Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Omad sari yo‘l

Ilyosbek  mashg‘u­lot­ga kelganida zal hali jim-jit, ustozidan bosh­­qa hech kim yo‘q edi. U ki­yim­larini al­mash­tirib, tanani qizdirish  mashq­larini bajara  bosh­ladi. Yon daf­tar­chasiga tikilib o‘tirgan Hu­mo­yun aka Il­­yos­bekning yengil harakatlarini kuzatdi. Chap qo‘­li­ni biroz sust ish­latayotganligini ayt­maganda, hammasi joyida. Faqat u bilan ishlash kerak. Vaqt esa oz qolgan.

– Ilyosbek, yaqinda musobaqalar bosh­lanadi. G‘oliblar respublika, so‘ng Osiyo chempionatida ishtirok etadilar. To‘g‘risini aytsam, sening vazningdagi ishtirokchini allaqachon tanlab qo‘ygan edim. Besh yildan beri qatnashib kelayotgan Jasurning yutuqlari  salmoqli edi, kecha oyog‘i sinib qoldi. Eh, bu yilgi musobaqalarga qatnasha olmaydigan bo‘ldi-da! Agar seni olsam ulgurarmikanmiz? –  Jussasi kichikroq, biroq chayir Ilyosbekka savol nazari bilan qaradi Humoyun aka.

–   Qachon chaqirsangiz kelaveraman, agar qatnashsam,  yutishim shart,  – dedi Ilyosbek    ustoziga  dangal.

Humoyun akaning ko‘ngli yorishdi. Shogirdining qat’iyatli gapi, chuqur nigohi uni o‘ziga bo‘lgan ishonchi ancha baland ekanligini sezdirib turardi. O‘sha kundan e’tiboran Ilyosbek uchun sportning muay-thai turi  bilan shug‘ullanish hayotining mazmuniga aylanib qoldi. Maktabdan chiqib uyga, so‘ng klubga qatnaydi. Hammasiga ulgurish kerak. Mustaqil bajariladigan jismoniy mashqlar, vaznni saqlash usullariga amal qilish – hammasi o‘z  natijasini ko‘rsatdi. U bolalar va o‘smirlar o‘rtasida viloyat miqyosida  o‘tkazilgan musobaqada g‘olib bo‘ldi va respublika bosqichida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi.

 Respublika bosqichi poytaxtda o‘tgan bo‘lsa-da, turli viloyat­lardan kelgan raqiblari un­dan bo‘ydor va ko‘p yillik tajribaga ega edi. Otasi Oybek aka va ustozining nigohlari unga kuch berib turardi. Qolaversa, uyat ham ustunlik qila boshlagan edi. O‘sha kuni Ilyosbekka omad kulib boqdi. U namanganlik, so‘ng samarqandlik raqibini yengib,  musobaqada 35 kilogramm vazn toifasida g‘olib bo‘ldi.

–   Men 2023-yil iyun oyida poytaxtimizda o‘tgan Osiyo chempionatida ishtirok etdim. Unda Eron, Afg‘oniston davlatlari,  Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi qardosh respublikalardan sportchi yoshlar yig‘ilgandi. Men tojikistonlik tengdoshim bilan ringga tushdim. Birinchi raundda yutqazayotganimda tizza yurishi yodimga tushdi va uchga ikki hisobi bilan g‘alaba qozondim. Osiyo chempionatida  ikkinchi o‘rinni egalladim.

Tengdoshingiz Botirxonov Ilyosbek Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi         19-maktabining 6-sinfida a’lo baholar bilan o‘qimoqda. Uch yildirki, Zangiota tumanida joylashgan “XUMO” muay-thai sport  klubiga a’zo. Klubda ellik nafardan ortiq o‘quvchi-talaba yoshlar murabbiylari  Humoyun Do‘s­tovdan sport sirlarini o‘rganmoqdalar. 13 yoshli Ilyosbekning maqsadlari katta. U havaskorlikdan professional sportga o‘tish, jahon chempionatlarida ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarib, madhiyamizni ijro etishni niyat qilgan.

Chempion  bilan suhbatlashar ekanman, yigirmadan ortiq medallar, qizil kamar sohibi bo‘lgan yosh  sportchining orzulari naqadar beg‘ubor va katta ekanligini his qildim. Ilyosbek kabi barcha bolalarning orzulari mana shunday yurt sharafiga qaratilsa, g‘ururimiz baland, Vatanimiz sarhadlari mustahkam,  bayrog‘imiz  yuksaklarda hilpirashiga ishonaman.

 

Hilola ABDURASULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.