Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Turar go‘yo “do‘st”, “o‘rtoq”

– Buvijon, hali hammayoq yorug‘ ekan-ku, men negadir allaqachon kech kirib, qorong‘i bo‘lgan deb o‘ylabman, – dedi ichkaridan chiqib kelgan Jasur ko‘zlarini ishqalab.

– Iye, bolam, sen uydamiding, nima qilding shu paytgacha, – Mukarram aya nabirasiga tashvishli qaradi. – Ranging ham oqarib ketibdi. Choy-poy ichganmisan ishqilib?

– Nonushtadan keyin kirdim-ku. Kecha dadam yangi multfilm yozilgan disk olib kelgandilar. Shuni ko‘rdim. Lekin hali tugamadi.

– Voy sho‘rim, tushgacha faqat televizorga tikildingmi?

– Televizorgamas, kompyuterga. Buvi, boshim, boshim og‘riyapti, – Jasur shunday dedi-yu, chayqalib ketdi. Yaxshiyam buvisi ushlab qoldi...

– Obbo azamat-ey, uch soat kursida qimir etmay ekranga tikilib o‘tirdim, degin. Axir bu o‘ziga-o‘zi yomonlik qilish-ku. Aslida sen tengi bolalar 20-25 daqiqa film ko‘rgach, toza havoga chiqishi, ko‘ziga, miyasiga dam berishi kerak, – dedi Jasurni tekshiruvdan o‘tkazgan shifokor. – Bilasanmi, 2-3 soat uzluksiz ekranga tikilish miyani charchatadi. Uning old qismida ko‘kish suyuqlik (sog‘liq uchun o‘ta xavfli) yig‘iladi. Bu suyuqlik bosh og‘ritadi. Eng yomoni, seni fikrlashdan to‘xtatib qo‘yadi. Agar sen ko‘rayotgan multfilm, filmlar har xil detektiv, jangari mavzularda bo‘lsa, fe’lingga ta’sir qiladi. Urishqoq, jizzaki, eng yomoni, bemehr qilib qo‘yadi. Endi og‘ayni, men yozib bergan dorilarni ichasan, – Jasurga sinovchan tikildi shifokor, – o‘n kun televizor ko‘rmaysan. Keng dala yoki xiyobonga chiq, kengliklarga tikilib o‘tir. Ertalab varrak uchir. Moviy osmon ko‘zingdagi charchoqlarni tarqatadi.

– O‘n kun! – Qo‘rqib ketdi Jasur, – o‘n kun televizor, kompyutersiz qanday chidayman. – Keyin buvisiga qaradi, – bu vaqt ichida telefon o‘ynasam bo‘ladimi?

– Bilmasam, – shifokorga qaradi buvisi.

– Mutlaqo. Uyali telefon apparati chiqarayotgan radiaktiv nur, televizor yoki kompyuter ekrani taratayotgan magnit to‘lqinlardan ikki-uch barobar kuchli. Amerikalik olimlar kalamushlarda o‘tkazgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘ldiki, qo‘l telefonidan nurlanish miyada o‘simta paydo qiladi, saraton kasalligini keltirib chiqaradi. AQSHlik olimlar, mobil telefonni XXI asrning eng zararli kasalligi, deb tan olishdi. Nabirangiz endi 5-sinfda o‘qisa, nega unga telefon olib bergansizlar? – norozi bo‘ldi shifokor.

– Telefoni yo‘q. Ammo dadasi ishdan kelishi bilan smartfonini so‘rab oladi. O‘g‘limam qiziq, bolam xursand bo‘lsin, deb unga har xil o‘yinlarni yuklab keladi, – xijolat tortdi buvisi.

– Bu bilan bolani xursand qildim, deb o‘ylash xato. Bu o‘yinlar oqibati nafaqat Jasurni, hammangizni xafa qilib qo‘yishi mumkin. 5-sinfda o‘qisa ham ko‘rish qobiliyati yomonlashgan. Bo‘yi ham telefonsiz o‘rtoqlaridan past. Qulog‘i ham yaxshi eshitmayapti. Unga mana shu sevimli “do‘stlari” aybdor. Aslida ular emas, o‘zi aybdor. Chunki ulardan foydalanishda me’yorga amal qilmagan.

– Doktor, telefon, kompyuter o‘ynamasam, televizor ko‘rmasam, vaqtni qanday o‘tkazaman? – qizishdi Jasur.

– Ha barakalla! Uning qarshisida vaqt shamolday sovurilib ketadi. Menga qolsa, xonangdagi kompyuter tepasiga quyidagi to‘rtlikni yozib qo‘yardim:

Turar go‘yo “do‘st”, “o‘rtoq”,

Misolidir “ko‘z”, “quloq”.

Sezmay qolganing chatoq

Vaqt o‘g‘risi u mutloq.

Mana shu jahldorligingga ham ana shu “do‘stlar” sabab! Bo‘sh vaqtni qiziqarli o‘tkazishing uchun hamma sharoitlar bor-ku. Maktabdagi fan to‘garaklariga qatna. Sport bilan shug‘ullan, kitob o‘qi, fikring kengayadi. So‘z boyliging oshadi. Senga yoqqan mana bu mashg‘ulotlar butun vujudingni charchatadi. Kamharakat qilib qo‘yadi. Nihoyatda o‘tkir ranglar, kadrlarning o‘ta tez almashishi, kuchli shovqin-suron sog‘lig‘ingga putur yetkazadi. Bosh aylanadi, umrtqa pog‘ona qiyshiq o‘sadi, quloq, bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Ko‘rish, eshitish qobiliyati susayadi. Bir o‘zing telefonda SMS xabar yozib, o‘yin o‘ynayversang, o‘rtoqlaringdan ajralib, yolg‘izlanib qolasan. Uyga berilgan topshiriqlarni googledagi tayyor mavzulardan ko‘chirishga o‘rganasan, fikrlashdan, izlanishdan to‘xtaysan. Bu “do‘stlaring”ning senga ko‘rsatayotgan jismoniy zarari. Ma’naviy zarari haqida...

Jasur bu gaplardanmi yoki xatti-harakatining oqibatidan cho‘chidimi, buvisini mahkam quchoqlab oldi.

– Doktor, gaplaringizni tushundim. Jasur o‘g‘lim juda irodali bola. Endi televizor, kompyuter, telefondan o‘rinli foydalanadi. Shunda bolajonim men orzu qilgandek barkamol yigit bo‘lib o‘sadi. Axir bejizga “Sog‘lom tanda sog‘ aql” deyishmaydi-ku, – dedi Mukarram aya.

– Unda juda soz, o‘n kundan keyin birinchi natijani ko‘ramiz, – Jasurning yelkasiga urib qo‘ydi shifokor.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.