Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Pari momom

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi va YUNISEF hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorlikda 2008-yil 15-oktabr kunini “Xalqaro toza qo‘llar kuni” – “Global Handwashing Day” deb e’lon qildi. Chunki notoza qo‘llar va tirnoqlar turli kasalliklar ichburug‘ (dizenteriya), gepatit (sariq), gijjalar, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), ko‘z kasalliklari, pnevmoniya (zotiljam)ning yuqishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, go‘daklar va yosh bolalarning immuniteti yaxshi shakllanmaganligi hamda kattalar yoki shifokorlar (doya, hamshira)ning tozalikka bee’tiborligi uchun mittivoylar eng ko‘p kasallikka chalinishi mumkin ekan.

An’anaviy tarzda mana bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan bu kunning o‘zgarmas shiori “Toza qo‘llar hayotni asraydi” deya nomlanadi. Ha, haqiqatdan ham bu shior har bir insonning bolalikdan shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishga chorlaydi. Ayniqsa, hojatxonaga kirib-chiqqach, ovqatlanishdan oldin va jamoat transportida yurganingizdan so‘ng, eshik tutqichlarini ushlagach, albatta, qo‘llaringizni sovunlab yuving.

Bolaligimda Ochilxon momom doimo qo‘llarimiz yuvilgani va tirnorqlarimizning kalta olinganini qat’iy nazorat qilar edi. Chunki serfarzand oilada ulg‘ayayotgan biz bolalar momomning hamisha “Qo‘llaring yuvilganmi?” degan savolidan zada bo‘lib cho‘chib turardik. Sababi, har gal ovqatlanishdan oldin bu savol takrorlanardi. Kun davomida bu so‘zni bir necha bor eshitgan bo‘lsada, qo‘lini chala yuvgan yoki yuvishni esdan chiqargan uka yoki singlimga “jazo usuli” qo‘llanardi. Aka-opalari “quloqsiz bola”ni majburlab qo‘lini qayta-qayta yuvar edi.

Momom hamisha ozoda kiyinib yurar, hech qachon tirnoq o‘stirmasdi. Shuningdek buvijonimga oppoq doka lachak va ipak ro‘mol juda yarashar edi. Shu kiyimda Ochilxon momom ertakdagi ezgulik ulashuvchi Pari momoga o‘xshab ketardi.

Agar birorta dugonam tozalikka anchayin beparvo bo‘lsa buvijonim “undan uzoqroq yur”, der edi. Ayniqsa, hech kim bilan kiyim (bosh kiyim) almashtirma deya uqtirardi. O‘quvchilik yillarimda mahalladagi o‘g‘il-qizlar bilan kechga tomon “bekinmachoq” o‘ynab, bir-birimizning bosh kiyimimizni almashtirar edik. Shunday qilsak, bizni qidirayotgan guruhdagi raqiblarimizning topishi qiyin kechib, g‘oliblikni qo‘lga kiritardik. Ammo bu “ro‘mol almashtirish operatsiyasi” menga qimmatga tushgan. Doimo momomning qattiqqo‘lligi tufayli yuvib, parvarishlangan uzun va ko‘rkam sochlarimga “ma’lum va mashhur hasharotlar” ilashib, tezda nasl qoldirishga ham ulguribdi. O‘shanda men 4-sinfda o‘qir edim. Momojonimning gaplariga quloq solmaganimga afsus qildim. Sababi agar boshimning tozaligiga yana e’tibor bermasam sochlarim tag-tugi bilan qirib tashlanishi haqida ogohlantirildim. Sochlarimni momom hunarmand usta yasagan bir tomoni mayda tishli yog‘och taroqda tarab, boshimni zo‘rg‘a tozalab olgandi.

Oilamizda har kimning o‘z tarog‘i bo‘lardi. Momom albatta taroqlarimizni alohida-alohida oq chit ro‘molga o‘rab qo‘yardi. Taralganda to‘kilgan sochlarni yig‘ib mevali daraxt tagiga ko‘mar edik. Tirnoqlar ham daraxt tagiga ko‘milardi. Ularni hech qachon axlatga qo‘shib tashlamaganmiz yoki xazon kabi yoqmaganmiz. Chunki, odamning jismidan ajralib chiqqan har qanday narsa nopok joyga tushsa insonga ziyon yetadi, der edi donishmand momom.

Momojonimning bolalikdan qulog‘imga singib qolgan qozon-tovoq, tandir-o‘choq va albatta, dasturxon atrofida bosh yalang o‘tirmaslik haqidagi pand-u nasihatlarini bot-bot eslayman.

– Tandir-o‘choq yoki qozon atrofida bosh yalang yurish bexosiyat bo‘ladi, ovqat yoki xamirga soch tushishi mumkin. Ehtiyot bo‘l, Dilorom men keksa odam bo‘lsam, ko‘cha va hovli supurasan, uy tozalaysan, tirnoqlaringni doim olib yur. Luqmam nopok bo‘lmasin, deya onamga ham nasihat qilar edi.

Hatto, uyda ham momom bizga aslo bir-birimizning oyoq kiyimimizni almashtirib kiyishga ruxsat bermasdi. O‘zining kalishi ham eshik orqasida turardi. Birortamiz “yurak yutib” buvijonimning kalishini kiyganimizni eslay olmayman. “Chunki har kimning mijozi har turli bo‘ladi. Birovning oyog‘i, birovning esa qo‘li terlaydi. Terlash esa odamdan-odamga yuqadi,” derdilar. 8-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda ilk bora soch yuvish uchun shampun ishlatganman. Bu voqea o‘tgan asrning 80-yillarida bo‘lib o‘tgan. Ungacha momom sochlarimga yog‘siz qatiq, tuxum yoki xina surtib atir sovun bilan yuvdirar edi.

Bolaligimda momom qo‘l va oyoqlarimga xinani chopib, achchiqtosh aralashtirib bog‘lab qo‘yardi. Bu ham oyoq va qo‘llarning terlashini oldini olib, tirnoqlarni sog‘lom o‘stirar ekan.

Darvoqe, shifokorlar fikriga ko‘ra, eng ko‘p bakteriyalar pulda uchrar ekan. Shu sababli pul sanasangiz, albatta, qo‘lingizni sovunlab yuving. Uni sanayotib barmoqni og‘izga tiqib, namlash eng xatarli odat.

“Xalqaro toza qo‘llar kuni” munosabati bilan momojonimni eslab “Qari bilganni pari bilmas”ligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

 

Gulchehra SHIRINOVA

 

Lachak – Buxoro viloyati va Xorazmning ayrim hududlarida kayvonilar o‘raydigan dokadan tikilgan, bosh va ko‘krak sohasini o‘rab turadigan maxsus bosh kiyim. Uning ustidan yana boshga ro‘mol ham o‘raladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.