu yutuq ortida talabchan ustozlarim zahmati yotganini his qildim, – deydi Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Sevara Ostonova.

Asadbek Ayubjonov Uspenskiy nomli bolalar musiqa litseyining 5-sinf o‘quvchisi. U dunyodagi eng yosh dirijyor sanaladi. Bir necha bor katta sahnalarda tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. To‘qqiz yoshidan boshlab jahon sahnalarida o‘z mahoratini namoyon qilib kelayotgan Asadbek 2017-yil ketma-ket Moskva shahrida o‘tkazilgan “Moskva do‘stlarni chorlaydi” XIV xalqaro festivalda hamda “G‘aroyib odamlar” loyihasidagi konsertlarda ishtirok etdi.

– Simfonik orkestrlarda dirijyorlik qilish ko‘p mehnat talab qiladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, professor Vladimir Borisovich Neymer menga juda ko‘p narsani o‘rgatdi. Ustoz “Asarning ko‘ngildagidek chiqishi dirijyorga bog‘liq, u notalarda adashsa, orkestrdagilar butunlay chalg‘ib ketadi. Shunday ekan, dirijyorning xato qilishga haqqi bo‘lmaydi”, deb har bir kuy, ohangni qunt bilan o‘rganishimni talab qiladi. Har safar konsert tugagach, dirijyorlikni ko‘ngildagidek bajardimmikan, degan o‘yda ustozimga qarayman. Ustozimning har bir so‘zini qadrlayman. Men uchun oliy hakam – ustozimning mamnun chehrasi, – deydi Asadbek.

Nilufar bolalikdan rasm chizishni yaxshi ko‘radi. Dars jadvali bo‘yicha tasviriy san’at bor kunini bayramdek kutardi. Ustozini savollarga “ko‘mib” rang tanlash, soyalarni joylashtirish kabi jumboqlarga javob topardi. Undagi qiziqishni kuzatgan sinf rahbari Shahodat Jumaniyozova tumandagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazidagi to‘garaklar bilan tanishtirish uchun uni markazga olib bordi. Nilufarga gilamdo‘zlik to‘garagi ma’qul bo‘ldi. Bu yerda Nilufarga rassomlik mahorati qo‘l keldi. Chizgan suratlari endi gilamlarda aks etishini o‘ylab ich-ichidan sevindi. Gilamdo‘zlikning bir necha turlari bo‘lib, Gobelen usulida gilam to‘qish ancha murakkab ekan. Unda suratlarning shaklini tushirish, qiyalarini chiqarish, rang va tasvirlarni to‘g‘ri tanlash hunarmanddan ko‘p mehnat talab qiladi. Ana shu talablarni to‘g‘ri bajargan Nilufar, “Ona tabiat”, “Suv bo‘yidagi malak”, “Anor” va “Tomchida hayot” kabi ijodiy ishlari bilan Respublika “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh hunarmand” ko‘rik-tanlovida sovrindorlar qatoridan joy oldi.

– O‘z yo‘limni tanlashimda maslahatlarini ayamagan ustozlarimdan minnatdorman. Men o‘zim to‘qigan gilamlarim, yaratgan tasvirlarim bilan xalqaro tanlovlarda ham qatnashib, yurtimizda Milliy hunarmandchiligimizni milliy qadriyat darajasida ardoqlab, o‘rganayotgan har bir o‘g‘il-qiz mana shunday iqtidorli ekanligini namoyon qilish niyatidaman, – deydi Xorazm viloyati Urganch sanoat transport kollejining 1-bosqich o‘quvchisi Nilufar Madirimova.

Iste’dodli bolalar bilan suhbatlashar ekanman, ular o‘zlari erishgan muvaffaqiyatlarning har birida ustoz mehnatini qayta-qayta ta’kidlashdi. Ha, insonning to‘g‘ri yo‘l topishida ham, iqtidorini yuzaga chiqarishida ham kamtarin va mehnatkash ustozlarning xizmati beqiyos.

Donolar ta’biri bilan aytganda, ustoz misoli mayoq. Farqi shuki, u insonning aql va tafakkur yo‘lini yoritadi, ko‘ngillariga iliqlik olib kiradi.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.