Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘yinchog‘imiz kam, kitobimiz ko‘p edi

Muhammadali Eshonqulov — tadbirkor, biznes-murabbiy, “Yuksa­­lish” liderlar akademiyasi, “Biznes Kvadrat”, “Partonlar ligasi”  loyihalari asoschisi. Shu­ningdek, “Tahsin – 2021” milliy mukofoti sovrindori.

Muhammadali Eshonqulov Olimjon o‘g‘li – 1994-yil 6-noyabrda Jizzax viloyati Baxmal tumanida tu­g‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirgan. 2015-2017 – yillarda mazkur universitetning “Tashqi iqtisodiy faoliyat (investitsiyalar)” yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani ta­mom­lagandan so‘ng, Avstriyaning IM Krems va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dars bergan.

 

Kitoblardan rasm qidirishni yaxshi ko‘rardik

Kitobga mehr-muhabbatni uyg‘otishda eng birinchi rahmatli onam va akajonim ko‘p xizmat qilganlar. Yoshlikdan o‘qishimizga e’tibor berganlar. Uyimizda badiiy kitoblari bor ikkita kutubxonamiz bo‘lardi, tepada va yerto‘lada. O‘shalarni, dadamning har doim mutolaa qilib o‘tirishini ko‘rib, kitobga mehr yoshligimdan paydo bo‘lgan. O‘ynashga o‘yinchog‘imiz ko‘p bo‘lmagan, lekin atrofimiz to‘la kitob edi. Hali ham eslayman, o‘qishni bilmaydigan, taxminan 3-4 yoshar vaqtimiz ham ularni ochib, ichidan rasm qidirishni yaxshi ko‘rardik.

 

Qaysi yoshda qaysi kitobni o‘qish kerak?

Eng birinchi o‘qiganim “Etik kiygan mushuk” kitobi edi. Bu yoshlikda ko‘proq sarguzasht asarlarni o‘qiganimizdan dalolat. Men o‘ylaymanki, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ko‘proq sarguzasht yo fantastik janrdagi kitoblarni o‘qitish kerak ekan. Hozir ta’lim sohasida bo‘lganim sabab o‘zimni ham qaysi yoshda qaysi kitobni o‘qish kerak, degan savol ko‘p o‘ylantiradi. Avval bir o‘quvchi sifatida shu savolga javob qidirgan bo‘lsam, hozir o‘qituvchi sifatida bolalarning g‘amini yeb izlanyapman. Xulosam shuki, yoshlikdan aynan sarguzasht janrdagi kitoblarni o‘qitsak, bolaning dunyoqarashi ancha keng bo‘ladi.

 

Insonning o‘ziga mos kitobni topib berish katta mahorat

Insonning yoshi, dunyoqarashi, aqli hazm qiladigan kitobni topib berish ham katta mahorat ekan. Mavlono Jaloliddin Rumiyning bir ajoyib baytlari bor:

Gar go‘dakka sut o‘rniga berganda non

Ul go‘dakni non o‘ldirgay begumon.

Gar tishi chiqsa, kecha yo kunduzi

Shubhasiz, non so‘rab yegay o‘zi.

Ya’ni, birinchi sinf bolasiga magistrning darsligini bersangiz boshi qotib, ko‘ngli sovib, o‘ziga nisbatan bahosi tushib ketganidek, yosh bolaga ham juda katta, aqli yetmaydigan, hazmi qiyin bo‘lgan kitoblarni bersangiz, xuddi shunaqa bo‘lib qolar ekan. Mutolaa darajasini ketma-ketlik bilan ko‘tarib borish kerak. Ya’ni, ertak o‘qib turgan odamning umri ertak bilan o‘tib ketmasin, keyinchalik fantastik janrga, undan keyin sarguzasht, keyin tarbiyaviy kitoblarga o‘tiladi. 4-5 yoshimizda o‘qishni boshlagan bo‘lsak, taxminan 9 yoshda “Shohnoma”ni o‘qigan edik. Firdavsiy, Rumiy yoki Alisher Navoiy hazratlarining balog‘at va fasohat bilan yozilgan, darajasi ancha balandroq kitoblarini 10 yoshda o‘qishni boshlab, mazmunini o‘zimizcha tushunadigan bo‘ldik.

 

Yoshi kattalarning suhbatini olish zarur

Ungacha ham ota-ona, buvim rahmatli, akalarimiz va yaqinlarimizning suhbatlari juda ko‘p foyda bergan. Hozirgi yoshlarga, maktab o‘quvchilariga beradigan eng katta tavsiyam bobo-buvilarining suhbatlarini har hafta olib tursinlar. Masalan, “Yuksalish” maktabining o‘quvchilariga beradigan o‘ziga xos vazifamiz bor, bir haftada bir marta yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimizni ziyorat qilib, kamida yarim soat suhbatlashsinlar. “Qari bilganni pari bilmas” degan ajoyib maqolimiz bor, haqiqatdan ham shunaqa. Ularning yillar davomida ko‘rgan-kechirgan hayotiy tajribalari bilan topgan xulosalarini kitobdan qidirib topa olmaymiz, ba’zan. Shu sabab yoshi kattalarning atrofida ko‘p vaqt bo‘lib, xizmat qilib, duo olsinlar.

 

Buyuklarning hayotidan o‘qib turish kerak

Hozirgi kunda ko‘proq biografik janrda, ya’ni o‘tgan davrdagi buyuk insonlarning hayotini ko‘proq o‘rganyapman. Chunki Yusuf Hamadoniyning inson o‘zidan avval o‘tgan buyuklarning hayotidan har kuni 8 varaq o‘qib turishi kerakligi haqida fikrlari bor. Bu insonga to‘g‘ri yo‘l topishi, himmatini uyg‘otishi, o‘zini kimlar bilan solishtirishi kerakligini tushunishida yordam beradi. Shu sabab tasavvuf va o‘tmish ulug‘larining hayotiga oid kitoblarni ko‘p o‘qiyapman.

Bugungi faoliyatimizni kitobsiz tasavvur ham qilolmaymiz. Nimaiki o‘rgangan bo‘lsak, nimaiki asqatayotgan bo‘lsa, albatta, kitoblardan o‘qilgan ma’lumotlar foydaliligining hisobiga bo‘lmoqda.

 

Shahribonu RAHMATOVA suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.