Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabiatga shogird tushing

(yosh rassomlar mashqlariga bir nigoh)

 

Gulxanjon o‘z muxlislaridan har kuni ko‘plab maktub oladi. Xatlar bilan birma-bir tanishar ekanmiz, beixtiyor ko‘nglimiz ravshan tortadi. Ayniqsa, mushtariylarimiz chizgan rasmlar... Rassomlikka qiziquvchilarning zukko va topqirligi, intiluvchanligidan sevinamiz. Ammo rasmlarning barchasi ham tasviriy ifoda san’ati talablariga javob bermaydi. Ularni chizgan havaskor rassomlar biroz shoshib kamchiliklarga yo‘l qo‘yadilar.

Maktublar orasida Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani 15-maktab o‘qituvchisi Gulbahor Xoliqova o‘quvchilari – Muhammadali Abdumannonov, Nilufar Ergasheva, Zaynabxon G‘ulomovalar chizgan rasmlarni yuborgan. O‘quvchilar imkon qadar o‘z tasavvuridagi holat va manzaralarni tasvirlashga urinishgan. Chizilgan rasmlar yaxshi, ammo bo‘yoqdan noto‘g‘ri foydalanilgan. Suv bo‘yoq, oddiy qalam va flomaster ranglari aralash holda ishlatilgan. Bu esa jurnal bosmaxonada chop etilganda sahifalarda nuqsonlar keltirib chiqaradi. Shu viloyatning Rishton tumani 4-maktab yetakchisi Muqaddas Isoqovaning shogirdlari chizgan rasmlarda ham talaygina nuqsonlar mavjud. Mashqlarda to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yo‘nalish, boya aytganimdek, rang berish, ularni his qilishda va qiyofa yaratishda xatoga yo‘l qo‘yilgan. Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 19-maktab o‘quvchilari Saida Sa’dullayeva, Nafosat O‘ktamovalar yuborgan rasmlarini negadir siyoh bilan bezab qo‘yishibdi?! Yana Xorazmning Hazorasp tumani 43-maktab o‘qituvchisi Mahbuba Rahimova, Qashqadaryo viloyati Nishon tumani 2-maktab o‘qituvchisi Zamira Panjiyeva hamda shu viloyatning Yakkabog‘ tumani 35-maktab o‘qituvchisi Matluba Mo‘minovalar shogirdlarining mashqlari ham bizda xuddi shunday fikr uyg‘otdi. Andijon tumani 26-maktab o‘quvchilari chizgan rasmlar ancha jiddiy kamchiliklarga ega. Xususan, Omadbek To‘lanov ulug‘ adiblarimiz Zavqiy, Cho‘lpon, Asqad Muxtor, G‘afur G‘ulom portretlarini aks ettirishga urinibdi-yu, ammo uddasidan chiqolmagan. Bu tabiiy. Chunki inson qiyofasini tasvirlash uchun katta tajriba kerak. Buning uchun Omadbek hali o‘z ustida ko‘p ishlashi lozim. U hozircha ko‘proq tabiat manzarasini tasvirlashga harakat qilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, Maxsudbek Mamajonov, Nodiraxon Shamsiddinova, Dilshodaxon Ibrohimovalar yuborgan rasmlarda ham shunday nuqsonlarga yo‘l qo‘yilgan.

Buxoro shahri 16-maktab 5-sinf o‘quvchisi Nargiza Isomova, Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 52-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Muxlisa Suvonqulova, Toshkent shahridagi 90-maktab o‘quvchisi Fotima Xolmatova, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani 111-maktab 6-sinf o‘quvchisi Rayhona Salimova, yana shu tumanning 69-maktab o‘quvchilari Mahliyo Jahongirova, Dildora Yo‘ldosheva, Jizzax viloyati Baxmal tumani 30-maktab o‘quvchilari Shahnoza Bobobekova, Shohjahon Sherqulov, Xorazm viloyati Yangiariq tumani 19-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Nafosat O‘ktamovalar chizgan rasmlarda ranglar bir-biriga qorishib ketgan, ayrimlari esa faqatgina qora qalamda ifoda etilgan.

Iltimos, o‘zingiz chizgan tasvirga ortiqcha yozuvlar, ranglar qo‘shmaslikka harakat qiling. Ism-familiya va manzilingizni rasmning orqa tomoniga yozing. Tasviriy san’atda “nur va soya” degan muhim uslub bor. Chizgan rasmingizda nur tushadigan tomonni aniqlab olsangiz, shunga mos ravishda soya tushuvchi tomon ham bo‘lishi lozim. Navoiy viloyati Nurota tumani 24-maktab o‘quvchilari Marjona To‘rabekova, Behro‘z Mengliqulov, Xorazm viloyati Gurlan tumani 7-maktab o‘quvchilari Bobur, Elolarbek, Asilbek Rahimboyevlar, Buxoro shahridagi 20-maktab 5-sinf o‘quvchisi Ozodbek Olimov, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani 42-maktab o‘quvchisi Shermuhammad Temirov, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani 8-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Nozima Saidova, shu viloyatning Chiroqchi tumani 68-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Muxlisa Abdullayeva, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani 16-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Robiya Avazovalar chizgan rasmlarda nur va soyalarni ko‘rmadik.

Bolalar, siz multfilmlarni sevib tomosha qilasiz. Bu siz chizgan ko‘plab rasmlarda ham o‘z aksini topgan. Vaholanki, multfilm qahramonlari “O‘zing bo‘ya” kitobchalarida ommalashib ketgan. Masalan, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani 42-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Diyora To‘ychiyeva, Samarqand viloyati Toyloq tumani 34-maktab 3-sinf o‘quvchisi Komronbek Sobirov, Jizzax viloyati Sh. Rashidov tumani 6-maktab o‘quvchisi Ruxshona Toshboyeva, Namangan viloyati Pop tumani 1-maktab 5-sinf o‘quvchisi Nozanin Nabijonova, Xorazm viloyati Gurlan tumani 8-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Madina Yusupova, Jizzax shahri 25-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Kumush Telmanova, Farg‘ona tumani 8-maktab 6-sinf o‘quvchisi Nodira Ismoilova, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani 3-maktab 4-sinf o‘quvchisi Sultonali Nig‘matovlar yuborgan rasmlar ertaklar uchun maxsus chizilgan tayyor tasvirlardan ko‘chirib olingan. Xuddi shu kamchilik Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani 20-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Zuhra Teshayeva hamda Navoiy viloyati Nurota tumani 24-maktab o‘quvchilari Zilola Odilova, Gulhayo Toshpo‘latovalar yuborgan rasmlarda ham takrorlanadi. Sizga maslahatimiz, san’atda ko‘chirmachilik qilish noto‘g‘ri. Yaxshisi, o‘zingiz o‘qigan ertak va badiiy asar voqealariga mustaqil rasm chizishga harakat qilsangiz qalamingiz charxlanadi.

Tahririyatimizga kelgan ba’zi rasm mualliflari juda yaxshi mavzu topishgan. Biroq rasmlarni bo‘yashda xatoga yo‘l qo‘yishgan. Jizzax viloyati Zomin tumani 12-maktabning 5-sinf o‘quvchilari Fotima-Zuhra Mamirovalar, Samarqand viloyati Toyloq tumani 57-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Samira Sobirova, Qashqadaryo viloyati Nishon tumani 3-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Nuriddin Ubaydullayev, shu viloyatning Dehqonobod tumani 71-maktab 6-sinf o‘quvchisi Elbek O‘rolov, yana shu tumanga qarashli 27-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Farrux Musayev, Andijon tumani 29-maktab 5-sinf o‘quvchisi Durdonaxon Qodirjonova, Xorazm viloyati Yangiariq tumani 12-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Ruxshona Karimboyeva, Navoiy viloyati Xatirchi tumani 9-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Marjona Jumanazarova, Qashqadaryo viloyati Koson tumani 12-maktab 8-sinf o‘quvchisi Akobir Qurbonov, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani 17-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Ravshan Tursunov va 7-sinf o‘quvchisi Oltinoy Usmonova, Muzrabot tumani 2-maktab 4-sinf o‘quvchisi Eshdavlat Qo‘ng‘irotov, Qoraqalpog‘iston respublikasi Amudaryo tumani 71-maktab o‘quvchisi Ozoda To‘liboyeva, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani 40-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Anvar Ibodovlar chizgan rasmlar oddiy rangli qalamlarda juda xira bo‘yalgani bois ulardan foydalana olmadik.

Yosh rassom do‘stlar! Eng avvalo, alohida rasm daftari tuting. Chunki bu daftarning sifati bo‘yoqlarga moslashgan bo‘ladi. Chizgan rasmingizni bo‘yashda suv bo‘yog‘i (akvarel), yog‘li rangli qalamlar, guashdan foydalanishni maslahat beramiz. Jurnalga obuna bo‘lsangiz, unda rassom akalaringiz tomonidan jilo berilgan sahifalarni ko‘rasiz. O‘zingiz uchun kerakli jihatlarni olasiz, tengdoshlaringiz ijodini kuzatasiz.

Rassom bo‘lish uchun yaxshi o‘qish, borliqni, tabiatni sevish zarur. Atrofdagi har bir o‘simlig-u jonzotni, jarayonni kuzating. Ko‘rgan va bilganingizni qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlang. Tinimsiz mashq tajribangizni orttiradi. Ranglarni o‘z o‘rnida qo‘llay boshlaysiz. Chunki tabiatning o‘zi – buyuk ijodkor, ulug‘ ustozdir. Shu bois siz unga shogird tushsangiz adashmaysiz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.