Rag‘batda “Qashqadaryo tajribasi”
Men O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati “Ittifoq” sardoriman. Yaqinda viloyatimizda “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lishini eshitib, unda ishtirok etishga qaror qildim. Uchrashuvda viloyat hokimi yoshlardan taklif va muammolari haqida so‘radilar. Men avvaldan o‘ylab yurganim – eng iqtidorli va namunali maktab o‘quvchilariga “Viloyat hokimi stipendiyasi”ni joriy etish taklifini berdim. Murodjon Berdialiyevich taklifimni qo‘llab-quvvatlab, tez orada bu haqida qaror qabul qilinishini aytdilar.
13-yanvar kuni Qashqadaryo viloyati hokimining 13-0-4-Q/24-sonli “Viloyatdagi eng namunali va iqtidorli o‘quvchilar uchun Viloyat hokimi stipendiyasini joriy qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Bu stipendiya tanlov asosida ta’lim, madaniyat, sport, fan, innovatsiya, IT sohalarida yutuqlarga erishgan viloyatdagi 7-11-sinf maktab o‘quvchilariga taqdim etiladi. Stipendiya tanlovida o‘quvchining yillik fanlarni o‘zlashtirishi, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha erishgan yutuqlari, IT sohasidan xabardorligi, namunali xulqi hamda xorijiy tillarda erkin suhbatlashish qobiliyatlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Aynan maktab o‘quvchilari orasidan eng iqtidorlilari saralanib, rag‘batlantiriladigan tizim boshqa xorij mamlakatlari tadqiqotlariga ko‘ra, o‘quvchilarning o‘qishga nisbatan raqobati asosida ancha yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Fursatdan foydalanib, tengdoshlarimga o‘qib izlanishlarini, barcha imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassis bo‘lishlarini tilab qolaman.
Mirfayzbek ABDULLAYEV,
Qarshi shahridagi 4-maktabning 9-sinf o‘quvchisi