Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Covid zanjiri uzilsa

Bolajonlar, xabaringiz bor, koronavirus dunyo boʻylab tarqalganiga bir yarim yil boʻldi. Bu muddat ichida qanchadan qancha kishilar kasallikdan jabr koʻrdilar, koʻplab oilalar yaqinlaridan ayrildilar.

Aslida, Covid-19dan oʻzingiz va oila aʼzolaringizni himoya qilish unchalik murakkab ish emas, buning uchun hech qanday mablagʻ talab qilinmaydi. Faqatgina sizda ozgina eʼtibor va xohish boʻlsa yetarli. Quyidagi qoidalarga rioya qilsangiz, kasallikning yuqish zanjiri uzilib, ortga chekinadi:

Yodda tuting, virus eng avvalo, burun boʻshligʻidan yuqadi. Undan shilliq qavatga oʻtib, tomoqni yalligʻlantiradi, anginani, xalqumni zararlaydi. Xavfliligi shundaki, tananing qayerida kasallik boʻlsa, oʻsha yerni yemiradi, natijada immunitet tezda pasayib ketadi.

Deylik, ota-onangiz yoki bobo-yu buvijoningiz bilan mehmonga bordingiz. Uyga kelishingiz bilan yuz-qoʻlingizni sovunlab yuvib, burningizni chaying. Sovunni koʻpirtirib, koʻpikni jimjilogʻingiz orqali burningiz ichiga suring. Yarim kosa qaynatib ilitilgan suvga oddiy bolalar sovunini solib, qoshiq bilan oʻn marta aylantiring. Keyin sovunni olib tashlab, suyuqlikni piyolalarga boʻlib chiqing. Kattalar bilan birgalikda 2–3 marta gʻargʻara qiling. Bir daqiqa ichida tomoqdagi shilimshiq, zararli modda(balgʻam)lar ajralib chiqa boshlaydi. Yoʻtalib, tomogʻingizni qirib-qirib ularni tupurib tashlaysiz. Biroz achishish paydo boʻladi, bundan aslo choʻchimang. Bu uzoq yillar sinalgan usul boʻlib, undan gripp mavsumida ham foydalanishingiz mumkin. Kasallik boshlanmasdan oldini olsangiz, hech qanday antibiotikka hojat qolmaydi.

– Havo aylanmaydigan joyda virus yuqtirish oson boʻladi. Shuning uchun havo dimlanib qolgan, eshik-derazalari berk muassasalarda: toʻyxonalar, konsert zallari, avtobusda imkon qadar boʻlmang yoki niqob taqing. Yaqinlaringiz bilan tabiat qoʻynida sayr qilganingizda niqob shart emas. Chunki oʻpkaga toza havo, kislorod kerak.

– Ovqatga koʻkat, piyoz va sarimsoq qoʻshib yeng. Qoʻy dumbasini yengilgina qovurib, oz-ozdan yeb turing. Koʻproq jismoniy harakatda boʻlgan va toʻgʻri ovqatlanishga eʼtibor bergan odamlar kasallikni yengil oʻtkazmoqdalar. Demak, sport bilan shugʻullanish va darmondori, mineralga boy taomlardan koʻproq isteʼmol qilish koni foyda.

– Konditsioner tagida uzoq oʻtirmang, muzdek suv ichmang. Ayni paytda koronavirus infeksiyasi hamma yerda bor. Suv ichganda u burun boʻshligʻida qoʻnib turgan boʻlsa, organizmga osonlikcha joylashib oladi. Afsuski, odamlar bilan muloqotda boʻlmasdan uyida oʻtirganlar ham muzdek suv ichib covidga chalinmoqdalar. Shu bilan birga, yondosh kasalliklari bor, tana vazni ortiqcha bolalar va kattalar ham asosan koronavirusdan aziyat chekmoqdalar. Demak, ular yuqoridagi qoidalarga qatʼiy amal qilishlari kerak.

Aziz bolalar, har biringiz oila aʼzolaringiz uchun, ular esa siz uchun qadrli. Shunday ekan, oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.