O‘zimizning bolakay
Mashhur insonlar avlodi bo‘lish oson emas, albatta. Buning o‘ziga yarasha mas’uliyati va yuki bor. Bekzod o‘zbek teatr va kino san’ati darg‘alaridan biri (“O‘tgan kunlar” filmidagi Hasanalini eslang) Hamidulla Narimonovning evarasi. O‘g‘lining bobosidek mashhur san’atkor bo‘lishini orzu qilgan Lola opa Bekzodni uch yoshida O‘zbek milliy akademik drama teatriga olib keldi. Taniqli rejissor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Mahmudovaga Bekzodning qiyofasidagi o‘ziga xoslik ma’qul bo‘ldi, shekilli, uni “Yuragingda yashayman” nomli filmidagi tengdoshi Dilbek roli uchun kastingga taklif qildi. Kastingda rejissor va aktyorlarga ma’qul bo‘lgan Bekzodning san’at olamiga ilk qadami shundan boshlandi.
U besh yoshida teatr sahnasiga chiqdi. Unga O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida yangi yil bayramiga bolajonlar uchun Nodira opa sahnalashtirgan “Qorboboni qutqaring” spektaklida Yangi yil rolini topshirishdi. Kutilmaganda, tomoshaning ilk ijrosida Bekzodning xotirasidan o‘chmaydigan voqea sodir bo‘ldi. O‘rmon shohi (O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov) Yangi yil (Bekzod)ni ko‘tarib, tomoshabinlar oralab sahnaga olib chiqishi kerak edi. Shu choq Bekzod odamlar orasida o‘tirgan dadasini ko‘rib qoldi-yu, dadamga boraman, deb yig‘lab shohning qo‘lidan tushib qochdi. Shoh, Yangi yilni yo‘qotib qo‘ydim deb vaziyatdan chiqdi-da, bolani dadasining qo‘lidan arang tortib oldi. Tomosha tugagach, rejissor va aktyorlar unga tanbeh berishdi. Hatto spektakldan chetlashtirib, o‘rniga boshqa bolani olmoqchi ham bo‘lishdi. Biroq bu holatni tushungan Yoqub aka uning yonini oldi. Bekzod boshqa bunday qilmayman, deb hammadan uzr so‘radi. Shundan so‘ng u o‘z rolida qoldi. Yoqub aka: “Bo‘ldi, hamma o‘z joyiga! Diqqat, sahnada o‘zimizning bolakay – Bekzodbek Yangi yil qiyofasida...” deb ko‘tarinki kayfiyatda aktyorlarni sahnaga boshlaydigan bo‘ldi.
Bekzod 1-sinfda o‘qiyotganida “Marvarid” bolalar guruhiga qatnay boshladi. Bu yerda u xonanda va aktyor sifatida o‘zini sinab ko‘rdi. Akademik teatr sahnasida “Ko‘ngil”, “Qor malikasi” kabi bir qancha spektakllarda qatnashibgina qolmay, har yili qishki ta’til kunlarida bolalarga namoyish etiladigan tomoshalarda turli rollar ijro eta boshladi. Yetti yoshida “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivali laureati, 2015–2017-yillarda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivallari laureati bo‘ldi. Yana bir gap, u yetti yoshidan o‘n ikki yoshigacha – besh yil mobaynida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Toshkent” telekanalining “Toshkent vaqti” teledasturidagi “Shirintoy” sahifasiga boshlovchilik qildi. Rang-barang reklama roliklaridagi chiqishlari, ayniqsa, “Kango” saqichi reklamasi orqali bolalar orasida tanildi. So‘ng birin-ketin “Oqibat” filmida Murodjon, “Men yolg‘onchiman”da Bekzod, “Jiyda gulim”da Doniyor, “Opa-singillar” teleserialida Bekzod singari rollari bilan elimiz nazariga tushdi. Darvoqe, Bekzod “Zumrasha” bolalar hajviy-kinojurnalining ham taniqli faol aktyori sanaladi.
Yosh aktyor Bekzod Narimonov Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 281-maktabning 7-sinfida o‘qiydi. Biz uning kelgusida bobosi Hamidulla Narimonov singari xalqimiz ardog‘idagi yetuk san’atkor bo‘lishini orzu qilamiz. Bu yo‘lda uning o‘qish va ishlariga omad, deb qolamiz.
“Gulxan” mushtariylari uchun
Bekmurod tayyorladi