Siz nimani tanlaysiz
Tik-tok dunyo boʻylab eng ommalashgan ijtimoiy tarmoq. Uning foydalanuvchilarining 41 foizi 16–24 yoshdagi oʻsmirlardir. Tik-tokerlar kulguli, bachkana hazillar yaratib, koʻproq odamlarni jalb qilish orqali mashhurlikka erishib, moʻmay daromad topib, oʻzlarini “yulduz” hisoblayotganlardir. Ayrim yoshlarni kuzatib turib, tik-tokni oʻziga tortadigan nimasi bor, deb oʻylab qolaman. Aslida ular avji oʻqish, ilm sirlarini egallash paytida vaqtlarini behuda narsalarga sarflayotganlarini, bu esa kun kelib pushaymonga sabab boʻlishini bilganlarida edi...
Tik-tokdagi videolarning muxlisiga aylangan yosh doʻstim! Ijtimoiy tarmoqlar qiziq boʻlsa, undan toʻgʻri maqsadda foydalansa boʻladi. Masalan, sizga nimadir oʻrgatadigan sahifalarga aʼzo boʻling. Duradgorlik, musiqa, til oʻrganish, tikish, toʻqish, taom tayyorlash – istasangiz foydali sahifalardan qancha narsa oʻrganishingiz mumkin. Zeriksangiz, sport bilan shugʻullaning, muzey, teatrga boring. Muhimi, vaqtingizni toʻgʻri maqsadga yoʻnaltiring. Umid qilamanki, maqsad sari qilgan harakatlaringiz sizni kelajakda yuksaklarga koʻtaradi.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA