Ulugʻ saodat yoʻlida
Shu kunlarda jonajon Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik toʻyini keng nishonlayapmiz. Yurtimizning qay goʻshasiga qaramaylik, bayramga qizgʻin tayyorgarliklarga koʻzimiz tushadi. Yangi uylar, yangi yoʻllar, sayilgohlar, katta korxona va oliygohlar, maktab va bogʻchalar... Ularni sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi. 1991-yilda tugʻilgan bolalar bu yil 30 yoshga toʻlishdi. 30 yosh bu – bogʻcha, maktab, oliygoh yoki kasb-hunar kollejida kechgan damlar. 30 yil davomida bosib oʻtilgan mazmunli umr yoki behuda sarflangan vaqtlar. Buni endi 30 yoshga toʻlgan har bir odamning oʻzi biladi... Eng muhimi, shu yillar davomida mustaqil yurtimiz rivojlandi, necha oʻnlab jabhalarda taraqqiy etgan mamlakatlar qatoridan joy oldi. 30 yoshli yigit va qizlarimiz bir necha xorijiy tillarda gaplasha olish, fikrlash, ilmiy salohiyati, qobiliyati bilan ilm-fanga yangiliklar kiritish, bunyodkorlik ishlarining boshida turish darajasiga yetdi.
Mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʻishlangan bayram tantanasi Qibray tumanida yangi barpo etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida boʻlib oʻtdi. Qisqa muddatda oʻnlab korxonalar homiyligida, minglab ishchi va xizmatchilarning peshona teri, fidoyiligi, jonkuyarligi bilan qurib bitkazilgan, koʻkalamzorlashtirilgan bu bogʻ ham bayram arafasida xalqimizga ulkan tuhfa boʻldi. Bu yerda sunʼiy koʻl, sport maydonlari, bolalar oʻyingohlari, favvoralar, hunarmandchilik doʻkonlari barpo etildi. Bogʻdagi manzarali daraxtlar, rang-barang gullar odamning kayfiyatini koʻtaradi. Bogʻning markaziy qismida Mustaqillik monumenti barpo etildi. Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” va Mustaqillik monumenti ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Bu betakror yodgorlik yurtimizda yangi Oʻzbekistonni – Uchinchi Renesans poydevorini yaratish gʻoyasi bilan uygʻun holda barpo qilingani ayniqsa ahamiyatlidir. Ulugʻvor Mustaqillik monumenti timsolida biz tarix, bugungi zamon va kelajak tushunchalarini oʻzaro uygʻun holda namoyon etishga alohida eʼtibor qaratdik... Bir soʻz bilan aytganda, Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi... Hech shubhasiz, ushbu majmua xalqimiz, avvalo yosh avlodimiz uchun Vatanga muhabbat va sadoqat timsoliga, qutlugʻ ziyoratgoh, oʻziga xos noyob madaniyat va maʼrifat, tarbiya markaziga aylanib qoladi”, dedilar faxr bilan.
Bayram munosabati bilan mamlakatimiz rivojiga, yuksalishiga munosib hissa qoʻshgan turli soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni butun xalqimizni cheksiz quvontirdi. Ana shu Farmonga muvofiq koʻplab vatandoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandilar.
Ayniqsa, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonini berish toʻgʻrisidagi Farmoni yurtimizning dunyodagi ilgʻor oʻrni uchun harakat qilayotgan, intilayotgan, butun kuch-quvvati, aql-u zakovati, gʻayrati va iqtidorini shu ulugʻ ishga berayotgan, umrini shu ishlarga sarflayotgan munosib insonlar uchun berilgani xalqimizni nihoyatda quvontirdi.
Qahramonlarimizdan biri qishloq xoʻjaligida ulkan yutuqlarga erishgan ilgʻor fermer, seleksioner olim Ahmedov Muhammad Ismatovich Buxoroning shoʻr bosgan yerlarida bir necha yillardan beri moʻl hosil olib kelmoqda. Suv tanqisligi sharoitida bunday yuqori natijalarga erishish haqiqatda qahramonlik. Mana shu qahramon yurtdoshimiz bir necha yillardan beri paxtaning yangi navi ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan ekan. Bu nav suv tanqisligiga, shoʻr yerlarga chidamli boʻlib, har qanday achchiq shamolga bardosh bera olar ekan.
Yana bir qahramonimiz Ayupov Shavkat Abdullayevich – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining matematika instituti direktori. Bu inson matematika olamida qancha kashfiyotlar qilish bilan birga, oʻz maktabini ham yaratgan olimdir. Shavkat Ayupov qirq yoshida akademik unvoniga sazovor boʻlgan. Koʻplab yoshlarni oʻz maktabida oʻqitib, xalqaro olimpiadalarga tayyorlayotgan olim.
Zamonaviy oʻzbek adabiyotining zabardast namoyandasi, atoqli adabiyotshunos olim, tarjimon va publitsist Gʻafurov Ibrohim Usmonovichga ham “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonining berilishi butun adabiyot ahlini behad quvontirdi. Prezidentimiz Ibrohim Gʻafurovni yuksak unvon bilan tabriklar ekan, ustoz adibimizning bosib oʻtgan yoʻliga alohida taʼrif berdi: “Men “Boburnoma”ni oʻqib Boburning hayot yoʻlini oʻrganishga harakat qilaman. Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat boʻlmagan. Uning hayot yoʻli mashaqqatlar va kurashlarda oʻtgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovat boʻlmagan, umri mehnatda oʻtgan. Hozirgi adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz, deydi. Bu insonga halollik va poklik boʻyicha munosib boʻlishga harakat qiladi. Men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa, kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari boʻlar edi: agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi. Ibrohim akaga oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson oʻzi uchun ep koʻrmagan. Mana shunday inson, albatta, Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishga loyiq”.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi anʼanaviy ijrochilik kafedrasi mudiri, Oʻzbekiston xalq artisti Yoʻlchiyeva Munojatxon Abduvaliyevnani sanʼatsevar xalqimiz yaxshi taniydi. Aytishlaricha, u kishi ijrosidagi maqomlar yangraganida, jahonning manaman degan sahnalari ham hayratlarga choʻmgan ekan. Hozirda Munojat Yoʻlchiyeva bebaho milliy musiqiy xazinamiz durdonalarini kuylab, yosh avlodga oʻrgatib kelayotgan ustoz sanʼatkorlarimizdan biri.
Yuqorida sanab oʻtganimiz bu ulugʻ insonlarni jurnal jamoasi va muxlislari nomidan Vatanimizning eng yuksak mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan chin yurakdan muborakbod etamiz.
Istiqlol shukuhi kezayotgan shu kunlarda barcha sohalarda erishilgan yutuq va marralarni sanayversak adogʻi yoʻq. Jurnalimizning kelgusi sonlarida ular haqida albatta suhbatlashamiz.