Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dilga ziyo ulashgan bayram

Bahorning orombaxsh so‘nggi kunlari...

Oftob nurini yerga elaydi, zamin ko‘ksini durga, ziyoga belaydi. Qushlarga shodlik ulashadi, daraxtlar bilan sassiz so‘zlashadi. Odamlar yuziga qizillik ulashadi, bir-biriga ahillik, ko‘ngilda saxiylik uyg‘otadi. Mehri va sehri bilan mudom borliqni ardoqlab kelayotgan bobo quyosh insoniyatga ana shunday ezgulik, yorug‘ xayollar beradi.

Kitob – oftob. Biz mo‘jiza, deb e’zoz etuvchi bilimlar xazinasi – kitobning quyoshdan, ezgulig-u yaxshilikdan, ziyodan nima farqi bor? Farqi shuki, quyosh tanimizga, kitob ruhimizga ozuqa ulashadi. Quyosh bugungi yo‘limizni charog‘on etadi, kitob kelajak manzillarga mayoq bo‘ladi. Xulosasini aytganda, inson ana shu ikki ziyo o‘rtasida tirikligini his qilib yashaydi.

Poytaxtimizning mashhur Sayilgoh ko‘chasida tashkil etilgan Respublika kitob bayrami yuqorida keltirilgan fikrlarga mushtarak voqea bo‘ldi, desak adashmaymiz. Aslida tadbir mayning so‘nggi kunlarida tashkil etilishining ham ramziy ma’nosi bordek. Sababi, qish qahratoni va bahorning etni biroz junjiktiruvchi ilk havosidan so‘ng tabiat chinakam ma’noda oftobni his qilganidek, biz ham kitob bayramidan olam-olam zavq olib qaytdik.

Tadbirga Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi kabi qator tashkilotlar bosh-qosh bo‘lishdi. Yurtimizdagi yuzdan ziyod nashriyot va ijodiy uylar o‘zlarining sara mahsulotlarini o‘quvchilarga namoyish etishdi. Ayniqsa, sevimli adib va shoirlarimiz – Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Malik, Anvar Obidjon, Kavsar Turdiyeva, Dilshod Rajab, Orif To‘xtash kabi ijodkorlarning tadbirga tashrif buyurishi bolajonlarning quvonchiga quvonch qo‘shdi. Ustoz ijodkorlar qurshovida miriqib suhbat qurib, har bir savoliga adiblarimizning o‘zlaridan javob olgan o‘quvchilarning yuz-ko‘zidagi sevinchni sezish qiyin emas. Qisqasi, o‘zaro ustoz-shogird an’anasida o‘tkazilgan bunday davralar bayramga o‘zgacha shukuh berdi.

O‘quvchilarining biyron savol va javoblaridan entikib o‘tirgan ayolni suhbatga tortamiz:

– Biz har yilgi kitob bayramlarida faol qatnashib kelamiz, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktab o‘qituvchisi Feruza To‘xliyeva. – Ammo bu yilgisi avvalgilaridan butunlay yangi ko‘rinishda o‘tayotganligini kuzatib turibmiz. Buni o‘quvchilarimning yuz-ko‘zidagi o‘zgacha kayfiyat ham aytib turibdi. Atrofimdagi odamlarning kitobga, bilimga bo‘lgan qiziqishi, chanqog‘ini ko‘rib hayajonim ortib bormoqda.

Bayram doirasida “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Yosh kitobxon” kabi sovrinli viktorinalar va “Kitob o‘qishni yoqtirasizmi?” mavzusidagi ijtimoiy so‘rovlar ham o‘tkazildi. G‘oliblarning esa quvonchi cheksiz:

– Bunday katta tadbirda ilk bor qatnashyapman. Qator kitob peshtaxtalari, o‘tkazilayotgan turli musobaqalar kishini hayajonga soladi. Tadbir davomida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” viktorinasida g‘olib bo‘ldim, – deydi ohangaronlik tengdoshingiz Salohiddin Norjigitov.

Kitob bayramining ikkinchi kunida nashriyotlar, ijodiy uylar va matbaa korxonalari o‘rtasida “Eng yaxshi ishtirokchi” hamda “Eng yaxshi stend” nominatsiyalari bo‘yicha madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, Anvar Obidjonning “Do‘xtir-tabib”, Mahmud Toirning “Yangi she’rlar”, “Yevropa sayohati”, Iqbol Mirzoning “Zarb”, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Tagob qishloq ertaklari” kabi kitoblari taqdimoti ham o‘tkazildi.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.