Oq qumda oyoqyalang
Bu yilgi yozgi taʼtil har doimgidan koʻra qiziqarli va taassurotlarga boy boʻldi. Dadam sayyohlik firmasi orqali Hind okeanida joylashgan Maldiviya orollariga yoʻllanma sotib oldilar. Biz oilamiz bilan samolyotda Male shahriga bordik. U yerdan bizni va yana bir qancha sayyohlarni gazelga oʻxshash mashinada suzuvchi samolyotgacha olib kelishdi. Bu samolyotda biz Hind okeani ustidan uchib, soʻngra kater bilan Maldiviya orolidagi dam olish maskaniga yetib keldik. Sayyohlarni afrikacha nogʻoralar sadosi ostida tantanali kutib olishdi. Bu yerlar yam-yashil, koʻrinishidan yovvoyi orolga oʻxshardi. Yonimizda ota-onamiz boʻlgani uchun qoʻrqmadik. Agar ularsiz bu yerga borib qolsam, toʻgʻrisi, biroz choʻchigan boʻlardim. Chunki u yerga borganimda koʻz oldimga kinolardagi kimsasiz orollar keldi. Bu orolga dam olish uchun dunyoning hamma yeridan sayyohlar kelar ekan. Bizni yogʻochdan xaytek uslubida qurilgan “Amiliya” mehmonxonasiga joylashtirishdi. Biz bu yerda ajoyibotlarga toʻla manzarani, mehmonxona ashyolari, tartib-intizomni koʻrib hayron qoldik.
Oʻzbekistonda tabiatni asrab-avaylash haqida koʻp aytishadi, lekin hatto kattalarning oʻzlari ham qonun-qoidalarga rioya qilishmaydi. Masalan, suv ichib baklajkasini koʻchaga otib ketaverishadi. Lekin Maldiviyada hammayoq top-toza, hamma narsalar tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan, tabiiy xomashyolardan qurilgan. Chelaklari toshdan yasalgan, choʻmichlari yogʻochdan. Mehmonxonadagi oʻz xonangizga kirmasingizdan avval tosh chelakdan suv olib oyoqlaringizni yuvib, keyin xonaga kirasiz. Salafan xaltalar oʻrniga qogʻoz xaltalar ishlatiladi. Baklajkali ichimliklar yoʻq, oʻrniga shisha butilkali sharbatlar bor. Chunki salafan xalta va baklajkalar tabiat uchun zararli hisoblanar ekan.
Yana ham qizigʻi, Oroldagi ummon qirgʻoqlari boʻldi. Ishonasizmi, qirgʻoqdagi qumlar oppoq rangda ekan. Oʻzbekistonda Chorvoq dengiziga koʻp marta borganmiz. Men negadir qumning rangi hamma yerda bir xil boʻladi, deb oʻylardim. Bu yerda esa ukalarim bilan oppoq qumda oyoqyalang boʻlib rosa oʻynadik, chigʻanoqlar toʻpladik, qumdan uylar qurdik, okeanda choʻmildik. Suvga non maydalab tashlasak, duv etib bir talay baliqlar keladi-da, non ushoqlarini yeb, yana tarqalishadi. Dadam ingliz tilida bemalol gaplashganlari uchun atrofdagi xizmatchilarga savol berib, qiziqarli javoblarni bizga tarjima qilib turdilar. Masalan, mehmonxona atrofida oʻz xoʻjaligi bor ekan. Bu yerda tovuq, qoramol fermasi boʻlib, oziq-ovqat mahsulotlari oʻsha yerdan olinar ekan. Bizni “Delfinariya”ga olib borishdi. Toʻgʻrisi, xuddi kino koʻrayotganga oʻxshaysiz. Bularni hammasini gapirib berish qiyin, bularni koʻrish kerak. Bilasizmi, biz oʻzimizni ummonda goʻyo baliqlar, delfinlar bilan birga suzayotgandek his qildik. Toʻgʻrisi, besh-olti oyoqli ulkan meduzalardan qoʻrqdim. Akulalar koʻringanda ukam ikki qoʻli bilan yuzlarini berkitib oldi. Men qoʻrqmadim. Chunki dadam menga dengiz hayvonlari haqidagi katta kitob sovgʻa qilganlar. Men ana shu kitobdan ular haqidagi maʼlumotlarni oʻqiganman.
Bu yerda sayyohlarga kokosdan yasalgan idish-tovoqlar, chigʻanoqlardan terilgan esdalik buyumlari sotilar ekan. Yana sohildagi toshlardan ham suvenirlar yasalar ekan. Orolda kokos, banan va yana biz nomlarini bilmaydigan sitrus mevalar oʻsar ekan. Bu mevalar sayyohlarning boshlariga tushib ketmasin deb, ularning pastki shoxlarini kesib qoʻyishar ekan. Qirgʻoqqa tushadigan soʻqmoq yoʻllar esa ana shu katta daraxtlarning chetidan oʻtar ekan. Oroldagi rang-barang qushlarni koʻrib ogʻzim ochilib qoldi. Ularning sayrashi ham har xil. Bu qushlar odamlarga juda oʻrgangan ekan. Ovqatlanib turib ketguningizcha daraxt shoxida poylab turar ekan-da, soʻng kelib qolgan-qutgan ovqatlar va ushoqlarini terib yeyishar ekan.
Biz sayohatdan katta taassurotlar bilan qaytib keldik. Eng muhimi, tabiatga qanday munosabatda boʻlishimiz lozimligini oʻrganib oldik.
Mubina Ismailova,
Profi Education maktabining 5-sinf oʻquvchisi