Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Parvoz qilgan orzular

“Ibrat farzandlari” loyihasi asoschisi Rustam Qoriyev bilan suhbat

 

SHARTNING MAQSADGA AYLANISHI

Men yoshligimdan ingliz tilini o‘rganib, chet elda o‘qish va dunyo ko‘rishni juda orzu qilardim, lekin xohish bilan ish bitmas ekan. Bir qancha to‘siqlar va moliyaviy qiyinchiliklar sabab turli muammolarga duch keldim. Shunda o‘qituvchimga:  “Hozircha bepul o‘qib tursam maylimi, kelgusida katta odam bo‘laman va barchasini sizga qaytaraman”,  deganman. Ustozim: “Faqat bitta shart bilan roziman. Kelajakda o‘zing kabi bolalarga til o‘rgatasan”, deb aytganlar.

Mana shu voqea hayotda o‘z oldimga katta maqsad qo‘yishimga turtki bo‘lgan. Endilikda o‘zim kabi  qiyinchilikka uchragan, ammo xorijiy til o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘lgan minglab  yoshlarga bilim, til o‘rgatish oliy maqsadimga aylandi. Buni  “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali amalga oshirish imkoni paydo bo‘ldi.

QARSHILIKLARGA QARAMAY

6-sinfda o‘qiyotganimda televizor orqali Xalqaro universitet talabalarining ingliz tilida biyron so‘zlashayotganlarini ko‘rib havasim kelardi. Ularning dunyoqarashi, o‘zaro muloqoti til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishimni uyg‘otgan. Shundan so‘ng o‘z maqsadimni uydagilarga aytganimda ko‘p qarshi fikrlar eshitganman. Universitetga kirish uchun muntazam  o‘qish kerakligi, kontrakt puli, qo‘shimcha tayyorgarliklar zarurligini aytib, meni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lishgan. Chunki bizning oilaviy biznesimiz bo‘lib, meni shu sohani davom ettiradi,  deb o‘ylashgan. Qarshiliklarga qaramay o‘zim uchun harakat qilishni boshladim va o‘quv kurslariga yozilib, maqsadim sari ilk qadamni qo‘ydim. Kichik bir xona o‘rtasida isitgich, bitta doska va bo‘r. O‘qituvchim menga darsni tushuntirguncha  bo‘r kukunga aylanardi. Ichimdagi xohish kuchli, maqsad esa aniq bo‘lgani sabab darslar menga shunaqangi zavq berardi.

TAVAKKAL QILISHDAN QOʻRQMANG

Hayotimda hamma narsa tavakkalga qurilgan. Bolalik davrimda qo‘rquv nimaligini bilmasdim. Tavakkal qilib, Malayziyaga o‘qishga topshirdim. Qanday ketish, mablag‘ni qayerdan topish, qayerda yashash, shartnoma pulini qanday to‘lash haqida o‘ylasam-da, qo‘rquvni his qilmasdim.  O‘qishga kirdim, moliyaviy tomondan onam menga ko‘mak berdilar va ilk bor o‘zga yurtga jo‘nab ketdim. Bu davr ham menga ko‘p hayotiy darslar bergan. Shu sababli yoshlarni tavakkal qilishdan qo‘rmaslikka undayman. Yutqizsangiz-da, hech qachon taslim bo‘lishni o‘ylamang. Maqsadingiz oliy va yuqori bo‘lsa, tavakkal qilishdan qo‘rqmasligingiz kerak.

MUAMMOLAR YECHIMI

O‘quvchilar til o‘rganish jarayonida tushunish, gapirish, muloqot qilishda muammolarga duch kelishini aytishadi. Men ularga:  “Tasavvur qiling, siz  Angliyada yoki chet davlatdasiz. U yerda ona tilingizda muloqot qila olmaysiz. Shu vaziyatda qanday yo‘l tutar  edingiz?”, deganimning o‘zida nima qilishni tushunishadi.

Aslida shunday haqiqat bor: Bog‘chaga borgan paytimda u yerdagi jarayon qiyin deb o‘ylardim. Keyin maktabga chiqib, buni aksi ekanligini bildim. Maktabda imtihonlar, oraliq nazoratlar, har kungi davomat qiyin tuyulardi. Litseyga kirib, maktab osonligini bildim. Shu tarzda har bir bosqichdan o‘tayotgan davringizda qiyinchilik bo‘ladi, buni yenga olsangiz, qanchalik osonligini bilasiz va o‘zingiz uchun motivatsiya olasiz.

TIL BILISH ORQALI BIR ODAMNING HAYOTINI SQLAB QOLDIM

Dubay shahrida bo‘lganimda men ishlayotgan mehmonxonada bir rus millatiga mansub yigitning tobi qochib qoldi. Lekin u ingliz tilini bilmasdi, shifokorlar  esa rus tilini. Shunda men ularga tarjimonlik qildim. Yigitga nima bo‘lganini va shifokorning unga aytgan tavsiyalarini  tushuntirib berdim. Va  amin bo‘ldimki, men shuncha yil til o‘rganib, zahmat chekkanlarim zoya ketmabdi. Men chin ma’noda bir odamning hayotini saqlab qola oldim.

NIMA UCHUN “IBRAT FARZANDLARI”?

Sho‘ro davrida yashab o‘tgan Is’hoqxon Ibrat o‘ndan ortiq xorijiy tillarni bilgan va ularni odamlarga bepul o‘rgatgan. Biz ham ularning davomchilari bo‘lish istagida bu loyihani amalga oshirdik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2022-yil noyabr oyida tashkil qilingan “Ibrat farzandlari” loyihasi hozirgi kunda yoshlarning bepul til o‘rganishi uchun ajoyib imkoniyatdir.

LOYIHANING ASOSIY MAQSADI

Yagona va oliy maqsadimiz – insonlarga xorijiy tillarni bepul, sodda, tizimli va kreativ usulda o‘rgatish. Loyihada turli chet tillarini o‘rganish istagidagi yoshlar qisqa muddatda o‘zlari uchun qulay bo‘lgan manzildan turib til o‘rganishlari mumkin. “Ibrat farzandlari” loyihasi O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib xorijliklar uchun o‘zbek tili va grammatikasini o‘rgatishni yo‘lga qo‘ygan.  Bu loyiha ishtirokchilarga IELTS dan 6-7 yoki TOEFL dan yuqori ball olasan, grantlar yutasan deb va’da bermaydi. Faqatgina erishmoqchi bo‘lgan darajasiga yetishishga yordam beradi.

U SIZGA NIMA BERADI?

Bugungi kunda loyiha doirasida 22 ta xorijiy til, o‘zbek tili, savodxonlik darslari, surdo tili (imo-ishora tili) o‘rgatib kelinmoqda. “Ibrat farzandlari” loyihasi qisqa vaqt ichida YouTube platformasi sahifasida 588 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘ldi. Mazkur platformaga 2500dan ortiq videolar joylangan bo‘lib, ular 32,5 million marta tomosha qilingan. Xorijiy tillarni o‘rganishni yanada takomillashtirish maqsadida “Ibrat Academy” mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda foydalanuvchilar mazkur tillarni o‘rganishi, lug‘at yodlashi va testlarni yechish orqali bilimlarini mustahkamlab borishi mumkin. “Ibrat Academy” mobil ilovasida esa 1 million 400 mingga yaqin kishi til o‘rganmoqda. Ulardan 100 mingga yaqini til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.

 Siz “Ibrat Academy” ilovasini yuklab ro‘yxatdan o‘tib, istagan tilingizni tanlaysiz. Ilova dastlab til darajangizni tekshiradi va videodarsliklar orqali mavzularni ketma-ketlik bilan o‘rganib borasiz. Tekshirish, muloqot qilish, fikr-mulohaza va tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘lasiz.  Dastur sizga so‘zlashish va yozish ko‘nikmalaringizni keyingi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

Bizda “Ibrat Camp” loyihasi ham bor bo‘lib, u orqali siz malakali ustozlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, “networking” imkoniyatiga ega bo‘lasiz.  Xorijda nufuzli universitetlarda o‘qishga kirishning barcha yo‘l-yo‘riqlari bilan tanishasiz. U yerda yuzaga keladigan muammolar, anketa to‘ldirish, joylashish, yashash kabi savollarga javob olasiz.

 

Qadrli jurnalxon!

Sizga “Ibrat farzandlari”  asoschisi Rustam Qoriyevning loyiha haqidagi fikrlari va  tavsiyalarini havola qildik. O‘ylaymizki, til o‘rganishingizda ushbu loyiha sizga beminnat yordam beradi.

 

Hilola ABDURASULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.