Omon Muxtor
Omon Muxtor (Muxtorov Omon) 1941-yil 16-iyulda Buxoro shahrida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika boʻlimida tahsil oldi. Respublika bolalar gazetasida, Oʻzbekiston teleradio Davlat qoʻmitasida, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida xizmat qildi. Yigirma yildan koʻproq vaqt “Sharq yulduzi” jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir lavozimlarida ishladi.
“Chorlar quyoshli yoʻllar” birinchi sheʼriy toʻplami 1966-yilda chop etildi. Shundan soʻng u “Nigoh” (1968), “Quyoshlar va tushlar” (1971), “Hayot darvozasi” (1978), “Buxorolik donishmand” (1982), “Bolalikka sayohat” (1984) hikoyalar toʻplamlari, “Uchqur poyezdlar” (1981), “Vazifa” (1988) kabi qissalar, “Yillar shamoli” (1976), “Egilgan bosh” (1989), “Ming yildan soʻng” (1991), “Tepalikdagi xaroba”, “Koʻzgu oldidagi olam” (1996), “Ming bir qiyofa” (1994) kabi romanlarini, “Ohang” (1974), “Yogʻdu” (1979), “Marvarid” (1985), “Shiddat” (1990), “Sharshara” (Saylanma, 2001) kabi 30 ga yaqin sheʼriy toʻplamlarini nashr ettirdi.
Mustaqillik yillarida Omon Muxtorning “Buxoro hayoti yoki Labihovuzdagi tutlar” (2004), “Navoiy va rassom Abulxayr” (2006), “Sherlok Xolms Buxoroda” (2008), “Uzun yoʻlakdagi ikki kishi” (2011) singari qator hikoyalar va qissalar, dramalar va adabiy manzaralardan iborat kitoblari, “Ffu” (1997), “Ayollar mamlakati va saltanati”, “Aflotun” (1998), “Odamlar kulishlari kerak” (2008), “Maydon” (2010), “Dengiz tubi, sahro qaʼrida” kabi romanlari dunyoga keldi.
Omon Muxtor bolalar uchun “Buvim ertak aytadi” (1971), “Kunlardan bir kun” (1985), “Ming yildan soʻng” (1991), “Eski sandiq” (“Stariy sunduk”, rus tilida, 2010) kabi sheʼr, ertak va hikoya toʻplamlarini ham eʼlon qildi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Omon Muxtor 1998-yilda “Doʻstlik” ordeniga sazovor boʻldi. 2009-yilda Alisher Navoiy hayotiga bagʻishlangan dilogiyasi uchun adabiyot sohasidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Omon Muxtor 2013-yilda Toshkent shahrida vafot etdi.