Orzular koʻzgusi
Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, Farhod Musajonov, Yusuf Shomansurovlarning ilk ijodlariga oq yoʻl bergan dargoh “Gulxan” jurnali boʻldi. 1962-yilda “Gulxan” davrasida 72 ming oʻquvchi jam boʻlgandi. Shaxsga sigʻinish yillarida koʻpgina isteʼdodli shoir va yozuvchilarimiz nomi yomonotliqqa chiqib, nohaq qamalgan edi. 1954–1955-yillarda ularning koʻpchiligi oqlanib, ozodlikka chiqdi. Biroq ularni ish yoki mablagʻ bilan taʼminlashga koʻpgina rahbarlar choʻchib turardi. Mana shu paytda “Gulxan” jurnali oʻz sahifalaridan ularning ijodiga munosib joy ajratdi va eng yuqori qalam haqi bilan taʼmin etdi. Yozuvchi Mirzakalon Ismoiliyning “Fargʻona tong otguncha” romanidan bob ilk bor “Gulxan” jurnalida eʼlon qilindi. Hatto yozuvchining oʻzi bundan bexabar edi. Shayxzoda, Shuhrat kabi ustoz adiblarning qora kunida ularni qoʻllab-quvvatlagan “Gulxan” jurnali tahrir hayʼati boʻldi.
Erkin JABBOROV,
jurnalning 1955–1962-yillardagi
Bosh muharriri