Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Iqtidorlar markazi

E’zoza qizaloqligidayoq qo‘g‘irchog‘ini taqinchoqlar bilan bezashni o‘rgandi. Albatta, ularni o‘zi yasaydi. Turli munchoqlar va keraksiz tugmalarni yig‘ib, ulardan ajoyib gul, yaproqlar, naqshlar yaratadi. Tirishqoq nabirasining qunt bilan harakat qilayotganini ko‘rgan buvisi uni “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazidagi Munchoqli bezak to‘garagiga yetaklab bordi. Avvaliga kichik-kichik buyumlar yasashga kirishgan E’zoza asta-sekin ayollarning turli xil zeb-ziynatlarini yaratishga harakat qildi. Ezoza ishlaridagi o‘ziga xoslikni payqagan ustozlari uni shu yo‘nalishda o‘tkaziladigan qator tanlovlarga tayyorlay boshladi.

Ana shunday tadbirlardan biri “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Biz texnika asri avlodlarimiz” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilarning texnik ijod yo‘nalishidagi ko‘rgazmalari, shuningdek, rasmlar tanlovi ham o‘tkazildi. Markazning “Turon” yakkakurash to‘garagi a’zolari iste’dodlarini namoyish qilishdi. Bugungi sahifamiz E’zoza va uning mazkur tadbirda qatnashgan o‘zi kabi iqtidorli tengdoshlari haqida.

Tadbir o‘tkazilayotgan maydonni aylanaman. Atrof bayramona tus olgan. Ayniqsa, o‘quvchilarning o‘z qo‘llari bilan yasagan texnik qurilmalari, nafis did bilan zeb berilgan turfa taqinchoqlar, turfa naqshlar o‘yib ishlangan kursilar dilga zavq beradi. Ko‘zim quvnab oldinga yurarkanman old chiroqlari yoniq mitti mashinaning men tomon harakatlanayotganiga ko‘zim tushdi. “U qanday yurayotgan ekan-a?” deya hayratlanib tursam, bir bola qo‘lida boshqaruv pulti bilan yonimdan o‘tib qoldi. Savolimga javob topgan bo‘lsam ham, uni suhbatga tortdim. Ismi Muhammadkamron ekan. Aytishicha, markazdagi Aviamodel to‘garagiga qatnarkan. Ustozi Abdunabi aka Hojiboyev bilan birga ko‘plab raketa, samolyotlar yasagan tengdoshingiz yaqinda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Biz XXI asr intellektuallarimiz” deb nomlangan xalqaro tanlovda ishtirok etibdi. O‘zining og‘ir yuklarni ko‘tarishga mo‘ljallangan “O‘zrobagent” mashinasi bilan hay’at a’zolarini hayratga solibdi.

– “O‘zrobagent” mashinasi geologlarimiz ishiga yengillik berishga mo‘ljallangan, – deydi Shayxontohur tumanidagi 42-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Muhammadkamron Qobilov. – U tog‘ oldi va g‘or ichlarida ham bemalol harakatlana oladi. Ustiga tushgan toshlardan zararlanmaydi. Tepa qismiga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali odam kirishi imkonsiz bo‘lgan tor yo‘lakchalarda ham bemalol harkatlana oladi.

Men Muhammadkamronga omad tilab jajji qizaloqlarga turli mashqlar o‘rgatayotgan sportchi qiz yoniga o‘tdim. U o‘zini Chilonzor tumanidagi 101-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Roziyaxon Mahkamova deb tanishtirdi. To‘rt yoshidan beri shu markazdagi “Turon” yakkakurash to‘garagi a’zosi Roziyaxon bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritishga ulguribdi. Eng hayratlanarlisi, mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan turli sport musobaqalarida qatnashib, o‘n uch karra O‘zbekiston chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘libdi. Roziyaxon “Umid nihollari – 2018” sport musobaqasida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Bu esa unga Qozog‘iston davlatida bo‘lib o‘tadigan xalqaro sport musobaqasida ishtirok etish imkoniyatini berdi.

Keyingi manzilda “Yosh kitobxonlar” nominatsiyasi g‘oliblarini uchratdim. Yaqindagina o‘qib tugatgan kitobi mazmunini tengdoshlariga so‘zlab berayotgan, Chilonzor tumanidagi 287-maktabning 4-sinf o‘quchisi Dilorom Umurzoqova so‘zlariga quloq tutdim.

– Men to‘qish to‘garagiga qatnashaman. Bo‘sh vaqtlarimda maktabimiz va markazdagi kutubxonaga tez-tez kirib turaman. “Kim ko‘p she’r biladi?”, “Kitobdan olgan taassurotlarim” kabi ko‘plab tanlovlarda ishtirok etdim. Uyimizda kattagina kutubxona bor. Kelajakda “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovida qatnashish niyatidaman.

Suhbatimizga nabirasining biyron javoblaridan zavqlanib turgan Muhabbat opa qo‘shildi. U Diloromning buvisi ekan:

– Nabiram bilan kitob bayramlariga borishni, yangi nashr qilingan kitoblar bilan tanishishni yaxshi ko‘raman. Ota-onasi ham kitob sovg‘a qilishni odat qilishgan. Bobosi o‘qituvchi bo‘lgani uchun kitob javonimizda turli mavzularga oid kitoblar talaygina. Nabiramning kitobga bo‘lgan qiziqishi oilamizdagi ana shu ijodiy muhit ta’siridan, deb o‘ylayman.

Azizbek Fatxullayev Chilonzor tumanidagi 107-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. U ham markazning yog‘och o‘ymakorligi to‘garagiga qatnashadi. Ustozi Shomurod aka Salimovning eng sevimli shogirdlaridan. Ustozining har bir sabog‘ini qunt bilan tinglab, lavh, qalamdon, stol va stullarga naqsh berishni mukammal o‘zlashtirmoqda. Azizbek bayram kunlari o‘zi yasagan buyumlardan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga sovg‘a qilishni yaxshi ko‘radi. Milliy hunarmandchiligimizning bu turiga katta hissa qo‘shish niyatida harakat qilayotgan Azizbek timsolida ertamizning ko‘plab mehnatsevar, saxovatli kishilarini ko‘rdik. U va tengdoshlariga havas qildik.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.