Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yozning qaynoq kunlarida

Mana, barchangiz intiq kutgan ta’til kunlari ham boshlandi. 2017–2018-o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlab oldingiz. Buyog‘iga rejalar qanday bo‘lmoqda? Yozning uzun va qaynoq kunlarini sermazmun o‘tishi uchun nimalar bilan mashg‘ulsiz?

Keling, yaxshisi siz o‘ylab olguncha, men jurnalxonlarimizni “Gulxan”ning avvalgi sonida aytishga ulgurolmay qolgan quyidagi qiziqarli xabarlar bilan, ta’til kunlarida oromgohga borishni o‘ylayotgan bolalarni esa ayrim ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘taman.

 

Ilm-u donnish asosi

 

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 14-maktabda har yilgidek an’anaviy kitob marafoni tashkillashtirildi. Ota-onalar, o‘qituvchilar va unda qatnashgan barcha o‘quvchilar o‘zlariga yoqqan badiiy kitoblarni sotib oldilar.

Pskent tumanidagi 4-maktabda ham xuddi shunday kitob savdosi yarmarkasi tashkillashtirildi. Bunday tadbirlar nima uchun o‘quv yilining so‘ngida o‘tkazilishini bilasizmi? Maqsad, siz bolalar ta’til kunlarida vaqtni bekor o‘tkazmay, sotib olgan yangi kitoblaringizni mazza qilib o‘qishingiz uchun.

Yana, homiylik asosida to‘ldirilgan maktab kutubxonasi yoz mavsumida tashkil etilgan kunduzgi oromgohda dam olayotgan bolalarga yaxshi xizmat qilsin uchun. Amir Temur bobomiz aytganlaridek “Kitob – aql-idrokning, ilm-u donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”.

O‘ylaymanki, xuddi shunday kitob bayramlari sizning maktabingizda ham o‘tkazilgan va siz o‘zingiz yoqtirgan kitoblardan bir nechtasini sotib olgansiz.

 

“Umid nihollari – 2018”

 

Televizorni kuzatib borgan bo‘lsangiz may oyida maktab o‘quvchilarining “Umid nihollari – 2018” sport musobaqalari ham bo‘lib o‘tdi. Sportning 21 turi bo‘yicha kechgan musobaqa bahslarining final bosqichi har bir viloyatning markazida yoshlik va sport bayrami sifatida nishonlandi.

Viloyatlarning g‘olib jamoa vakillariga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomashinasi tantanali tarzda topshirildi. 2-o‘ringa kompyuter jamlanmasi, 3-o‘rin sohiblari esa televizor bilan mukofotlandilar.

Bundan tashqari, yosh sportchilarga diplom, medal, kubok va qimmatbaho sovg‘alar ulashildi. Hozirda jahon chempionatlarida, Olimpiya musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan, yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar ham “Umid nihollari”da chiniqqan yoshlardir.

Ha, bugun O‘zbekiston miqyosidagi bahslarda toblangan yoshlar kun kelib jahon sport maydonlarida mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishlariga ishonamiz.

 

Oromgohlar bag‘rida

 

Bu yilgi ta’til mavsumida yurtimiz bo‘yicha 1 ming 313 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. E’tiborli tomoni shundaki, tegishli vazirliklar, idoralar, oromgoh boshliqlari siz bolalarning yozgi dam olish mavsumingizni mazmunli tashkil etish uchun barcha taraddudni ko‘rishdi.

Oshxona, sport maydoni va anjomlari, turli to‘garaklar uchun jihozlar, kutubxona, yotoqxona, cho‘milish havzasi. Qizlar uchun alohida, o‘g‘il bolalar uchun alohida bo‘lgan turli mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yishga ko‘plab mutaxassislar, tarbiyachilar, murabbiylar jalb etilgan. Maktablar qoshida tashkil etilgan kunduzgi oromgohlar ham bolalarni qabul qilishga katta tayyorgarlik ko‘rdi.

O‘ylaymizki, bolajon yurtimizning aqlli, zukko, serg‘ayrat, bilimdon bolalari bu dam olish maskanlarida miriqib hordiq chiqaradilar.

Ta’tilni uyda ota-onasiga ko‘maklashib, buvi va bobolari bilan birgalikda tabiat bag‘rida o‘tkazayotgan bolalar ham bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishlariga ishonamiz. Muhimi, eng uzun ta’tilning har bir kuni mazmunli, esda qolarli o‘tsin.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.