Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Umid ortidagi quvonch

Foziljon ORIPOV! Bu nom yarim asrdirki, “Gulxan” oʻquvchilari ardogʻida. U kishi jurnalda “Oʻyla, izla, top” rukniga asos solgan, desak xato boʻlmaydi. Mana 50 yildirki, oʻzbek bolalari Foziljon aka tuzgan rang-barang mavzuli boshqotirma – krossvord, chaynvord, skanvord, rebuslarni yechish barobarida bilimlarini oshirib, aqllarini charxlab, fikrlarini boyitib kamolga yetmoqda. Chunki bolalar boshqotirmalarga javob izlab oʻnlab kitoblarni oʻqishadi, manbalarni titishadi. Aslida boshqotirmani asl maqsadi ham shu.

Oʻzi boshqotirma tuzish juda koʻp mehnatni, izlanishni talab qiladigan mashaqqatli ish. Foziljon aka siz bolalarni yaxshi koʻrgani uchun ham ana shu zahmatni chekishga tayyor. Balki oʻsha mehr tufayli ham taniqli ustozimiz haligacha charchoq sezmaslar. Hamisha “Gulxan” xizmatiga shaylar.

Bugun ana shu sizni “qiynab”, oʻylashga undagan topqirtoylar ustozining bolalik xotiralariga quloq tutamiz.

 

Bobomning duosi

Men 1950-yil 15-fevralda Toshkentning Eski shahar mahallasida tugʻilganman. Oilada 8 nafar farzand – 4 qiz, 4 oʻgʻil boʻlib, men oʻgʻil bolalardan eng kattasi edim.

Otam – Inogʻomjon Oripov ovchilar jamiyatida ishlar edilar. Onam – Halima Muhammadjonova uy bekasi boʻlganlar. Ikkalalari ham mehnatsevar, halol, oilaparvar boʻlib, toʻqson yoshdan ortiq hayot kechirgan boʻlsalar, shundan oltmish uch yilini birgalikda umrguzaronlikda oʻtkazishgan.

Onam doimo menga: “Ukalaring shoʻx, sen ularga ibrat boʻlishing kerak! “Katta arava qayerga yursa, kichigi ham oʻsha yerga yuradi”, deb aytardilar. Bundan tashqari bizning kamolga yetishimizda xolam – Sharifa hojionamning ham xizmatlari beqiyos boʻlgan...

Binoyiday shoʻx boʻlganman: futbol oʻynash, lanka tepish, chillak oʻyini, laylak-varrak yasab, uchirish qiziqarli mashgʻulotlarim edi. Oʻsha davrlarda varraklar uylarning tomida uchirilar edi. Bir safar varrak uchiraman, deb tomdan yiqilishimga oz qolgan.

Otam har oqshom uxlashimiz oldidan qiziq-qiziq ertaklar aytib berardilar. 1957-yilda Toshkentdagi 82-maktabga oʻqishga borish oldidan darsliklar sotib oldik. Bu haqda xursand boʻlib Obidjon togʻamga aytganimda, ular: “Kitoblaringni biznikiga olib kel, oʻrab beraman”, dedilar. Olib borgandim, togʻam xitoy qogʻoziga chiroyli qilib oʻrayotib: “Kitobni avaylab oʻqish kerak, shunda ular senga hamisha qadrdon doʻst boʻlib qoladi. Qolaversa, kelgusida ularni ukalaring ham oʻqiydi”, – deb tayinladilar. Kitoblarga boʻlgan qiziqish togʻamning shu gaplaridan soʻng boshlangan, deb oʻylayman. Maktabda berilgan har bir vazifani toʻliq bajarishga harakat qilardim. Birinchi sinfda ustozimiz sanoqchoʻp olib kelishni buyurganlar. U paytlarda oʻquv qurollarini hozirgidek doʻkonlardan topishning imkoniyati yoʻq edi. Shu kuni xizmat yuzasidan viloyatga ketgan otamni tungi soat 12 ga qadar kutib oʻtirganman. Kelishlari bilan ustozimning topshirigʻini aytdim. Otam oʻsha zahotiyoq shaftoli shohidan yoʻnib, sanoqchoʻp yasab berganlar.

Muhammadjon bobom (onamlarning otalari) oʻta zukko, hayotiy tajribaga ega, ilmli inson boʻlganlar. Bilishimcha, mahalla oqsoqoli vazifasida ham ish yuritganlar. Men tuzgan mashqlarni kuzatib turib, qiziqish bilan: “Nimalarni yozding?” – deb soʻrardilar. Menga omad tilab, uzoq duo qilardilar.

Mehri buvim (otamning onalari) oʻta shirinsoʻz, zukko boʻlganlar. Ularning “Qurʼoni karim”, “Meʼrojnoma” kitoblarini chiroyli ovozda oʻqib berganlari hanuzgacha yodimda. Buvim haqiqatda biz nabiralariga juda mehribon boʻlganlar. Goʻdak chogʻimda betob boʻlib qolganimda tabibga olib borganlari, tabib bergan doridan tuzalganim hamon esimda. Ularning toʻrtta opa-singillari boʻlib, qish kunlari uyimizda yigʻilishib, ibratli voqealardan gurung qilib oʻtirishar edi. Kitobxonlik ham boʻlib turardi.

 

Ibrat

Otam hamisha ilmli boʻlishni uqtirar edilar: “Amaliyotsiz bilim aqlsizlik, bilimsiz amaliyot esa koʻr-koʻronalik, yaʼni bilimni amaliyot bilan birga, amaliyotni esa bilimga asoslangan holda olib borish zarur, der edilar. Shuningdek, menga roʻzgʻor ishlarini yuritish tajribalarini ham oʻrgatganlar. “Roʻzgʻor uchun uzoq saqlash mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini koʻproq, yaʼni zahirasi bilan xarid qilsa, barakali boʻladi. Ham arzon olasan, ham vaqting tejaladi”, der edilar. Onam esa uyda har narsani oʻz oʻrnida tejab, uvol qilmay ishlatishda namuna boʻlganlar.

Otajonim menga aka-ukalar, opa-singillar haqida ibratli rivoyatlarni koʻp aytib berardilar. Oʻsha paytlarda nima sababdan bunday rivoyatlarni jon kuydirib soʻzlab berganlarini uncha tushinib yetmaganman. Ulgʻaygach, chuqurroq oʻylab koʻrsam, men katta farzand boʻlganim uchun uka va singillarimga gʻamxoʻr boʻlishimni istaganliklarini his qidim. Men otam xohlagan farzand boʻlishga harakat qildim. Ming shukurki, ukalarim – Husanboy ham, eng kichigimiz rahmatli Toirjon ham, singillarim – Malika, Zahro, Muyassar hamda barcha jiyanlarim bir-birimizga doimo mehr-oqibatli boʻlib yashashga harakat qildik. Otajonim keksayib qolganlarida: “Onang bilan qilgan mehnatlarimiz zoye ketmabdi. Doimo shunday mehr-oqibatli boʻlinglar”, degan gaplarini eshitish nasib etdi.

1958-yili otam oʻsha davrda shahar hududidan biroz olis boʻlgan Qozirabot (hozirgi Chilonzor tumani) maskanidan yer sotib olib, u yerga imorat qurganlar. Shundan soʻng oilamiz bilan yoz faslini ikki yil shu yerda oʻtkazganmiz. U yerda men podshtipnik gʻildirakli samokat yasaganman. Yurganida baland ovozi boshqalarga yoqmasa-da, samokatni bolalar bilan navbatma-navbat uchar edik. Shuningdek, ariqdan oʻtish uchun koʻprik qurganman. Afsuski, koʻp oʻtmay kimdir koʻprikni buzib tashlaganini koʻrib, juda xafa boʻlganman...

 

Kichik pochtolyon

Oʻquv yili boshlanganida maktabimizga tiqilinch avtobusda qiynalib qatnaganmiz. Aʼlo baholarga oʻqiganim, husnixatim chiroyli boʻlgani uchun Oʻquv yili boshlanganida maktabimizga avtobusda tiqilinch yoʻlovchilar orasida qiynalib qatnaganmiz. Aʼlo baholarga oʻqiganim, husnixatim chiroyli boʻlgani uchun ustozim meni doimo sinfdoshlarimga namuna qilib koʻrsatar edilar. 1960-yilda Qozirabotdagi uyimiz oʻrniga koʻp qavatli binolar qurildi. Bizga shaharning Boʻzsuv kanali yaqinidagi Oqtepa mavzesidan yer berildi. Biz shu yerga imorat qurdik. Rahmatli ukam Anvar bilan oʻzimizcha qolip yasab, gʻisht quyganmiz. Biz quygan gʻishtlar devorga ishlatilganda juda xursand boʻlganmiz. Otam ishda boʻlganlari sababli ustalarni nazorat qilishni menga buyurar edilar. Shu bois imorat qurishni aqlim yetganicha oʻrganib, kelajakda quruvchi-muhandis boʻlishni juda orzu qilganman. 1961-yil yangi uyimiz bitgandan soʻng koʻchib oʻtdik va shu yerdagi 56-maktabda oʻqidim.

Ukalarimga dars tayyorlashlarida yordam berardim. Ayniqsa, sinfdan sinfga oʻtish imtihonlarida onam: “Ukalaringga darslarini oʻrgat. Ustozi meni koʻrib qolsa, uyaltirmasin”, deb tayinlardilar. Uka va singillarim bilan uydagi barcha ishlarni birgalikda bajarar edik. Sinfdoshlarim bilan ham ahil boʻlganman. Bir yili qishda betob boʻlib, darsga borolmaganimda, sinfdosh bolalarning barchasi uyga kelishib, darslar qanday oʻtganini, boʻlgan qiziqarli voqealarni aytib berib, rosa kuldirishgan.

Kitoblar mening doimiy hamrohim boʻlgan. Bolaligimda turli bayramlar, istirohat bogʻlarida dam olish uchun ota-onam bergan pullarni jamlab, kitoblar sotib olardim. Bir marta Eski shahardagi kitob doʻkonidan hajmi katta, chiroyli rangli suratlari bor ikki jildlik “Oʻzbek xalq ertaklari”ni sotib olganman. Uni koʻpchilik boʻlib oʻqiganmiz. Shuningdek, gazeta-jurnallar oʻqish, radiodan beriladigan xabarlarni muntazam tinglab borishga odatlangan edim. “Gʻuncha” va “Gulxan” jurnallari hamda hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi qadrdon nashrlarim edi. Uyimiz koʻcha yuzasida joylashgani sabab, ularning har bir yangi soni chop etilganida pochtachi xola: “Mahalladagi obunachi bolalarga tarqatgin”, deb biznikiga tashlab ketardi. Men esa gazeta-jurnallarni quchoqlab, faxr bilan egalariga tarqatib chiqardim...

 

Ushalgan umid

7-sinfda oʻqish boshlanishi bilan chizmachilik muallimimiz Erkin aka Risqullayev toʻgarak tashkil etdilar. Sinfimizdan koʻpchilik ana shu toʻgarakka qatnashdi. Oʻsha kezlarda “Gulxan” jurnalining sahifalarida Saidolim Pirmuhamedov tuzgan krossvord va boshqa topqirlik mashqlarini katta qiziqish bilan kuzatib borardim. Krossvordlar tuzishda avval shakllarini chizishni ana shu toʻgarakda oʻrganganman. U paytlarda topqirlik mashqlarining shakllari hozirgidek kompyuter dasturlari yordamida emas, chizmachilik asboblari bilan chizilar edi. Bu asboblarning ayrimlaridan hozirga qadar foydalanaman. Shakllarni chizishda ustozim yordam berar edilar. Boshqotirmalar tuzishga ishtiyoqim kun sayin oshib boraverdi. Tuzgan mashqlarimni bolalar nashrlariga yubordim, lekin chop etilmasdi. U vaqtlarda har bir soʻz hamda chizilgan shakl oʻsha davr mafkurasiga javob berishi zarur ekanligidan xabarim boʻlmagan. Qariyb oʻn yil davomida yoʻllagan boshqotirmalarim muxlislarga havola etilmadi. Men esa umidimni uzmadim...

1965-yilda esa oʻqishni yana 82-maktabda davom ettirishimga toʻgʻri keldi. Maktabni tugatib, institutga borganimda, sogʻligʻim sababli hujjatlarimni qabul qilishmagan. Bu holat menga juda ogʻir botgan. Shundan keyin oʻqishga ham hafsalam qolmagan edi. Onamning jiyanlari, hozirgi Toshkent Madaniyat texnikumi oʻqituvchisi boʻlgan Toirjon aka texnikumning kutubxonachilik boʻlimida oʻqishni maslahat berdilar. Men shu ilmgohni imtiyozli diplom bilan tamomladim. Soʻng hozirgi Nizomiy nomidagi Pedagogika universitetining Kutubxonachilik fakultetining kechki boʻlimida oʻqidim. Kunduzi Hamid Olimjon nomidagi Chilonzor tuman ommaviy kutubxonasida ishladim. Oliy maʼlumotli boʻlganim haqidagi diplomni qoʻlimga olganimdan soʻng Respublika Markaziy koʻzi ojizlar kutubxonasiga ishga kirdim. Shu sohada oddiy kutubxonachi vazifasidan direktor oʻrinbosari lavozimigacha 41 yil mehnat qildim. Shuni taʼkidlab oʻtishni istardimki, meni uzoq yillar davomida ham ishlab, ham ijod qilishni teng olib borishimda ustozim va kursdoshim rahmatli Toʻraboy akaning qoʻllab-quvvatlashlari, mehnatlari beqiyos boʻlgan.

Institutda oʻqigan davrimda Yozuvchilar uyushmasi kutubxonachisi kursdoshim Nazira Almetova orqali “Guliston” jurnali bosh muharriri oʻrinbosari Vahob aka Roʻzimatov bilan tanishdim. Ilk krossvordim 1973-yilda shu jurnalning 3-sonida chop etildi. Meni eng quvontirgan, necha yillar davomida umid bilan kutgan kunimni hech esimdan chiqara olmayman. 1975-yil iyul oyida “Gulxan”da ilk bor krossvordim eʼlon qilinganida esa sevinchdan dunyoga sigʻmay qolganman. Ana shu yildan boshlab sevimli jurnalimda boshqotirmalarim ketma-ket chop etila boshlandi. Mana qariyb 50 yildirki, topqirlik mashqlari hayotimning ajralmas qismi boʻlib kelmoqda...

 

 

Mustahkam xotira

Bir kuni bekatda turganimda boshqotirma bilan bogʻliq qiziq bir voqeaga guvoh boʻldim. Toʻrt nafar qizning biri gazetadagi krossvord savollarini oʻqir, boshqalari talashib-tortishib javob izlashardi. Shu payt avtobus kelib qoldi. Xayollari krossvord yechishda boʻlgan qizlar boradigan joylarini adashtirib, baravariga: “Shuhrat”ga boradimi? – deb soʻrashdi. “Oʻzingiz “Shuhrat”da turibsizlar-ku!”, – dedi ajablanib haydovchi. Ana shu voqeadan keyin men berilib krossvord yechayotgan kishi atrofida nimalar boʻlayotganini ham unutishi mumkinligiga amin boʻldim. Shu voqeadan keyin yana-da qiziqarliroq boshqotirmalar tuzishga harakat qildim.

Umrim davomida faqat yaxshi narsalarni odat qilish kerak ekanligini tushunib yetdim, zero hazrat Navoiy bejizga:

“Tabiatga har neki odat oʻlur,

Chu eskardi, odat tabiat oʻlur”! – deb taʼkidlamaganlar.

Bulardan ayon boʻladiki, kim nimani odat qilsa, uning tabiati, yaʼni xarakteri shu tarzda shakllanadi. Fursatdan foydalanib, muxlislarimga turli topqirlik mashqlarini yechib borishni oʻzlarining doimiy odatlariga aylantirishlarini tavsiya etaman. Bu ularga hordiq vaqtlari foydali va mazmunli oʻtib, kitob va turli qimmatli manbalarga oshno boʻlishga, xotiralarini hamda bilimlarini mustahkamlashga hissa qoʻshadi...

Suhbatdosh: Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.