Onlayn muloqot
Qozog‘istonda 2018-yil “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi va Qozog‘iston Respublikasi Oqto‘be viloyat kutubxonasi bilan hamkorlikda Respublika bolalar kutubxonasida yosh kitobxonlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. U yerda ilk bor onlayn tarzida tashkil etilgan muloqot “Bilimni kitob orqali olamiz” mavzusida bo‘ldi. Tadbirda o‘zbek va qozoq bolalar ijodkorlari haqida ma’lumot almashildi. Toshkentda 61-maktabning kitobxon o‘quvchilari qozog‘istonlik o‘rtoqlariga Xudoyberdi To‘xtaboyev, Hakim Nazir, Anvar Obidjon, Abdulla Oripov, Po‘lat Mo‘min kabi taniqli yozuvchi va shoirlarning hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar berishdi, asarlaridan o‘qishdi.
– Konferensiya menda juda katta taassurot qoldirdi, chunki biz qozoq tengdoshlarimizdan bu xalqning rang-barang adabiyoti, buyuk qozoq mutafakkiri Abayning hayot yo‘li, bolalar uchun ijod qilgan, qilayotgan yozuvchi-shoirlari, tengdoshlarimizning sevimli asariga aylangan kitoblari haqida bilib oldik. Ularning kitob, badiiy adabiyot haqidagi fikrlari bilan tanishdik, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Iroda Muhiddinova.
Onlayn muloqotning keyingi mavzusi “Bu mening shahrim” deb belgilandi. Unda o‘quvchilar ikki qardosh davlat haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishadi.
Gulxanjon